Rossiya banki Oʻzbekistondan meva-sabzavot mahsulotlari eksportini moliyaviy qoʻllab-quvvatlamoqchi

17:58 25 Fevral 2019 Jamiyat
463 0

Illyustrativ foto

Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Rossiyada Vneshekonombank raisi Igor Shuvalov bilan muzokaralar oʻtkazdi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Oʻzaro muloqot davomida Rossiya tomoni Oʻzbekistondan RFga meva-sabzavot mahsulotlari eksport tashuvini moliyalashtirish imkoniyatini koʻrib chiqishga tayyor ekanligini bildirdi.

Eng yaqin vaqt ichida bu boradagi tegishli hujjat ishlab chiqilib, hamkorlikdagi ishlar yoʻlga qoʻyiladi.

Qayd etish joiz, Oʻzbekiston delegatsiyasining rasmiy tashrifi RF qishloq xoʻjaligi vaziri Dmitriy Patrushev bilan uchrashuvdan boshlandi. Unda Oʻzbekistondan Rossiyaga meva-sabzavot mahsulotlarini yetkazib berishni koʻpaytirish, bunday tovarlarni tashishda xoʻjalik subyektlariga yordam berish masalasi koʻrib chiqildi.

Sheriklar 2018 yilda mamlakatlar oʻrtasida qishloq xoʻjaligi va oziq ovqat mahsulotlari aylanmasi 20 foizdan ziyod oʻsib, 550 mln. dollarni tashkil etganini mamnuniyat bilan taʼkidlab oʻtishdi.

Oʻsimlikshunoslik, baliqchilik, ilmiy-texnika sohalarida tajriba almashish, qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish va agrosanoat kompleksi mahsulotlarini kuzatish tizimi integratsiyasi boʻyicha hamkorlikda ishlash boʻyicha kelishuvga erishildi.

Tomonlar yaqin vaqt ichida oʻzbekistonlik yetkazib beruvchilar, Rossiya savdo tarmoqlari, ikki mamlakatning sohaviy idoralari vakillarini jalb etgan holda qishloq xoʻjaligi boʻyicha ishchi guruh yigʻilishini oʻtkazishga kelishib oldilar.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?