Rossiya TIV rasmiy vakili Mariya Zaxarovaga "Milliy tiklanish" demokratik partiyasi vakilidan javob

22:43 16 May 2020 Siyosat
763 0

Joriy yilning 24-aprelida Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi Kodeksning 42-moddasining ikkinchi qismini “Davlat organlari va tashkilotlarida ish yuritishda davlat tili haqidagi qonun hujjatlari talablariga rioya etmaslik uchun mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining ikki baravaridan besh baravarigacha miqdorda (446 mingdan 1 115 million soʻmgacha) jarima solishga sabab boʻladi”, deb toʻldirish taklif etildi.

14-may kuni boʻlib oʻtgan brifingda Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarova Oʻzbekistonda yuqorida qayd etilgan qonun loyihasini sharhladi.

Bu Rossiya Tashqi ishlar vazirligining oddiy izohi emas, balki Kremlning ushbu masala boʻyicha aniq pozitsiyasini esga olish uchun Moskvadan Oʻzbekiston rahbariyatiga toʻgʻridan-toʻgʻri signal. Mariya Zaxarova shunday deydi: “Biroq yaqinda Oʻzbekiston Adliya vazirligi tomonidan davlat tili – oʻzbek tilida ish yuritmaydigan mansabdor shaxslarni jarimaga tortish tizimini nazarda tutuvchi qonun loyihasi haqida maʼlumot paydo boʻldi. Shunday qilib savol tugʻiladi, agar qonun qabul qilinsa, amaldorlar rus tilidan rasmiy ravishda foydalanganliklari uchun jarimaga tortiladi”.

Agar ushbu qonun loyihasi maʼqullansa, Oʻzbekistonning amaldorlari va davlat xizmatchilari nafaqat rus tilini, balki boshqa har qanday chet tilini ham ishlatganliklari uchun jarimaga tortiladilar. Taklif etilayotgan qonun loyihasida rus tili umuman eslatib oʻtilmagan va bu yerda baʼzi odamlar yoki muassasalar diqqatimizni asosiy narsadan koʻra, koʻproq ahamiyatsiz, ikkinchi darajali narsalarga tortmoqda. Axir, ushbu qonun loyihasi milliy ozchilikni tashkil etuvchi fuqarolarimizning tillarini buzish uchun emas, balki davlat tilini rasmiy darajasini mustahkamlashga qaratilgan.

Nega amerikaliklar yoki xitoyliklar Oʻzbekistonning davlat idoralari tegishli ravishda ingliz va xitoy yozuvlarini yuritmayotganidan norozi boʻlmayaptilar? Yoki rasmiy Dushanbe nima uchun sukut saqlamoqda, chunki Oʻzbekistonda ruslardan koʻra koʻproq tojiklar bor? Bu yerda geosiyosiy motiv aniq.

“Biz ushbu qonun loyihasi borasida ommaviy axborot vositalarida fikrlarga eʼtibor qaratdik. Shunday tasavvur uygʻonadiki, uning tarafdorlari aniq ozchilikni tashkil etadi. Izohlarning koʻpi rasmiy tilda rus tilining saqlanib qolishi bu tarix, vaqt va ikki tomonlama munosabatlarning sifatiga toʻliq mos kelishini koʻrsatmoqda. Eng muhimi, koʻpincha Rossiyada oʻqish va ishlashni afzal koʻradigan Oʻzbekiston fuqarolarining oʻzlari manfaati uchun ”

Shu yerda savol tugʻiladi: 34 million aholining pozitsiyasi va umumiy fikri haqida ijtimoiy tarmoqlardagi bor yoʻgʻi mingga yaqin izohlarni muhokama qilish qanchalik toʻgʻri, ularning yarmi trolling samarasi boʻlsa?

Mehnat muhojirlaridan nafaqat rus tilini, balki Rossiya tarixini, shuningdek, davlat tilida yozuvlar qayd etilishini ham bilishini talab qiladigan mazkur pozitsiya juda qiziq.

Oʻzbekiston hali oʻzbek tilini, ayniqsa, Oʻzbekiston tarixini bilishni talab qilmaydi va shu nuqtayi nazardan, yozuvlarni davlat tilida yuritish huquqiga egami?

“Shuni taʼkidlashni istardimki, Oʻzbekiston tomon tashabbusi va murojaatlariga muvofiq, Oʻzbekistonda rus tilini oʻrgatishning toʻlaqonli dasturini yaratish boʻyicha faol hamkorlik amalga oshirilmoqda. Darvoqe soʻz, rus tilidagi oʻquv va oʻquv metodik,badiiy adabiyotlari sonini koʻpaytirish, qoʻshimcha rus tili oʻquv markazlarini ochish, markazlarga mutaxassislarni yoʻnaltirish, oʻqituvchilarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, Rossiya oliy taʼlim tizimida oʻzbekistonlik talabalar uchun rus filologiyasi mutaxassisligi boʻyicha byudjet va kvotalarni oshirish va hokazolar haqida boradi”.

“Rossiya vakillarining 2019-2020-yillarda Oʻzbekistonga tashriflari chogʻida Oʻzbekiston tomonining rus tilini oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirish, uning qoʻllanilishi, shu jumladan, milliy iqtisodiyotining raqobatbardoshligini oshirish, mamlakatda taʼlimning mintaqaviy markazini yaratish istagi haqida aytilgan edi”.

Mariya Zaxarovaning bu fikrlari Moskvani ham, Oʻzbekistonning rus tilida soʻzlashuvchi aholisini ham qoʻrquv va xavotir uchun asos yoʻqligiga ishontirmoqda. Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining rasmiy vakili Mariya Zaxarovaning soʻzlariga koʻra, “Oʻzbekistonning tashabbusi bilan Oʻzbekistonda rus tilini toʻlaqonli oʻqitish dasturini yaratish boʻyicha faol hamkorlik ishlari olib borilmoqda”.

Bu fikrlar ochiq va oshkora tarzda, mamlakatda rus tilini rivojlantirish tashabbusi Oʻzbekistonning oʻzidan chiqayotganini, uni chetga surmayotganligini anglatadi. Rossiya oliy taʼlim muassasalarining Oʻzbekistondagi filiallari soni oʻntaga yetdi. Birgina 2019-yilda Rossiya oliy taʼlim muassasalarining oltita filiali tashkil etildi.

Koʻrinib turibdiki, soʻzlar va raqamlar oʻzlari uchun soʻzlaydi.

Firuza Muxamedjanova,

Oʻzbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisining oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?