Rossiya kompaniyasi Surxondaryoda ekologik toza sabzavot yetishtirish boʻyicha 453 million dollarlik uchta investitsion loyihani amalga oshiradi

17:53 02 Mart 2020 Iqtisodiyot
754 0

Joriy yilning 24-28-fevral kunlari Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya Rossiyaning Novosibirsk viloyatida boʻlib qaytdi.

Maʼlumki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasidagi doʻstlik, strategik sheriklik munosabatlari izchil rivojlanib, oʻzaro manfaatli hamkorlik koʻlami tobora kengaymoqda. Ushbu hamkorlikni yana-da faollashtirish maqsadida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mamlakatimiz hududlarining Rossiya federativ respublikasi viloyatlari bilan toʻgʻridan-toʻgʻri mustahkam aloqalarini kengaytirishga kirishilgan.

Birgina Surxondaryo viloyati hamda Rossiyaning turli mintaqalari oʻrtasida hududlararo ijtimoiy-iqtisodiy aloqalar kengayib, investitsion loyihalarni amalga oshirish va meva-sabzavot mahsulotlarini eksport qilish boʻyicha qator istiqbolli loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, oʻtgan yilda surxondaryolik tadbirkorlarning Rossiya Federatsiyasi bilan tashqi savdo aylanmasi 57,2 million dollarni tashkil etdi. Rossiyaning mintaqaviy korxonalari tomonidan 11,8 million dollarlik 22,2 ming tonna meva-sabzavot, 6 million dollarlik kkalava ip va matolardan iborat toʻqimachilik mahsulotlari, jami 19,1 million dollarga teng mahsulotlar eksport qilindi. Shuningdek, ular tomonidan 38,1 million dollar miqdoridagi mahsulotlar, xususan, 13 million dollarlik qurilish materiallari va uy-roʻzgʻor buyumlari, 12,7 million dollarlik kimyoviy va farmatsevtika mahsulotlari, 6 million dollar mashina va uskunalar hamda 2,5 million dollar miqdoridagi oziq-ovqat mahsulotlari import qilindi.

Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Novosibirsk viloyati hamda Moskva shahriga bu galgi tashrifi ham juda samarali uchrashuvlarga boy boʻldi. Ikki tomon tadbirkor va ishbilarmonlari oʻrtasida faol sheriklik uchun yana-da qulay sharoit yaratish, hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni yangi bosqichga koʻtarishga erishildi.

Ushbu delegatsiya tarkibida viloyati hokimi oʻrinbosari Anvar Oripov, Jarqoʻrgʻon tumani hokimi Ziyodulla Davlatov, Denov tumani hokimi Baxtiyor Ibatov, Sherobod tumani hokimi oʻrinbosari Sodiq Jumayev hamda 8 nafar voha tadbirkorning ishtiroki amaliy muloqotlar va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga imkon berdi. Delegatsiya aʼzolari dastlab, Novosibirsk viloyati gubernatori Andrey Travnikov boshchiligidagi rasmiy doira, ishbilarmonlar bilan uchrashishdi. Sheriklikda amalga oshirilishi mumkin boʻlgan savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilganidek, 2018-yilda Surxondaryo Novosibirsk viloyatlari oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasi doirasida hozirga qadar muayyan natijalar qoʻlga kiritilmoqda. Jumladan, birgina oʻtgan yilda Novosibirsk vilotiyatining Oʻzbekiston Respublikasi bilan tovar ayirboshlash hajmi 88,9 million, eksport 60,7 million, import 28,2 million AQSH dollarini tashkil etgan.

Novosibirsk viloyatidan mamlakatimizga neft, organik kimyoviy birikmalar, plastmassa, yogʻoch, qora metall prokatlari, rangli metall va farmatsevtika mahsulotlari, elektr generator va uning ehtiyot qismlari keltirilgan.

Oʻzbekistondan mazkur viloyatga trikotaj va kiyim-kechaklar,gilam mahsulotlari, paxta, kimyoviy tovarlar, meva-sabzavotlar, ziravor va konserva mahsulotlari eksport qilingan.

Surxondaryo viloyati delegatsiyasi Rossiyaning Novosibirsk viloyatidagi “Vektor-BiAlgam” aksiyadorlik jamiyatida boʻlishib, korxona faoliyati bilan yaqindan tanishdi. Kompaniya vaksinalar, immunobiologik pribiotiklar ishlab chiqarish va yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan boʻlib, 1996-yilda Novosibirsk viloyatining Kolsovo shahridagi biofarmatsevtik texnologiyalar innovatsion klasteri boʻlgan virusologiya va biotexnologiya davlat ilmiy markazi asosida tashkil etilgan.

