Kusherbayev: Aslida vaziyatning shu darajaga yetib kelishiga sovuqqon qaragani uchun hududiy prokuror ham javob berishi kerakmasmi?

09:01 07 Iyul 2020 Siyosat
877 0

Jinoyat kodeksida ajoyib modda bor: raqami 207, nomi “Mansabga sovuqqonlik bilan qarash”.

“Mansabga sovuqqonlik bilan qarash, yaʼni davlat organi, davlat ishtirokidagi tashkilot yoki fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organi mansabdor shaxsining oʻz vazifalariga loqaydlik yoki vijdonsizlarcha munosabatda boʻlishi oqibatida ularni bajarmasligi yoki lozim darajada bajarmasligi fuqarolarning huquqlariga yoki qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlariga yoxud davlat yoki jamoat manfaatlariga koʻp miqdorda zarar yoxud jiddiy ziyon yetkazilishiga sabab boʻlsa” mansabdor jinoiy javobgarlikka tortilishi koʻrsatilgan ushbu moddada.

Bir necha kundan beri Boʻstonliq tumanida oʻzboshimcha qurilmalar qilingani, holat yuzasidan 8 ta jinoyat ishi ochilgani, bu davlat va jamoat manfaatlariga katta zarar yetkazgani haqida aytilyapti. Maʼlumotlarga qaraganda bu kabi noqonuniy ishlar bugun yoki kecha boshlanmagan, boshi bir necha yillarga borib taqaladi.

Boʻstonliq bugun yerlarni noqonuniy egallash va oʻzboshimcha qurilish qilish boʻyicha jinoyatchilik avj olgan hudud sifatida gavdalanyapti. Aybdorlarni jazolash, noqonuniy qurilmalarni bartaraf etish ishlari jadal ketyapti ekan. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar, sud va masʼul idoralar vakillarining bayonotlaridan bu koʻrinib turibdi. Bu tushunarli. Adolat nuqtayi nazaridan olganda hammasi qonuniy tartibda boʻlsa biz ham buni qoʻllab-quvvatlaymiz.

Biroq shu oʻrinda tabiiy bir savol tugʻiladi: Oʻzbekistonning koʻrki, Toshkent viloyatining yuzi hisoblangan Boʻstonliqda uzoq vaqtdan buyon noqonuniy ishlarning avj olishiga yoʻl qoʻygan, yer va qurilish sohasidagi qonunlar ijrosini yetarli nazorat qilmay vaziyatni shu darajaga yetib kelishiga koʻz yumgan qonun nazoratchilarining sovuqqonligiga nega baho berilmayapti?

Aslida vaziyatning shu darajaga yetib kelishiga sovuqqon qaragani uchun hududiy prokuror ham javob berishi kerakmasmi? Balki javob berayotgandir, lekin negadir bu aytilmayapti. Har qalay jamoatchilik bilib qoʻysa xolislik uchun ayni muddao boʻlardi.

Yoqmagan boʻlsa ham, biroq bu qonunda belgilangan qoida.

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilk palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?