Rossiya AQSH va KXDR rahbarlari sammitini ijobiy baholadi

16:50 12 Iyun 2018 Dunyo
258 0
Фото: Vesti.Ru

Rossiya AQSH va KXDR rahbarlari sammitini hamda u Koreya yarim orolidagi vaziyatni tartibga solish jarayoniga bergan turtkisini ijobiy baholadi.

Bu haqda RIA “Novosti” axborot agentligi Rossiya tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov fikriga asoslanib xabar berdi.

Diplomat oldinga muhim qadam tashlangani, biroq detallarga hali aniqlik kiritilishi lozimligini, nima bo‘lganda ham bu borada turtki berilganini ta’kidlagan.

“Agar Koreya yarim orolini denuklerizatsiya qilish masalasida ijobiy holat kuzatilsa, biz buni nafaqat olqishlaymiz, balki maksimal siyosiy qo‘llab-quvvatlash nuqtai nazaridan ham, mazkur tushunchalarni amalga oshirishga qaratilgan aniq takliflarni ilgari surish nuqtai nazaridan ham unga maksimal amaliy ko‘mak beramiz”, dedi u.

“Rossiya Koreya yarim orolida o‘tgan vaqtda juda ko‘plab yig‘ilib qolgan muammolarni yengib o‘tishda siyosiy, intellektual, amaliy, ijodiy tomonlama hissa qo‘shadi”, deya qo‘shimcha qildi diplomat.

Sergey Ryabkovning fikricha, Koreya yarim orolidagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha olti tomonlama muzokaralar formatiga yana ehtiyoj tug‘iladi va u aniq natijalarga erishish imkonini beradi.

“Muammoni muloqot yo‘li bilan bartaraf etish nafaqat Shimoli-sharqiy Osiyodagi vaziyat, balki global barqarorlikka ijobiy ta’sir o‘tkazadi”, deya ta’kidladi TIV vakili.

U oldinga qaratilgan mazkur yo‘l Koreya yarim oroli bilan normal iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarini ochib berishini, biroq BMT Xavfsizlik kengashi turkum rezolyutsiyalari qabul qilinishi natijasida u ayni paytda, afsuski, yopilib qolganiga ham to‘xtalib o‘tdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?