Rossiya elchisi: Oʻzbekiston rahbariyati tomonidan amalga oshirilayotgan islohotlar Rossiya – Oʻzbekiston samarali hamkorligida yangi ufqlar ochdi

11:28 21 Avgust 2020 Siyosat
324 0

Rossiya Oʻzbekistonning strategik hamkori va ittifoqchisidir. Rossiya Federatsiyasi 1992-yil 20-martda Oʻzbekiston Respublikasining mustaqilligini tan olgan va shu kuni ikki mamlakat oʻrtasida diplomatik aloqalar rasmiy ravishda oʻrnatgan.

Oʻzbekiston Mustaqilligi bayrami arafasida “Dunyo” AA muxbiri Rossiya Federatsiyasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Vladimir Tyurdenev bilan suhbatlashdi.

– Elchi janoblari, suhbatimiz Mustaqillik bayrami arafasida boʻlib oʻtmoqda. Anʼanaga koʻra, ushbu sana arafasida turli yoʻnalishlarda erishilgan yutuqlar sarhisob qilinadi. Shu bois bugungi suhbatimiz Oʻzbekiston – Rossiya hamkorligida erishilgan natijalarga bagʻishlanadi. Maʼlumki, Oʻzbekiston va Rossiya Har tomonlama strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyani imzolash arafasida turibdi. Oʻzbekiston Prezidentining Rossiyaga kutilayotgan davlat tashrifi chogʻida mazkur hujjatning imzolanishi rejalashtirilgan. Oʻquvchilarimizga ushbu deklaratsiya nimani anglatishi, oʻzaro munosabatlarni yana-da yuqori darajaga olib chiqish uchun qanday ishlar amalga oshirilishi haqida soʻzlab bersangiz.

– Oʻzbekiston Prezidentining Rossiyaga kutilayotgan davlat tashrifi mavzusiga toʻxtalar ekanman, aytishim mumkinki, mamlakatlarimiz rahbarlari Vladimir Putin bilan Shavkat Mirziyoyev oʻrtasida samimiy munosabatlar rivojlangan va doimiy muloqotlar olib borilmoqda. Rossiya-Oʻzbekiston munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqish uchun izchil, tizimli choralar koʻrilmoqda. Rossiya Federatsiyasi bilan Oʻzbekiston Respublikasi oʻrtasida Har tomonlama strategik sheriklik toʻgʻrisidagi deklaratsiyaning imzolanishiga erishilishi muvaffaqiyatlarimizga yana bir yorqin misoldir. Ushbu hujjat mamlakatlarimiz oʻrtasidagi uzoq muddatli samarali hamkorlikda muhim boʻlib, oʻzaro munosabatlarni barcha sohalarda rivojlantirish uchun zamin yaratadi.

Yaqinda rossiyalik shifokor va mutaxassislardan iborat delegatsiyaning Toshkentga tashrifi, oʻzbekistonlik hamkasblariga koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish va oʻta ogʻir bemorlarni davolashda koʻrsatayotgan yordami mamlakatlarimiz oʻrtasidagi Har tomonlama strategik sheriklikning yorqin namunasidir. Bu oʻzaro yordam va qiyin paytlarda bir-biriga koʻmak berish tamoyillariga sodiq xalqlarimiz oʻrtasidagi birodarlik rishtalariga misol emasmi?

Biz tarixning eng ogʻir sinovlarini, jumladan, Ikkinchi jahon urushi, 1966-yildagi Toshkent zilzilasini yelkama-yelka turib yengib oʻtganmiz. Ishonchim komilki, bugungi ofat bilan ham birgalikdagi kurashimizni yana-da kuchaytiramiz.

– Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Prezident sifatida ish boshlagan davrdan buyon tashqi va ichki siyosatda keng koʻlamli islohotlarni amalga oshirdi. Bu oʻzgarishlar mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar, har tomonlama oʻzaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlashga qanchalik taʼsir koʻrsatdi?

