Richard Viz: “Koʻplab amerikaliklar Oʻzbekistonni borib koʻrishlarini va bu goʻzal diyorning boy tarixiy-madaniy merosi haqidagi bilimlarini boyitishlarini istayman hamda buni qoʻllab-quvvatlayman”

12:38 25 Noyabr 2019 Jamiyat
129 0

Biz va jahon

Yaqinda Oʻzbekistonning Vashingtondagi elchixonasida Xalqaro tadqiqotchilar klubiga aʼzo 160 nafar yetakchi tadqiqotchi hamda olim ishtirokida brifing oʻtkazildi.

Bundan koʻzlangan maqsad, ularni mamlakatimiz hayotining barcha sohasida roʻy berayotgan oʻzgarishlar, shuningdek, diyorimizning boy tarixiy-madaniy merosi bilan yaqindan tanishtirishdan iborat edi.

Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtish joizki, Xalqaro tadqiqotchilar klubi Amerikadagi koʻp tarmoqli jamiyat boʻlib, 1905-yilda Nyu-York shahrida ish boshlagan. U butun dunyodagi olimlar va mutaxassislarni oʻzida birlashtirgan. Faoliyati ilmiy hamda amaliy izlanishlarni rivojlantirishga koʻmaklashishga qaratilgan. Har yili tadqiqotchilik yoʻnalishida erishilayotgan muvaffaqiyatlar va yangi kashfiyotlarga bagʻishlangan konferensiya uyushtirish klubning yaxshi anʼanasiga aylangan.

Shimoliy qutbga ilk bor qadam bosgan Robert Piri va Metyu Xenson (1909-yil), Janubiy qutbga birinchi boʻlib borgan Rual Amundsen (1911-yil), Atlantika okeani ustidan dastlab yolgʻiz oʻzi uchib oʻtgan Charlz Lindberg (1927-yil), Everest choʻqqisini hammadan oldin zabt etgan Edmund Xillari va Tensing Norgey (1953-yil), Oyga ilk bor qadam qoʻygan Nil Armstrong va Bazz Oldrin (1969-yil) mazkur klub aʼzolari boʻlgani ham uning nufuzini koʻrsatadi.

Oʻzbekiston elchixonasi mezbonlik qilgan tadbirni yurtimiz diplomatik missiyasi rahbari Javlon Vahobov ochib berdi. U mehmonlarga Samarqand, Buxoro, Xiva kabi betakror shaharlarimiz haqida soʻzlab berdi. Xususan, qadim kentlarimizning sharq va gʻarb oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarini yoʻlga qoʻyishda yetakchi rol oʻynagani, Buyuk Ipak yoʻli chorrahasida joylashganiga alohida urgʻu berdi. Oʻz navbatida, olimlar eʼtibori koʻp millatli Oʻzbekiston madaniyatining rang-barangligiga qaratildi.

Vatanimizda ilm-fan va taʼlim-tarbiya hamisha yuksak qadrlangani ham faxr bilan tilga olindi. Klub vakillari matematik va astronomik hisob-kitoblar asosida Kolumbdan besh asr oldin Amerikani ochgan al- Beruniy, smartfonlarimiz negizini tashkil etuvchi algoritmni yaratgan al-Xorazmiy, zamonaviy tibbiyot asoschilaridan biri Ibn Sino singari buyuk ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.

Oʻzbekiston “Global dunyo indeksi”da turistlar uchun eng xavfsiz davlatlar orasida faxrli beshinchi oʻrinni egallab turganiga eʼtibor qaratildi. Bundan tashqari, “Lonely Planet” tavsiyasiga koʻra, yurtimiz Osiyodagi, albatta, borish kerak boʻlgan ikkinchi manzil hisoblanishi, “New York Times Journeys” esa Oʻzbekistonni har yili tashrif buyuriladigan 52 maskandan biri sifatida eʼtirof etgani koʻpchilikning hayratini oshirdi.

Bularning barchasi mamlakatimizga boʻlgan qiziqishning ortishiga sezilarli taʼsir etib, koʻplab qatnashchilarni 2020-yilda Oʻzbekistonga ilk turistik tashrifni amalga oshirishni rejalashtirishlari uchun turtki berdi.

— Oʻzbekistonning koʻp asrli va beqiyos madaniyatining ajoyib muhitida boʻlish menga katta zavq berdi, — dedi Xalqaro tadqiqotchilar klubi prezidenti Richard Viz. — Oʻtgan yili yurtingizga borib, Turizm sohasidagi birinchi xalqaro investitsiyaviy forumda ishtirok etgan edim. Dunyoning barcha nuqtasiga borgan boʻlsam-da, Oʻzbekistonga ilk tashrifim chogʻidayoq nafaqat uning betakror taomlarini, balki juda mehmondoʻst insonlari, boy meʼmorchiligi va noyob madaniyatini yaxshi koʻrib qoldim.

Men doimo koʻplab amerikaliklar mazkur goʻzal diyorni borib koʻrishlarini va buyuk Oʻzbekistonning oʻziga xos tarixiy-madaniy merosi haqidagi bilimlarini boyitishlarini istayman hamda buni qoʻllab-quvvatlayman.

Shuni taʼkidlash kerakki, brifing AQSHning yetakchi muassasalari bilan ikki tomonlama munosabatlarni kuchaytirish boʻyicha amaliy aloqalarni yoʻlga qoʻyish imkonini ham berdi. Ulardan biri Amerika raqobatbardoshlik kengashi raisi Debora Vins-Smitdir.

— Oʻzbekiston elchixonasida tashkil etilgan ushbu taqdimotda ishtirok etish men uchun katta sharaf, — dedi u. — Biz koʻplab asrlar davomida Yevroosiyo tamaddunida hal qiluvchi rol oʻynagan mamlakatingiz, Buyuk Ipak yoʻli tayanch nuqtalaridan boʻlgan shaharlaringizni oʻzimiz uchun kashf etdik. Oʻzbekiston bugun ham gʻarb va sharq oