Rossiya sogʻliqni saqlash vazirligi delegatsiyasi Oʻzbekistonga keldi

10:21 06 Mart 2019 Jamiyat
293 0

Bugungi kunda Oʻzbekiston va Rossiya koʻplab sohalar, shu jumladan, tibbiyot va taʼlimni rivojlantirish, sogʻliqni saqlash sohasida istiqbolli, yangi loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda faol hamkorlik qilib kelmoqda. Bu haqda Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabar berdi.

Qayd etish joizki, har ikki davlat rahbarlarining saʼy-harakatlari tufayli oʻzaro munosabatlar rivojining yangi davri boshlandi. Jumladan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Rossiya Federatsiyasi Prezidenti Vladimir Putinning taklifiga binoan 2017 yilning aprelida Rossiyaga davlat tashrifi bilan boʻlib, koʻplab sohalar qatori, tibbiyot yoʻnalishida oʻzaro aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga ham alohida eʼtibor qaratdilar. Ushbu tarixiy tashrifning mantiqiy davomi hamda Oʻzbekiston bilan Rossiya oʻrtasidagi strategik sheriklikni yangi bosqichga koʻtargan yana bir jarayon – 2018 yil oktyabr oyida Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Vladimir Putin mamlakatimizga davlat tashrifi bilan keldi. Tashrif chogʻida turli sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish boʻyicha muhim hujjatlar toʻplami hamda davlat rahbarlari oʻrtasida Qoʻshma bayonot imzolandi. Unda vazirlik, idora va tashkilotlar oʻrtasida hamkorlikni yanada chuqurlashtirish boʻyicha aniq vazifalar belgilab olingan edi.

Aytish mumkinki, Rossiya Federatsiyasi Sogʻliqni saqlash vaziri V. Skvorsova boshchiligidagi nufuzli delegatsiyaning mamlakatimizga tashrifi sogʻliqni saqlashni rivojlantirish sohasidagi ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yoʻlidagi saʼy-harakatlarning mantiqiy davomidir.

Tashrif doirasida delegatsiyaning Oʻzbekiston Sogʻliqni saqlash vaziri A. Shadmanov bilan uchrashuvi boʻlib oʻtadi. Unda sogʻliqni saqlash va tibbiy taʼlim sohasida qoʻshma loyihalarni amalga oshirish rejalari muhokama qilinadi. Bundan tashqari, tomonlar birgalikda qoʻshma fakultetlarni tashkil etish, bakalavr, magistr va klinik ordinaturadagi taʼlim dasturlarini takomillashtirish kabi qator masalalarga ham eʼtibor qaratiladi.

Delegatsiya aʼzolari, shuningdek, respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari, xususiy klinikalar, birlamchi tibbiy yordam muassasalari hamda tibbiyot oliy oʻquv yurtlariga tashrif buyurib, Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasidagi islohotlar bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega boʻlishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?