– Oʻzbekiston rahbariyatining mamlakatda siyosiy tizimni isloh qilishi, qonun chiqaruvchi va vakillik organlari rolining kuchaytirishi, deputatlar korpusi va partiya tizimida qonunchilikdagi tub oʻzgarishlar, “Kuchli davlatdan kuchli fuqarolik jamiyati sari” konsepsiyasini amalga oshirilishi va eng muhimi, jamiyatdagi ijobiy oʻzgarishlar muhitida Rossiya – Oʻzbekiston samarali hamkorligi uchun yangi ufqlar ochildi.

Parlamentlararo va mintaqalararo aloqalar kengaymoqda. Mamlakatlarimizning jamoat birlashmalari va nohukumat tashkilotlari oʻrtasida aloqalarni faollashtirish va chuqurlashtirish imkoniyatlari ham sezilarli ravishda kengaydi. Oʻzbekistonda ichki siyosatdagi yangilanishlar natijasida fuqarolik jamiyati institutlari yana-da faollashdi. Bu esa “Xalq diplomatiyasi”ni oʻzaro tushunish, ishonch va doʻstlikni yana-da mustahkamlashda bitmas-tuganmas manba sifatida namoyon boʻlishiga yordam beradi.

Islohotlar nafaqat Markaziy Osiyo mintaqasida ishonch muhitini mustahkamlashga, balki Oʻzbekistonning xalqaro faolligini oshirishga yoʻnaltirilgan tashqi siyosatiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi.

Soʻnggi yillarda oʻzbekistonlik sheriklar BMT Bosh Assambleyasining qator rezolyutsiyalarini qabul qilish tashabbusi bilan chiqdi. 2019-yil dekabr oyida qabul qilingan “Markaziy Osiyoda barqaror turizm va barqaror rivojlanish” rezolyutsiyasi shulardan biri. Rossiya ushbu hujjatning 50 hammualliflaridan biridir. Oʻz navbatida, Oʻzbekiston xalqaro tashkilotlarda Rossiya tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlamoqda. Xususan, Oʻzbekiston BMT Bosh Assambleyasining natsizmni ulugʻlash, kosmosga qurollarni birinchi joylashtirishga qarshi kurash va xalqaro axborot xavfsizligini taʼminlash kabi rezolyutsiyalari qabul qilinishida hammuallif boʻldi.

Shanxay hamkorlik tashkiloti doirasida Oʻzbekiston Prezidentining taklifiga binoan tashkilotga aʼzo davlatlar rahbarlarining yoshlarga qoʻshma murojaati va uni amalga oshirish boʻyicha harakatlar dasturi qabul qilindi, SHHTga aʼzo davlatlar temir yoʻl maʼmuriyatlari rahbarlari uchrashuvlarining yangi mexanizmi yaratildi. Oʻzbekiston tashkilotda mintaqalararo hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda faol ishtirok etmoqda, Rossiya tomonining SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasini (MATT) SHHTga aʼzo davlatlarning xavfsizlikka oid tahdid va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha universal markazga aylantirish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaydi.

Oʻzbekiston Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligi faoliyatidagi ishtirokini sezilarli darajada kengaytirdi va hamkorlikning qator tarmoq organlariga qoʻshildi. Bu, shubhasiz, mamlakatlarimizning hamkorlik imkoniyatlarini kengaytiradi. Bu yil Oʻzbekiston MDH da birinchi marta raislik qilmoqda.

Biz oʻzbekistonlik sheriklarning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga kuzatuvchi sifatida qoʻshilish istagini olqishlaymiz. Ishonchim komilki, ushbu maqomga ega boʻlish Oʻzbekiston uchun Yevroosiyo integratsiyasi jarayonini bevosita kuzatib borish, Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo davlatlar bilan yaqin aloqalarni oʻrnatishning maqbul shakllarini aniqlash imkonini beradi.

– Bugun Rossiyada oʻzbeklar juda koʻp. Ular, jumladan, vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqda, tahsil olmoqda, biznes bilan shugʻullanmoqda va sanʼat sohasida izlanish olib bormoqda. Shu munosabat bilan aytish mumkinki, migratsiya oʻzaro hamkorlikning ustuvor va dolzarb masalalaridan biriga aylanmoqda. Sizningcha, Oʻzbekiston va Rossiya ushbu omildan ikki mamlakat ravnaqi uchun qanday qilib yana-da samarali foydalanishi mumkin? Bu borada qanday yechimlar topilgan va qanday muammolar hal etilishi kerak?

