«Shu kunlarda ham xalq bo‘yniga o‘ligingizni tashlashga uyalmaysizmi?» — deputat Kusherboyev monopol kompaniyalarni qattiq tanqid qildi ​

16:59 20 Iyul 2020 Siyosat
3616 0

Yaqinda Prezident Farmoni bilan Moliya vazirligi huzurida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi tashkil etilgandi. Jamgʻarmaning asosiy maqsadi koronavirusga qarshi kurashish boʻyicha choralarga sarflanishi kerak boʻlgan mablagʻlar tashkil etadi. Bu hammaga maʼlum.

Kuni kecha ushbu jamgʻarmaning daromad va xarajatlari eʼlon qilindi. Raqamlarni koʻrib, mana shunday ogʻir sharoitda ham bizni “boqimanda”, xalq hisobiga kun koʻrib yurgan monopolistlarimiz “bezbetlarcha” katta-katta mablagʻlarga ega boʻlayotganligi asablarni tarang qilmoqda.

Eʼtibor qiling: koronavirusga qarshi kurash tadbirlari uchun mamlakat boʻyicha 907 mlrd., shifoxona va karantin majmualarini qurish va jihozlash uchun jami 684 mlrd. soʻm ajratilgan bir vaqtda iqtisodiyotni qoʻllab-quvvvatlash degan band bilan bizni “boqimanda”, “erkatoy” monopolchilarimiz boʻlgan “Uzbekistan airways” AJga ssuda tariqasida 406 mlrd, “Uzbekistan airports” AJga ssuda tariqasida 101 mlrd, «Oʻzbekneftgaz» AJga subsidiya hisobida 401 mlrd, «Birinchi rezinotexnika zavodi» MCHJga ssuda tariqasida 40 mlrd, «Issiqlik eyelektr stansiyalari» AJga subsidiya tariqasida 500 mlrd, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJga ssuda tariqasida 250 mlrd soʻm miqdoridagi mablagʻlar ajratilgan. Bir nechta monopolistga ajratilgan mablagʻ jami koronavirusga qarshi kurash uchun ajratilayotgan mablagʻdan ham koʻp. Bu insofsizlik emasmi?

Isteʼmolchi sifatida xalqimizga tanlov imkoniyatini bermaydigan hurmatli monopolchilarimizni faoliyatidan odamlarimiz shu kunga qadar rozi boʻlib kelganda ham alam qilmasdi. Ayting qaysi biridan biz rozimiz: dunyoda neft narxi minus darajaga tushgan vaqtda ham benzin narxini bir ikki haftaga nomiga tushirib, yana qaytarib qoʻygan “oʻyinchi” «Oʻzbekneftgaz»danmi, bilet narxlari osmon, sifati past “Uzbekistan airways” nomli havo yoʻllaridanmi yo joylarda normal chiroq yoqib oʻtirishdan ham mahrum qilayotgan elektr tarmoqlaridanmi?

Ayting hurmatli monopollar: xalq boshiga tushgan kulfat vaziyatida siz qaysi xizmatingiz uchun bu pullarga sherik boʻlyapsiz? Shu kunlarda ham xalq boʻyniga oʻligingizni tashlashga uyalmaysizmi?

Mana monopoliyaning oqibati: ular davlat va xalqni tanasidagi zulukdek oʻlguncha soʻrishadi, xalq kulsa ham oʻlsa ham ular doimo yuk, millionlab odamlar bir nechta “erkatoy”ni boqishga mahkum boʻladi. Shu sabab, davlat bu zuluklardan kechib maydonni mard, halol, masʼuliyatli raqobatchilarga tezroq boʻshatib berishi kerak.

Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?