Samara va Orenburgdan vatandoshlarimizni poyezdlar orqali qaytarish boshlandi

08:46 07 Avgust 2020 Jamiyat
266 0

Kecha, 6-avgust kuni Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarini Rossiya – Qozogʻiston davlat chegarasidan oʻtkazish masalasi boʻyicha Respublika maxsus komissiyasi hamda Rossiya va Qozogʻiston tomoni bilan kelishuvga binoan, Oʻzbekiston fuqarolarini yoʻlovchi poyezdlari orqali olib kelish jarayoni boshlandi. Bu haqda Transport vazirligi xabar bermoqda.

Toshkent – Buzuluk – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd 918 nafar yoʻlovchi bilan bugun tunda Oʻzbekiston tomon yoʻlga chiqadi. Toshkent – Kinel – Toshkent yoʻnalishidagi poyezd esa 7-avgust kuni 918 nafar yoʻlovchilar bilan tushdan soʻng Vatanimiz tomon harakatlanishni boshlaydi. Ushbu reys chiptalari faqat Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolari uchun Buzuluk va Kinel vokzallarida sotildi. Buzuluk - Toshkent yoʻnalishidagi chiptalar narxi 1 287 000 soʻm (9. 259 rubl), Kinel - Toshkent – 1 357 000 soʻm (9. 761 rubl)ni tashkil topdi. Yoʻl davomida yoʻlovchi poyezdlar faqat texnik koʻrik uchun toʻxtatiladi, yaʼni stansiya-vokzallarda yoʻlovchilarning platformaga tushishiga ruxsat etilmaydi.

Poyezdlar Oʻzbekiston Milliy gvardiyasi, Ichki ishlar vazirligi va Sogʻliqni saqlash vazirligi xodimlari kuzatuvi ostida olib kelinadi.

DIQQAT! Ushbu reyslarda olib kelingan yoʻlovchilar poyezdlardan tushishi bilanoq Namangan va Toshkent viloyatlarining karantin zonalariga yuboriladi. Aynan shu jihatni inobatga olgan holda yoʻlovchilarning qarindosh va yaqinlari ularni kutib olish maqsadida vokzalga tashrif buyurmasliklarini soʻrab qolamiz.

Eslatib oʻtamiz, koʻrilayotgan karantin choralari sababli, MDHning qator davlatlarida mamlakatga kirish-chiqishga cheklovlar Oʻzbekistonda ham joriy etilgan va ular Oʻzbekiston Respublikasi maxsus komissiyasining tegishli qarori bilan bekor qilinmagunicha amaldagi kuchga ega.

Shu oʻrinda, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida mazkur yoʻnalishda tashkil etilgan poyezdlarga chiptalar turli xil korrupsion sxemalar orqali sotilish holatlari kuzatilayotgani toʻgʻrisida asossiz xabarlar tarqalmoqda. Transport vazirligi yoʻlovchilardan bordiyu, chiptalarni xarid qilish vaqtida noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilishi bilan bogʻliq vaziyatlarga duch kelgan taqdirda vazirlikning 1167 qisqa raqamli ishonch telefoniga, shuningdek, “Oʻzbekiston temir yoʻllari” AJ (71) 299-94-50 ishonch telefoniga murojaat etishlarini soʻrab qolamiz, deyiladi xabarda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?