Roman Abramovich “Chelsi”ni sotmoqchi

14:44 26 Avgust 2018 Sport
282 0

Rossiyalik tadbirkor Roman Abramovich oʻzi egalik qiladigan “Chelsi” klubini sotish haqida oʻylab qoldi. Bu haqda The Sunday Times nashri xabar berdi.

Qayd qilinishicha, Abramovich sport va texnologiya kompaniyalari boʻyicha ixtisoslashgan Raine Group investitsiya banki bilan aloqaga chiqqan va ularga klubning sotuvi boʻyicha soʻrov yuborgan.

Hozircha Abramovichning vakillari mazkur gap-soʻzlarga munosabat bildirayotgani yoʻq. Bundan avvalroq Abramovichga Amerikaning Silver Lake Partners kompaniyasi klubni sotib olish taklifi bilan chiqqan, ammo rus tadbirkori bu taklifni rad qilgan. Shuningdek, buyuk britaniyalik biznesmen Jeyms Retkliffning 2 milliard funtlik taklifiga ham rad javobi berilgani aytilmoqda.

Maʼlumot uchun, Roman Abramovich “Chelsi”ni 2003 yilda 140 million funt evaziga sotib olgandi. Oʻtgan vaqt ichida jamoa 5 marta Angliya premyer-ligasi bosh sovrinini qoʻlga kiritgan boʻlsa, 5 marta Angliya Kubogida zafar quchgan. 2012 yilda jamoa Yevropa chempionlar ligasi gʻolibligini qoʻlga kiritgandi.

Eslatib oʻtamiz, may oyida Roman Abramovichning Buyuk Britaniya investitsiya vizasi uzaytirib berilmagan edi. Shundan soʻng, u Isroil fuqaroligini olishga majbur boʻlgan. Isroil fuqaroligi 1,5 yil davomida Buyuk Britaniya hududida qolish imkoniyatini taqdim etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?