Robinzon Kruzo Yangimozorda boʻlganmi?

20:41 14 Fevral 2019 Jamiyat
469 0

“Xalq soʻzi ONLINE”. Istam Ibrohimov/Buxoro. ...Moʻmina Haydarova besh yashar bolasini uyda yolgʻiz qoldirib ishga chiqqandi. Mana endi xavotir olib turibdi. Obodonchilik ishlari bilan mashgʻul ayol ora-sira ortiga — bir chekkasi qum barxanlariga tutash qishloqqa qarab qoʻyadi. Sherigi Margʻuba Qoʻziyevaning tashvishi ham unikidan kam emas. “Roʻzgʻorga nafim tegsin, deb ishga chiqqandim.Toʻrt yashar bolam uyda yolgʻiz”, deydi u.

— Nima, qishloqlaringda bogʻcha yoʻqmi? — soʻraymiz ulardan.

Jondor tumanidagi Yangimozor qishlogʻida yashovchi har ikkala ayol “Yaramizni yangiladingiz” degan kabi sekingina “uf” tortishadi.

Yuz nafardan ziyod bogʻcha yoshidagi bolasi bor qishloqda maktabgacha taʼlim muassasasi boʻlmasa-ya?!

— Hududimiz “Qaroli” mahalla fuqarolar yigʻiniga qarashli, — deydi qishloq oqsoqoli Ismoil Qoʻziyev. — 360 ta xonadon bor. Aholi soni 1200 nafarga yaqinlashib qoldi. Muammolarimiz koʻp. Qaysi birini aytishni ham bilmaysan, kishi...

Yechimtalab masalalarni aniqlash uchun qishloqni yayov kezib chiqishning oʻzi kifoya. Yoʻllar oʻnqir-choʻnqir. Yurgani yurak betlamaydi. Keyin... koʻchada yelkasiga shox-shabba ortib olgan yosh yalangni koʻp uchratasiz. Sababi, qishloqqa tabiiy gaz yetib kelmagan. Uylar qoʻlbola pechlarda isitiladi. Oʻtin degani esa anqoning urugʻi. Bir mashinasini 1-1,5 million soʻmga xarid qilishadi. Ilojsiz qolganlar esa qoʻlda bolta tutib, qishloq adogʻidagi toʻqayzorga yoʻl olishadi.

Bir paytlar yangimozorliklarning ota-bobolari choʻlda saksovul va boshqa ekinlar ekib, ihotazorlar barpo etishgan, shu yoʻl bilan qishloqni qum koʻchkilaridan asrashgan. “Endi esa toʻqayzorlardan asar ham qolmayapti. Ravon yoʻlga chiqib qarasangiz, yuz kilometr naridagi Gazli shahri koʻrinadi”, deya mubolagʻa aralash istehzo qiladi hamrohlarimizdan biri.

Aytmoqchi, Zarafshon daryosining eski oʻzanlaridan biri xuddi shu yerdan oʻtgan.Uzunligi 2-3 kilometr keladigan bu zaxkash qachon tozalanar ekan? Yozda undan badboʻy hid taraladi.Uni ham qoʻying, yer osti zax suvlari yuqoriga koʻtarilyapti, ekin maydonlari hosildorligiga zarar yetyapti. “Zaxkash tozalanganida tomorqamizdan tuzukroq hosil olgan boʻlarmidik”, deyishdi qishloqdagilar.

Oʻtgan yilda respublika ishchi guruhi koʻmagida tashlandiq bino taʼmirdan chiqarildi. U shifo maskani vazifasini oʻtashi mumkin. Ammo oliy maʼlumotli shifokor topilmayapti. Patronaj hamshirasi esa haftasiga ikki-uch bor kelib aholiga tibbiy xizmat koʻrsatadi, xolos. Qishloqda dorixona deganini esa kunduzi chiroq yoqib topa olmaysiz. “Zarurat tugʻilganida 11 kilometr naridagi Qaroli qishlogʻidan yoki 20 kilometr uzoqlikdagi tuman markazidan dori sotib olib kelamiz”, deydi oʻzini Madina Rajabboyeva deb tanishtirgan ayol.

Azaga kelgan oʻz dardini aytib yigʻlarmish. Qishloqdagi 19-umumtaʼlim maktabi direktori Ramazon Ashurov ham yuragidagilarni toʻkib soldi.

— Bizga sport zali kerak, — deydi u. — Qishda jismoniy tarbiya darslari sinfxonada oʻtilyapti. Ijtimoiy tarmoqlar orqali qoʻshimcha bilim olishga, oʻqib-oʻrganishga tashna yoshlarimiz koʻp. Ammo qishloqda internet tarmogʻi yoʻq. Maktabimiz ahvolini esa koʻrib turibsiz.

Oʻquv dargohi binosi bundan 37 yil muqaddam hashar yoʻli bilan qurilgan. Kirgan zahoti dimoqqa zax hidi uriladi. Xonalar “burjuyka” pechda isitiladi. Xullas, gapirsa gap koʻp.

Yangimozorliklar bilan suhbatlashayotganimizda ayollardan biri mashhur asar qahramonining kimsasiz oroldagi hayotini esga olib, “Qishlogʻimizga Robinzon Kruzo kelganida aslo ajablanmagan boʻlar edi” deb qoldi. Keyin qoʻshimcha qildi: “Axir bogʻchasi, shifokori yoʻq, yoʻllari oʻnqir-choʻnqir, ichimlik suvini chetdan sotib oladigan, maktabining ahvoli nochor, uylarini isitish muammo boʻlgan qishloqning Robinzon yashagan oroldan nima farqi bor?”

Bu achchiq kesatiqqa tuman mutasaddilari, sektor rahbarlari qanday javob berishar ekan? 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?