Rossiya 13 mln dollarni oʻzlashtirib, moliyaviy piramida yaratgan shaxsni Oʻzbekistonga ekstraditsiya qildi

12:14 10 Sentyabr 2018 Jamiyat
602 0

Rossiya Oʻzbekistonga 32 yoshli Suxrob Fozilovni ekstraditsiya qildi. Bu haqda Moskva shahar prokuraturasi matbuot xizmati xabar tarqatdi.

Manba bergan maʼlumotlarga koʻra, Fozilov 2010 yildan buyon Oʻzbekiston Respublikasi huquq-tartibot idoralari tomonidan qidirilayotgan boʻlgan.

Mazkur shaxs Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 242 (jinoiy uyushma tashkil etish), 168 (firibgarlik), 243-modda (jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish)larida nazarda tutilgan jinoyatlarni amalga oshirganlikda ayblanmoqda.

Fozilov 2007 yildan 2009 yilning iyuniga qadar Oʻzbekiston hududida offshor zonalarda roʻyxatdan oʻtkazilgan, moliyaviy piramida koʻrinishidagi chet el kompaniyalari vakillari homiyligi ostida yaratilgan jinoiy faoliyatni tashkil qilgan va uning boʻlinmalariga rahbarlik qilgan.

2008—2009 yillarda aldov va ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan Samarqand viloyati hududida yashovchi 140 fuqaroning jami 61 ming dollar mablagʻlarini oʻgʻirlagan va chet el kompaniyasi hisobiga oʻtkazgan. Shuningdek, jinoiy hamjamiyatning boshqa boʻlinmalari rahbarlari bilan birgalikda 13 million dollardan ortiq “orttirilgan” daromadlarni legallashtirgan.

2017 yil noyabrida davlatlararo qidiruvda boʻlgan Fozilov Moskva metropolitenida huquq-tartibot organlari xodimlari tomonidan qoʻlga olingandi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?