Robotlashtirilgan xirurgiya, majburiy tibbiy sugʻurta, sogʻliqni saqlashning elektron tizimi...

10:46 11 Dekabr 2018 Jamiyat
664 0

Foto: Sogʻliqni saqlash vazirligi Axborot xizmati

Soha rivojida butunlay yangi bosqichga oʻtilmoqda.

Oʻzbekiston aholisi yildan-yilga oʻsib borayotgan mamlakatlar qatoriga kiradi. Tahlillarga koʻra, 2035 yilga borib mamlakatimiz nufusi 45 millionga yaqinlashishi mumkin. Demak, odamlarning turmush farovonligi, ayniqsa, salomatligini taʼminlash juda muhim masala boʻlib qolaveradi. Shu bois soʻnggi ikki yilda mamlakatimizda tibbiyot tizimini tubdan isloh qilish va koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini yaxshilashga kirishildi.

Albatta, muayyan natijalarga erishildi. Lekin fuqarolar sogʻligʻini muhofaza qilishga qaratilgan vazifalarni samarali hal etish, Toshkentdan tortib, Orolboʻyigacha boʻlgan hududlarda yashovchi aholi qatlamlarining barchasiga birdek sifatli tibbiy xizmatdan foydalanish imkoniyatini yaratish, jahon talablariga mos milliy sogʻliqni saqlash tizimini joriy etish uchun sohani yanada takomillashtirish zarurati dolzarb masala boʻlib turibdi.

Prezidentimizning “Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni aynan ushbu vazifalarni, yaʼni zamonaviy sogʻliqni saqlash tizimini tashkil etishni nazarda tutadi. Mazkur hujjat bilan sohaning taraqqiyot yoʻnalishlari aniq belgilab berildi. Bu borada mutasaddilar oʻz munosabatlarini bildirdilar.

Alisher SHODMONOV,
Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri:

— Avvalo, sohaning huquqiy asoslarini takomillashtirish, ushbu yoʻnalishda sogʻliqni saqlash kodeksini yaratish, transplantologiya toʻgʻrisidagi, reproduktiv salomatlik, davlat-xususiy sheriklik tizimi va sogʻlom turmush tarzi boʻyicha qonun qabul qilish koʻzda tutilgan. Asosiy yoʻnalish, bu — birlamchi tibbiy xizmatga qaratilib, profilaktika hamda kasalliklarni erta aniqlash birinchi galdagi vazifamiz boʻladi. Qolaversa, zamonaviy boshqaruv tizimini va hududlarda sogʻliqni saqlashni tashkil etishningklaster modelini shakllantirish, isbotli tibbiyot, robot xirurgiya, mikroxirurgiya, nuklear tibbiyot hamda tibbiy genetikani joriy etish maqsad qilingan. Endilikda mavjud barcha tibbiyot binolari inventarizatsiyadan oʻtkaziladi, yangi qurilishi moʻljallangan va taʼmirtalablari aniqlanib, ular ustida ish olib boriladi. Dori vositalarining aylanmasi esa toʻliq nazoratga olinib, markirovka hamda treking tizimi tatbiq etilishi koʻzda tutilgan.

Sogʻliqni saqlash tizimini isloh qilishga qaratilgan shu va boshqa ustuvor vazifalar Farmon bilan tasdiqlangan 2019 — 2025 yillarda Oʻzbekiston Respublikasi sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi orqali amalga oshiriladi. Konsepsiyani ishlab chiqishda Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti va sohaga doir boshqa xalqaro tashkilotlarning talab hamda takliflari, dunyo miqyosidagi global vazifalar eʼtiborga olingan.

Lian KUPPЕNS,
Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari:

— Konsepsiya Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti tomonidan tan olingan yoʻnalishlarni oʻzida mujassam qilgan oʻta muhim hujjat boʻldi. Uni tayyorlashda bugungi vaziyat, kecha qoʻlga kiritilgan yutuq va kamchiliklarning barchasi sinchkovlik bilan oʻrganildi, tahlil qilindi. Shu orqali Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimini rivojlantirishning keyingi istiqbollari belgilab olindi. Maqsad hech kimning eʼtibordan chetda qolib ketmasligi, har bir fuqaroning tibbiy xizmatdan toʻla foydalanishi uchun imkoniyat yaratishdir. JSST oʻzaro hamkorlikda tayyorlangan ushbu Konsepsiyani toʻliq qoʻllab-quvvatlaydi. Bu Oʻzbekiston, uning aholisi hamda dunyo hamjamiyati uchun ham eʼtiborga molik hodisadir.

