Rossiya Oʻzbekiston uchun yadro texnologiyalari sohasida kadrlar tayyorlashni boshladi

15:08 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
109 0
Foto: Atomic-energy.ru

Oʻzbekistonlik bir guruh talabalar Rossiyaning yadro tadqiqotlari milliy universiteti(MIFI) bazasida bakalavriat hamda magistratura dasturlari boʻyicha “Yadro fizikasi va texnologiyalari” yoʻnalishida taʼlim olishni boshladi.

“Rosatom” matbuot xizmati xabariga koʻra, bu borada nomzodlarni tanlab olish boʻyicha ikki bosqichli tanlov Fanlar akademiyasi vakillari tomonidan shu yil mart oyida boʻlib oʻtgandi. Unda ishtirok etish uchun respublikaning barcha hududlaridan 326 ta ariza kelib tushdi. Birinchi turda bakalavriat dasturi boʻyicha nomzodlar fizika, matematika va rus tilidan yozma, magistraturaga kirmoqchi boʻlganlar esa ogʻzaki imtihon topshirdi. Sinovlar Andijon, Nukus, Samarqand va Toshkent shaharlarida tashkil etildi.

Final bosqichi uchun 81 nomzod saralab olindi. Soʻnggi bosqich Oʻzbekiston Milliy universitetida boʻlib oʻtdi. Unda 12 nafar bakalavriat, 3 nafar magistratura bosqichi uchun talabgor nomi aniqlandi.

Manbada qayd etilishicha, MIFIda taʼlim olish davrida oʻzbekistonlik talabalar uchun Rossiya atom sanoati obyektlarida amaliyot oʻtash imkoniyati ham beriladi.

“Oʻzbekistonda atom sohasini yaratish va rivojlantirish uchun yuqori malakali mutaxassislar talab etiladi. “Rosatom” davlat korporatsiyasi boʻlajak AESda ishlash uchun mahalliy kadrlarni tayyorlashni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaydi. Talabalar Rossiyadagi yetakchi, dunyodagi eng yaxshilaridan biri deya hisoblanadigan OTMda tahsil oladi. Buni koʻplab mustaqil xalqaro tadqiqotlar boʻyicha MIFIga berilgan yuqori reytinglar ham tasdiqlab turibdi. MIFIdan oʻqishni tugatgan oʻzbekistonlik talabalar yadro texnologiyalari sohasidagi yetuk malakali, talab yuqori boʻlgan mutaxassislar sifatida oʻz yurtiga qaytishadi”, - deya qayd etib oʻtdi abituriyentlarni oʻqishga kirishi boʻyicha Fanlar akademiyasidan muvofiqlashtiruvchi, Rossiya hamkorligining Toshkentdagi vakolatxonasi komissiyasi aʼzosi, professor Mixail Kremkov.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?