– Shubhasiz, bugungi kunda migratsiya eng nozik va dolzarb masalalardan biridir. Toʻgʻri taʼkidlaganingizdek, Rossiyada oʻzbekistonliklar juda koʻp. Turli maʼlumotlarga koʻra, ular soni 1,5 milliondan 2 milliongacha yetadi va ularning aksariyati vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish istagida. Migrantlar va rossiyalik ish beruvchilar duch kelayotgan qiyinchiliklarni hisobga olgan holda, ish jarayonini optimallashtirish mexanizmini yaratish, xodim malakasi va oʻqishini tasdiqlovchi zarur hujjatlarni qayta ishlash tartibini aniqlashtirish muhimdir. Shuningdek, noqonuniy ish bilan band boʻlganlar sonini kamaytirish uchun zarur sharoit taʼminlanishi kerak. Taʼkidlash joiz, mamlakatlarimizning vakolatli idoralari ushbu muammolarni hal qilish yoʻlida doimiy ish olib bormoqda.

Shu bilan birga, bu yil biz yangi sinov – xalqaro transport aloqalarini cheklab qoʻygan, aksariyat kompaniya va korxonalar faoliyatini toʻxtatgan koronavirus pandemiyasi bilan toʻqnashdik. Shu munosabat bilan chet eldagi koʻplab fuqarolar qiyin vaziyatga tushib qoldi.

Mavjud sharoitni inobatga olgan holda, mamlakatlarimiz rahbarlari ular ahvolini yaxshilash boʻyicha birgalikda qator choralar koʻrmoqda. Xususan, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin migratsiya hujjatlarining amal qilish muddatlarini uzaytirish, patent uchun oylik toʻlov, mamlakatda boʻlish tartibini buzganlik uchun jarima, shu jumladan, hujjatlarning muddati oʻtganligi uchun jarimaga tortishni bekor qilishga oid farmonni imzoladi.

Karantinga qaramay, Rossiya Federatsiyasida boʻsh ish oʻrinlari toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bazasi muntazam ravishda yangilab turilibdi. Natijada ishdan ayrilgan muhojirlar oʻzlari uchun yangi ish topish imkoniga ega boʻlmoqda. Bundan tashqari, uyga zudlik bilan qaytishga zarurati bor fuqarolar uchun mamlakatlarimiz aviakompaniyalari tomonidan charter reyslar muntazam tashkil etilmoqda.

– Oʻzbekistondagi faoliyatingiz davomida sizda alohida taassurot uygʻotgan qanday jihatlarni qayd etishni istardingiz?

– Oʻzbekiston sharqona qarash va boy madaniy merosni mamlakatning zamonaviy tarixiy yutuqlari bilan uygʻunlashtirgan davlat.

Ajoyib togʻ manzaralari, moʻl-koʻl meva va sabzavotlar, tandirda yopilgan nonning xushboʻy hidi, betakror oʻzbek taomlari va, albatta, samimiy insonlarning mehmondoʻstligi – bularning barchasi Oʻzbekistonda boʻlganlarni befarq qoldirmaydi.

Shu bois men barchaga karantin cheklovlari olib tashlanib, chegaralar ochilgach, Oʻzbekistonga tashrif buyurishni, ushbu ajoyib mamlakatning boy va rang-barang madaniyatidan bahramand boʻlishni tavsiya qilaman.

– Mustaqillik bayrami munosabati bilan Oʻzbekiston xalqiga bayram tabrigingiz.

– Oʻzbekiston xalqini mamlakat fuqarolarini milliy birligining yorqin ramzi boʻlgan Oʻzbekiston Respublikasi Davlat Mustaqilligi kuni bilan chin qalbimdan qutlayman!

Barchangizga sihat-salomatlik, farovonlik va tinchlik yoʻlida xizmat qiladigan barcha tashabbuslar roʻyobini tilab qolaman. Har bir oilaga tinchlik, farovonlik va baraka insin!

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?