Romitanlik Rohat Hayitovani viloyat hokimi oʻtkazgan sayyor qabulga kelishga nima majbur qildi?

14:25 04 Noyabr 2019 Jamiyat
124 0

Romitan tumani Ibn Sino mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yangihayot koʻchasi 33 – uyda istiqomat qiluvchi Rohat Hayitova may oyidan buyon halovat neligini bilmaydi.Turar – joyi “snos”ga tushdi – yu ayolning koʻngliga qil ham sigʻmay qoldi.

-Turmush oʻrtogʻim uch – toʻrt soʻm pul topay deb, Rossiyaga ishlagani ketgan,-deydi u.- Oʻgʻlim universitetda shartnoma asosida tahsil olyapti. Sogʻligimning mazasi yoʻq. Shu tashvishlar kamlik qilgandek, yoʻlni kengaytirish vajidan uyimni buzishdi.Hatto ogohlantirish xati ham berishmadi. ”Yordam beramiz, sizga yangi uy tiklaymiz”, deyishdi. Ishondim. Yoz oʻtib ketdi. Kuz ham oxirlab, sovuq kunlar boshlanyapti. Ammo vaʼdadan darak yoʻq. Tuman hokimligiga boraverib, charchadim. Vaʼdadan nariga oʻtishmaydi. ”Qurilish ishlarini boshlab yubordik” deb yolgʻon maʼlumotlarni qoʻlimga tutqazishadi. Ayol boshim bilan bir amallab tiklagan eski uyimda turyapman.

Nima qilarini bilmay ikki oʻt orasida qolgan Rohat opa viloyat hokimi Oʻ. Barnoyev sayyor qabul oʻtkazishini eshitib, Buxoro shahriga yoʻl oldi.Biz u bilan Buxoro davlat universitetida tashkil etilgan xuddi shu tadbir chogʻida suhbatlashdik.

-Viloyat hokimi soʻzlarimni diqqat bilan tinglab, meni qiynab kelgan masala hal etilajagini bildirdi,-deydi Rohat opa yigʻidan oʻzini tuta olmay.- Axir, mening ham hayotdan umidlarim bor.Oʻgʻlimni uylantirib, orzu – havaslarimga yetsam, deyman.

Ha, baʼzida loqaydlik, eʼtiborsizlik, oʻzimizni jabrdiyda kishi oʻrniga qoʻya olmasligimiz kalavaning uchini chigallashtirib yuboradi.Odamlarning adolat izlab sarson – sargardon boʻlishlariga olib keladi.Eng achinarlisi, ertangi kunga boʻlgan ishonchga putur yetadi.Agar masala joyida hal etilganida Rohat opaning yordam soʻrab viloyat hokimi huzuriga kelishiga hojat qolmagan boʻlur edi.

-Bugungi sayyor qabuldan mamnun holda qaytyapman,- deydi Kogon shahrida yashovchi mehnat faxriysi Natalya Avlas.- Davlatimiz yoshlar taʼlim – tarbiyasiga katta eʼtibor qaratayotgani kishini xursand qiladi.Hududimizdagi 11 – maktabgacha taʼlim muassasasida 140 nafar oʻgʻil – qiz tarbiyalanmoqda.Ular orasida mening ikki nevaram ham bor.Shu muassasada taʼmirlash ishlari borayotgandi.Ammo ishlar sustlashib qoldi.Sayyor qabulda men hokimimizdan shu masalada koʻmak soʻradim.U kishi mutasaddilarga zarur topshiriqlar berdi.Taʼmirlash ishlari yangi yilga qadar nihoyasiga yetkaziladigan boʻldi.

Biz yuqorida sayyor qabulga kelgan fuqarolarning atigi ikki nafari muammosiga toʻxtaldik, xolos.Vaholanki, tadbirga yuzlab kishilar kelib, uy – joy, ishga joylashish, moddiy yordam koʻrsatish kabi qator masalalar yuzasidan hokimga murojaat qildilar.Murojaatlarning aksariyati joyida hal etildi.Sirasini aytganda, Rohat Hayitova va Natalya Avlasga oʻxshab umid bilan kelgan va ishonch bilan uyiga qaytganlarni koʻrish maroqli edi.

Sayyor qabul davomida aholi uchun chuqurlashtirilgan tibbiy koʻrik hamda boʻsh ish oʻrinlari yarmarkasi ham tashkil etildi.

Istam IBROHIMOV,
“Xalq soʻzi” muxbiri


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?