R.Kusherbayev: Mulkka doir qancha qonun qabul qilmaylik, unga masʼullar ham amal qilmasa bari befoyda

17:57 03 Sentyabr 2020 Siyosat
395 0

Qonunchilik palatasi tomonidan yer uchastkalarini olib qoʻyish vakolatini hokimlardan olib Xalq deputatlari viloyat Kengashlariga berish boʻyicha qonun loyihasi koʻrib chiqilib birinchi oʻqishda qabul qilindi.

Bir jihatdan olganda koʻp vaqtdan beri odamlarda jiddiy eʼtirozlar paydo qilib kelayotgan yer uchastkasi va koʻchmas mulklarni hokimlar tomonidan buzib tashlanishi yoki olib qoʻyilishiga chek qoʻyish, oʻzboshimchalikka yoʻl qoʻymaslik masalasida yangi yechimdek tasavvur paydo qilayotgan ushbu qonun loyihasi amalda vaziyatni oʻzgartirmaydigan oddiy hujjatga aylanib qolishi mumkin. Chunki loyihaga koʻra, yer uchastkalarini olib qoʻyish hokim emas, kengash qarori bilan amalga oshiriladi, kengashga esa hokim boshchilik qiladi.

Bir tomondan masalaning bir shaxs yakkahokimligi orqali emas, kollegial tarzda, koʻpchilikning ovozi bilan hal etish progressiv harakat boʻlishi mumkin, har qalay mulk masalasini saylovchilarning vakillari hal etishi “bir zoʻravon”ning hal etishidan koʻra ijobiyroq. Ammo eng katta xavf bundamas: loyiha qabul qilinsa kelib chiqadigan asosiy muammo bu — fuqaro kengash qaroridan norozi boʻlgan taqdirda nima qiladi, degan savol.

Qonun loyihasida Yer kodeksining 37-moddasida yer uchastkasi yoki uning bir qismini davlat va jamoat ehtiyojlari uchun olib qoʻyish Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining, xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlari qaroriga yohud Vazirlar Mahkamasi qaroriga binoan amalga oshirilishi koʻzda tutilmoqda. Amalda esa bu tuman, shahar, viloyat hokimining yohud Vazirlar Mahkamasining qaroriga binoan qilinishi mumkin.

Eng qizigʻi, loyihada yer egasi, yerdan foydalanuvchi va ijarachi yer uchastkasini olib qoʻyish haqida deputatlardan iborat Kengashning yoki Vazirlar Mahkamasining Qaroriga rozi boʻlmagan taqdirda qaror ustidan belgilangan tartibda shikoyat qilishi mumkinligi koʻrsatilmoqda.

Vazirlar Mahkamasi qarori ustidan sudga shikoyat qilish-ku amalda natijasi “nol” boʻlsa-da tushunarli. (Shu joyida yaqinda Qibray tumani Maʼmuriy sudida shuncha dalil, qonun, kafolatga ishonib hukumat aʼzolarini sudga bergan “Sulton tex group” MCHJ klasteri bilan bogʻliq vaziyatni kuzatib borgan jamoatchilikning qonunlarni qoʻllashga «duxi» yetmagan “mustaqil sud”dan xafsalasi pir boʻlgani esga tushadi). Lekin Xalq deputatlari viloyat Kengashi qarori ustidan shikoyat berish tartibining oʻzi bormi? Agar boʻlsa shikoyat aynan kimning ustidan beriladi, 60 nafar deputatningmi? Mana bu savollar ochiq.

“Mahalliy davlat hokimiyati toʻgʻrisida”gi Qonunning 26-moddasida xalq deputatlari viloyat Kengashi qarorlari Oliy Majlis tomonidan belgilangan tartibda bekor qilinishi mumkinligi keltirilgan. Demak fuqaro oʻz-oʻzidan Kengash qarori ustidan sudga shikoyat qila olmaydi. Chunki bu Oliy Majlis vakolatida qilinadigan ish, agar Oliy Majlisning bunday tartibi boʻlsa albatta.

Shuningdek, mamlakat boʻyicha «snos epidemiyasi» koʻlamining kattaligi boshqa hokimiyatlar kabi “katta armiya”ga ega boʻlmagan Oliy Majlisning har bir norozi fuqaro shikoyati boʻyicha ishlay olish imkoniyatini ham shubhaga qoʻyadi.

Bu esa oʻz oʻrnida fuqarolarning Konstitutsiyada kafolatlab qoʻyilgan har qanday organ harakati ustidan shikoyat berish huquqini cheklaydi. Chunki Konstitutsiyaning 44-moddasida “Har bir shaxsga oʻz huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari, mansabdor shaxslar, jamoat birlashmalarining gʻayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi”, deb belgilangan.

Demak yuqoridagi qonun loyihasi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquqini amalga oshirishga monelik qilishi mumkin. Bu holatda Konstitutsiyaga oʻzgartirish kiritish yoki loyihadan voz kechish kerak.

Ammo soʻnggi vaqtlarda mulk huquqi bilan bogʻliq boʻlayotgan muammolar qonunsizlik yoki qabul qilinayotgan qonunlarning mazmunida emas, balki qonunlarga amalda ijrochi va nazoratchilar tomonidan amal qilinmasligida. Mulkka doir qancha qonun qabul qilmaylik, unga masʼullar ham amal qilmasa bari befoyda.

Bu shaxsiy fikrlar, yoqmasa oʻzingiz bilasiz...

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?