Tibbiyotning oʻzgarmaydigan qoidasi bor: kasalni davolagandan koʻra, uning oldini olgan afzal. Xastaliklarni erta aniqlash va oldini olish bilan bugun oʻlim holatlariga olib kelishi mumkin boʻlgan yurak-qon tomir, saraton, qandli diabet kabi kasalliklarni davolash koʻrsatkichlarini oshirish mumkin. Buning uchun statsionar davolash, poliklinikalar faoliyati samaradorligini yaxshilash, joylarda koʻp tarmoqli markazlashgan tibbiyot muassasalarini tashkil etish, ularning moddiy-texnika hamda malakali kadrlar bazasini mustahkamlash talab etiladi.

Bahodir YUSUPALIYEV,
Sogʻliqni saqlash vazirining birinchi oʻrinbosari:

— Hujjatda respublikamizda majburiy tibbiy sugʻurtalashni joriy etish ham belgilandi. Albatta, ushbu mexanizm birdaniga emas, balki bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Uni tatbiq etishda davlat tomonidan ajratilayotgan mablagʻlar kamaytirilmaydi, aksincha, ular saqlanib qoladi va aholi, ayniqsa, ijtimoiy muhofazaga muhtoj fuqarolar ushbu mablagʻlar hisobiga sugʻurtalanadi.

Shuningdek, Konsepsiyada onalik hamda bolalikni muhofaza qilish tizimini takomillashtirishga ham alohida urgʻu berilgan. Tibbiy genetikani, ayollar va bolalarga shoshilinch hamda ixtisoslashtirilgan tibbiy yordamni rivojlantirish asosida, zamonaviy skrining dasturlarini joriy etish, “Ona va bola” hududiy koʻp tarmoqli tibbiyot majmualari hamda maʼlumotlar tizimlarini shakllantirish chora-tadbirlari shular jumlasidandir.

Elmira BOSITXONOVA, 
Sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari:

— Har bir tuman tibbiyot birlashmalarida bolalar shifoxonalari boʻlimida tunu kun ishlaydigan shoshilinch postlar va bolalar reanimatsiyasi anesteziologiya boʻlimlari, viloyatlarda esa homilador ayollar, goʻdaklar hamda bolalar uchun alohida mobil reanimatsion brigadalar, bolalar neyroxirurgiyalarini ochish rejalashtirilgan. Bu esa aholi, ayniqsa, bolalarga oʻz vaqtida tibbiy yordam koʻrsatish sifatini yanada oshirishga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, 2019 yil 1 apreldan eʼtiboran respublikaning ayrim tumanlarida tibbiyot muassasalarini “har bir davolangan holat” uchun klinik-xarajat guruhlari boʻyicha va kishi boshiga moliyalashtirish tizimini tajriba tariqasida joriy etish, kelgusi yil 1 iyuldan boshlab ayrim davolash-profilaktika muassasalarini investorlarga ishonchli boshqaruvga berish rejalashtirilgan. Bu tibbiyot muassasalarini moliyalashtirish uchun jalb etilayotgan byudjet mablagʻlarini maqsadli yoʻnaltirish, sohada davlat va xususiy sektor sherikligini yoʻlga qoʻyish orqali xizmat sifatini koʻtarishga imkon beradi.

Shu oʻrinda davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarorining ahamiyati xususida ham toʻxtalib oʻtish joiz. Binobarin, mazkur hujjat bilan vazirlik tuzilmasiga muayyan oʻzgartirishlar kiritiladi. Jumladan, endilikda tizimda yangi muassasalar faoliyat olib boradi. Bular Davlat-xususiy sheriklikni va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi hamda Tibbiy-ijtimoiy xizmatlar agentligidir.

Oʻz navbatida, “elektron sogʻliqni saqlash” tizimi keng joriy etilib, yagona milliy standartlar asosida maʼlumotlar majmuasi yaratiladigan boʻldi. Bundan tashqari, JSST tavsiyalari boʻyicha sogʻliqni saqlash hisoblarining milliy tizimi ham joriy etiladi.

Qisqasi, ayrim davlatlarda sogʻliqni saqlash bilan bogʻliq muammolar koʻpayib, surunkali va yuqumli kasalliklar epidemiyasi xavf-xatarga sabab boʻlayotgan bir paytda yurtimizda aholi salomatligini asrashga qaratilayotgan ulkan eʼtibor inson huquqlari hamda manfaatlari oliy qadriyat, uning farovon turmush kechirishi, baxtu saodati esa bosh maqsad ekanligidan dalolatdir.
Bosh prokuratura huzuridagi
Axborot-tahlil multimedia markazi materiallari asosida
Rahim ShЕRQULOV tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?