“Vektor-BiAlgam” farmatsevtik immunobiologik mahsulotlar sohasida yetakchi korxonalardan biri boʻlib, A gepatitiga qarshi vaksinalarni ishlab chiqaradi. Kompaniyaning ikkinchi asosiy faoliyati — bu probiotik preparatlar va mahsulotlar ishlab chiqarishdir. Mikrobiologik va biotexnologik sohalardagi innovatsion salohiyat va tajriba, shuningdek, dunyoning farmatsevtika biznesidagi yetakchi kompaniyalari bilan faol hamkorlik korxonaga ilgʻor ishlanmalar, texnologiyalar va retseptlar yaratishga imkon beradi.

Kompaniya faoliyati bilan tanishuv asnosida farmatsevtika sohasida yaqindan hamkorlik oʻrnatish yuzasidan oʻzaro fikr almashildi.

Novosibirsk viloyati bojxona boshqarmasi rahbariyati bilan oʻtkazilgan muloqot chogʻida sohada tadbirkorlarga yaratilgan qulayliklar va yengilliklar haqida maʼlumotlar berildi. Taʼkidlanganidek, Oʻzbekiston va Rossiya oʻrtasida bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish boʻyicha “yashil yoʻlakcha” tizimining yoʻlga qoʻyilgan. Bu oʻz navbatida,Surxondaryoda yetishtirilayotgan hoʻl va quritilgan meva-sabzavot hamda ishlab chiqarilayotgan boshqa mahsulotlarni Novosibirskdagi xaridorlarga yetkazib berish jarayonini tezlashtirishga va eksport hajmini oshirish imkonini berayotir. Ayniqsa, meva-sabzavot mahsulotlarini bojxona va fitosanitar nazoratidan oʻtkazishning soddalashtirilgani tadbirkorlik subyektlariga katta qulaylik yaratmoqda

Oʻzaro muloqot chogʻida bojxona sohasida oʻzaro hamkorlikni yana-da rivojlantirishning istiqbolli yoʻnalishlari va ularni amalga oshirishni tizimli tashkil qilish masalalari muhokama etildi. Tashrif asnosida chegara oʻtkazish punktidagi logistika terminali faoliyati bilan tanishildi.

Rossiyaning Novosibirsk viloyatiga tashrif buyurgan Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov boshchiligidagi delegatsiya bu yerdagi “RosAgroMarket“ ulgurji-yetkazib berish Federal tarmogʻi markazi rahbari B. Grigoryev bilan ham uchrashdi.

Oʻzbekistonning Novosibirskdagi konsulxonasida oʻtkazilgan uchrashuvda Surxondaryo viloyatining iqtisodiy va eksport salohiyati toʻgʻrisida soʻz yuritildi. Muloqot soʻnggida ikki tomonlama hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, Surxondaryo viloyati hokimi Toʻra Bobolov Novosibirskdagi oʻzbek diasporasi vakillari bilan ham uchrashdi. Shundan soʻng delegatsiya aʼzolari “RosAgroMarket“ ulgurji-yetkazib berish Federal tarmogʻining yangi barpo etilayotgan logistika markazini borib koʻrdilar.

Tashrif doirasi Surxondaryo delegatsiyasi “EKO-kultura“ agroxolding kompaniyasi prezidenti Rudakov bilan muloqotda boʻlib, unda pomidor, bodring singari ekologik toza sabzavot yetishtirish boʻyicha orttirilgan boy tajribalar oʻrtoqlashildi. Qayd etilishicha, “EKO-kultura“ agroxolding kompaniyasi Oʻzbekistonda umumiy qiymati 453,0 million dollarlik uchta investitsion loyihani amalga oshirish belgilangan.

Ulardan biri Surxondaryo viloyatida qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish, saqlash, qayta ishlash, va qadoqlashga moʻljallangan. Loyining yillik quvvati 65,7 ming tonna, qiymati 340,0 million dollar.

Surxondaryo viloyati delegatsiyasining Novosibirsk viloyati, Moskva hamda Sankt-Peterburg shaharlariga tashrifi rossiyalik rasmiy va ishbilarmon doira vakillari bilan faol sheriklik oʻrnatish uchun yana-da qulay sharoit yaratishga, hududlararo savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirishga keng yoʻl ochdi.

Ilhom RAHMATOV, “Xalq soʻzi” muxbiri.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?