Rishtonlik ayol 1336 varaqlik dastxatlar arxivini yaratdi

18:11 18 Iyun 2019 Jamiyat
378 0

Kimdir bedana boqishga, kimdir kitob oʻqishga va yana kimdir futbol tomosha qilishga oshufta.

Fargʻona viloyatining Rishton tumani markazida istiqomat qiluvchi Mavludaxon Joʻrayeva taniqli shaxslardan dastxat olishga qiziqadi. Shu kunga qadar u 22 daftarning jami 1336 varagʻini mamlakatimizning eng yorqin yulduzlari, sanʼat arboblari, aktyorlar, qoʻyinki, barcha sohalardagi taniqli shaxslarning tilaklari va dastxatlari bilan toʻldirgan. Ayni kunlarda u 23-daftarning 30-varagʻiga “yetib keldi”.

Qayerda sanʼatkorlar ishtirokida konsert yoki uchrashuvlar uyushtirilishining xabarini olsa kifoya. Barcha yumushlarini bir chetga surib ana shu “qaynoq nuqta”da ishtirok etadi. Eng qiziqarlisi ming tadbir bilan undan dastxat olishning uddasidan chiqadi. Mahallada Mavludaxon Joʻrayevani tanish, notanishlar hammasi dastxatchi opa, deb atashadi.

- 1980-yillarning oxiri edi. “Nurli-nurli” qoʻshigʻi bilan mamlakatimizda mashhur boʻlib ketgan qoʻqonlik marhum sanʼatkor Siddiq Moʻminov tumanimizda konsert berdi. Toʻs toʻpolonda bir ilojini qilib u bilan koʻrishishga muyassar boʻldim. Gap orasida oʻzbekona lutf bilan uyga oʻting osh damlab beraman, dedim. Bir mahal kechga yaqin sanʼatkor ukamiz kutilmaganda ostona hatlab kirib kelsa boʻladimi. Osh damlashga ham, kutib olishga ham tayyor emasdim. U paytlarda sharoitlarimiz ham unchalik emas edi. Amallab tushonkadan osh damlab berdim. Tasavvur qilyapsizmi?! Ketar chogʻida menga bildirmay minnatdorchilik sifatida yangi daftarga moʻlroq pul va oʻz dastxati bilan tilak yozib ketibdi. Hammasi mana shu kundan boshlandi. Mana 30 yildan buyon shu mening sevimli mashgʻulotimga aylangan.

Mavludaxon opa dastxat yigʻish bilan birga, xonadonida minga yaqin dastxat tushirilgan kalendarlar, 500 ga yaqin konsert biletlari, sanʼatkorlar bilan tushgan fotosuratlar kolleksiyasini ham toʻplaydi.

Elyorjon EHSONOV, “Xalq soʻzi”


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?