Romitanning tabiiy dorixonasi

09:33 24 Oktyabr 2019 Jamiyat
77 0

Yoki bobosidan meros anjir daraxti bir tupidan 500 kilogramm hosil olgan 85 yoshli otaxon va uning qishloqdoshlari haqida bir shingil soʻz.

Gap Romitanning soʻlim Qoʻrgʻon qishlogʻi haqida borayapti.Bu tarixiy goʻsha Yetti pirning ikkisi – Xoʻja Ali Romitaniy va Xoʻja Boboyi Samosiy qadamjolari oraligʻida joylashgan.Shu boisdan Qoʻrgʻonga “Duoi pir ketgan joy” degan iborani ishlatishadi.Unga Romitanning tabiiy dorixonasi, deb ham taʼrif berishadi.Bu bejiz emas.

-Hududimizda 315 ta xonadon, 555 ta oila yashaydi,- deydi “Qoʻrgʻon” mahalla fuqarolar yigʻini masʼul kotibi Ruxillo Sultonov.-Shularning hammasida katta – kichik anjirzoru anorzor bor.Bizda oʻgʻil uchun imorat tiklashdan avval anjirzor barpo etish anʼanaga aylangan.Odamlarimiz sabr – toqatli, oriyatli.Yordamga muhtoj boʻlib qolganda ham koʻmak soʻrab kelavermaydi.Sabr qiladi.Anjir pishishini kutadi.Uni bozorda sotib, roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldiradi.”Menga yordam bering” deya mahallamiz eshigi ostonasidan hatlaydiganlar barmoq bilan sanarli.

-Hovlimdagi mana bu anjirzor bilan anorzorni hali bu uyni tiklamay turib, 1975-yildabarpo qilganman,-deydi 70 yoshli otaxon Bahron Qurbonov.- Shu yil 20 million soʻmga yaqin daromad oldik.Yana 40 tup anjir koʻchati oʻtqazish taraddudini koʻrayapman.

Oila bekasi Hurmatoy Zaripovaning taʼkidlashicha, ertalab toʻrt – besh dona anjir yegan kishi tushga qadar toʻq yuradi.”Anjirdan turshak qilamiz, murabbo tayyorlaymiz.Dasturxondan bu neʼmat qishu yoz arimaydi.Shu boisdan nevaralarim sogʻlom.Dori – darmon sotib olgani dorixonaga borganimizni eslay olmayman”, deydi u.

Qoʻrgʻonning keksalaridan biri, salkam 30 yil pedagoglik qilgan Qayim Togʻayevning hovlisida esa 100 tupga yaqin anjir bor.

-Anjirning ildizi qarimaydi,- deydi 85 yoshli otaxon.-Bu anjirzor otamdan, otamga esa bobomdan qolgan.Juda serhosil.Mana bu anjir daraxtidan shu yil 500 kilogramm hosil oldik.Birgina anjirning oʻzidan 20 million soʻm daromad koʻrdik.Sizga aytar boʻlsam, 8 nafar oʻgʻil – qizni voyaga yetkazib, uy – joyli qilganman.Muallimlik va tomorqa ortidan barcha orzu – havaslarga erishdim.55 nafar nevara – evaram bor.Hammasi anjir, anor yeb sogʻlom voyaga yetishmoqda.

Biz bu soʻzlarga ishonch hosil qilish uchun shu hudud aholisiga tibbiy xizmat koʻrsatayotgan Miyonsaroy qishloq vrachlik punkti mudiri Qoʻldosh Jamolov bilan suhbatlashdik.

-33 yildan buyon shifokorman, - deydi Qoʻldosh aka.-Men allaqachon anor, ayniqsa, anjir isteʼmol qilish koni foyda, degan xulosaga kelganman.Anjir oshqozon – ichak kasalliklarini davolashda foyda beradi.Bargi qaynatilib choy oʻrnida ichilsa qand kasalligi bilan ogʻrigan bemorlarga,shuningdek, bargini qaynatib, suv muolajasi olinsa oyoq boʻgʻinlari ogʻrigʻiga nafi tegadi.Sutda qaynatilgan anjir turshagi yoʻtalni bartaraf etadi.Uning foydali xususiyatlari haqida Abu Ali ibn Sino ham yozib qoldirgan. Bizda chindan ham anjir va anor koʻp isteʼmol qilinadi.Buning samarasini biz, shifokorlar koʻrib turibmiz.Hududimizda kamqonlik, boʻqoq kasalliklari deyarli uchramaydi.Umumiy kasalliklar koʻrsatgichi 10 – 12 foiz atrofida.Boshqa hududlar bilan taqqoslaganda bu nisbatan kam.

Bu haqda alohida toʻxtalishimning boisi bor.Agarfarzand kutayotgan ayol kamqonlik kasalligidan ozor cheksa, undan sogʻlom zurriyod dunyoga kelishiga kafolati yoʻq.Men bir shifokor sifatida tabiiy mahsulot sanalgan anjir, anor, olma kabi mevalarnidoimiy tarzda isteʼmol qilishni tavsiya etaman.

Bahron aka –yu, Qayim otaning hamda shifokor Qoʻldosh Jamolovningsoʻzlarini tinglab, shunday xulosaga keldik:Qoʻrgʻonga “Romitanning tabiiy dorixonasi” deya taʼrif berishgani bejiz emas ekan.

Istam IBROHIMOV,

“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?