Rivojlanishni istamagan tadbirkor emas

14:34 05 Noyabr 2018 Iqtisodiyot
545 0
Arxiv surati

2018 yil 22 oktyabr kuni Vazirlar Mahkamasining 850-son qarori eʼlon qilingan edi. Ochigʻi bu keyingi paytlarda ijtimoiy tarmoqlar, internet saytlarida jamoatchilik tomonidan eng koʻp muhokama etilgan mavzulardan biriga aylandi.

Munozaralarning sababi nima?

Gap shundaki, “Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida” 2011 yil 7 yanvardagi 6-son qaroriga oʻzgartirish kiritish toʻgʻrisida”gi qaror yakka tartibdagi ayrim tadbirkorlarga 2018 yil 1 yanvardan boshlab faoliyatini davom ettirishi uchun yuridik shaxs tashkil etishni majburiy qilib qoʻydi.

Soddaroq qilib aytganda qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanayotgan, alyuminiy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlar tayyorlayotgan yakka tartibdagi tadbirkorlar endi yuridik shaxs tashkil etishi, xalq tili bilan aytganda firma ochishi shart. Sababi bu yoʻnalishlardagi faoliyat turlari xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari roʻyxatidan chiqarildi.

Tadbirkor kim?

Tadbirkor deganda shaxsan mening koʻz oʻngimda harakatchan, doim yangilik yaratishga intiladigan, bir soʻmini ikki soʻm, bir xodimini ikki xodim, bitta mahsulot turini ikkita mahsulot turi qilish payida yonib yashaydigan odam gavdalanadi. Oddiy hayotiy kuzatishlarimga qaraganda yoʻqdan bor qilish, kichikni kattalashtirish, boshqalar bir yilda qiladigan ishni bir-ikki oyda, balki undan ham tez bitirish xususiyatiga ega boʻlgan kishi tadbirkor boʻladi.

Buxorolik Jobir degan bir yigitni taniyman. Koʻp emas 5-6 yil avval “Otchopar”da aravakashlik qilardi. Sekin asta olib sotishni boshladi, keyinroq olib kelishni boshladi, hozir oʻzi ishlab chiqaradi. Endi oʻziga oʻxshab “Ippodrom”da arava tortgan yuzlab yigitlar uning qoʻlida ishlaydi. Suhbatlashsangiz, besh yillik, oʻn yillik rejalarini aytadiki, eshitib, “Shu ishlarni qilib boʻladimi?” deysiz. Lekin u hammasini uddalaydi.

U arava tortib yurganda shunchaki yollanma ishchi edi. Keyinchalik savdogar, yaʼni yakka tartibdagi tadbirkor boʻldi. Chetdan mahsulot olib kela boshlaganida ikki-uch odamni ishlatdi. Bugun esa u katta bir firmaning egasi. Bozor shafqatsiz. Hech narsa oʻz oʻzidan boʻlmaydi, albatta. Jobir ham bu orada necha marta “bankrot” boʻlgani va yana qayta oyoqqa turib ketgani uning oʻziga ayon. Lekin aslo ortga qaytmagani uchun bugun shunday natijalarga erishdi.

Yuridik shaxs tashkil etishning nimasi yomon?

Endi bevosita masalaga qaytadigan boʻlsak, davlat avval boshdanoq yuqoridagi faoliyat turlari bilan shugʻullanish uchun faqat yuridik shaxslarga ruxsat berishi mumkin edi. Lekin unday boʻlmadi. Bu sohada tadbirkorlarga katta imkoniyat yaratib berildi. Natijada shu sohalarda minglab tadbirkorlar paydo boʻldi hamda oʻz ishini yoʻlga qoʻydi. Endi ular aslo ortga qaytmaydi va oʻylaymanki faoliyatini yanada rivojlantirish harakatida.

Amaldagi qonunchilikka asosan xususiy tadbirkorlar chakana savdo, maishiy xizmat koʻrsatish va boshqa turdagi jami 81 ta faoliyat bilan yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi, bir nafardan uch nafargacha xodimni yollab ishlatishi mumkin. Misol uchun chakana savdo faoliyati bilan shugʻullanganda bir nafar, maishiy xizmat koʻrsatish faoliyati bilan shugʻullanganda uch nafargacha, faoliyatning boshqa turlari bilan shugʻullanganda ikki nafargacha xodimni yollab ishlatishiga ruxsat etilgan.

Lekin, keling tan olaylik, qurilish materiallari, sement, shifer, yogʻoch va yogʻoch mahsulotlari savdosi bilan shugʻullanadigan xususiy tadbirkorlar ularni transportga yuklash, tashish, tushirish, qadoqlash, qoʻriqlash va sotishni bir nafar yollanma ishchi bilan bajara oladimi? Shuning uchun ular qonunchilikda belgilanganidan ortiqcha xodimlarni yollab, norasmiy ishlatishga majbur boʻlyapti.

Ikkinchidan, alyuminiy (plastik) profillardan eshik, deraza va boshqa buyumlarni tayyorlash uchun kattagina bir sex kerak. Yirik uskunalar, stanoklarni ishlatmasdan turib bu ishlarni qilib boʻlmasligini isbotlab oʻtirishga hojat yoʻq. Xomashyo materiallari va tayyor mahsulotlarni ortish, tashish, tushirish va oʻrnatish uchun koʻp ishchi kuchi talab etilishini hammamiz bilamiz yaxshi bilamiz. Natijada bu yoʻnalishdagi yakka tartibdagi tadbirkorlar ham xodimlarni norasmiy yollab ishlatishiga toʻgʻri kelmoqda.

Endi bir oʻylab koʻraylik. Yakka tartibdagi tadbirkor shuncha odamni ishlatyapti, ularga oylik maosh berib, roʻzgʻorini obod qilyapti. Endi qilayotgan shu ishini qaytadan roʻyxatdan oʻtkazib, yuridik shaxs tashkil etadi va qoʻlida norasmiy ishlayotgan odamlarni rasman ishga qabul qiladi va ularga qonun doirasida ish haqi toʻlaydi. Bu axir biznesimni rivojlantiraman, yiriklashtiraman, katta-katta loyihalarni amalga oshiraman deb yonib yashayotgan tadbirkorga bir imkoniyatku aslida. Bundan tashqari bu yerda faqat bitta tadbirkorning emas, uning qoʻlida ishlayotgan qanchadan qancha yollanma ishchilarning manfaati bor. Shunday ekan, yuridik shaxs tashkil etishning nimasi yomon?

Dardingni sud ham eshitmaydi!

Aslida yakka tartibdagi tadbirkorning qoʻlida ishlayotgan norasmiy yollangan xodimlarning mehnat muhofazasi va mehnat xavfsizligiga umuman kafolat yoʻq. Mehnat stajlari yuritilmasdan, ijtimoiy muhofazasi, kelgusida pensiya taʼminoti kafolatlanmasdan qolmoqda. Ertaga ularning hayotiga, taqdiriga kim javob beradi? Pensiya taʼminotining kafolati bormi? Kim bu masʼuliyatni zimmasiga oladi? Kuch-quvvati borida ishlatgan tadbirkor keksayganda ham uni boqadimi?

“Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonunga koʻra yuk ortish va tushirish ishlari ogʻir va xavfli ishlar toifasiga kiritilgan. Ish jarayonida bir xodimning doimiy koʻtaradigan yuk ogʻirligi 15 kg dan va ish smenasi davomida jami koʻtaradigan yuk ogʻirligi 870 kg dan oshmasligi kerak. Axir qurilish mollari bilan savdo qiladigan yakka tartibdagi tadbirkorning qoʻlida ishlaydigan yollanma ishchilar bir kunda tonnalab yukni ortadi, tushiradi, tashiydi. Ularning qanchasi bel ogʻrigʻi, disk churrasi bilan bogʻliq kasalliklarni orttirib olgan. Xoʻsh uning salomatligiga kim javob beradi? Norasmiy mehnat faoliyati bilan shugʻullangani, ish beruvchi bilan rasmiy shartnoma tuzmagani uchun uning manfaatlarini hatto sud ham himoya qilolmaydi. Chunki sudga isbot kerak, dalil kerak, fakt kerak, hujjat kerak. Norasmiy yollanma ishchida ular bormi?

Hammasi hisobga olingan

Yuqoridagi barcha holatlar hisobga olinib, hukumat xususiy tadbirkorlar yuridik shaxs tashkil etmasdan shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlarini qayta koʻrib chiqishga majbur boʻldi.

Vazirlar Mahkamasining qarori bilan shu kabi 17 ta faoliyat turlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritildi va 2 ta faoliyat turi faqat yuridik shaxslar tomonidan amalga oshirilishi belgilandi. Bu esa yuridik shaxs maqomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshiruvchilar uchun qulayliklar yaratish, yollanib ishlayotgan fuqarolar manfaatlarini himoya qilish, xodimlarning mehnat muhofazasi, ijtimoiy muhofazasi va boshqa huquqlarini taʼminlaydi. Bunday ishlardan davlat ham, jamiyat ham, tadbirkor ham, uning qoʻlida ishlayotgan yuzlab, minglab ishchilar ham birdek manfaatdor boʻladi.

Bekzod Shukurov


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?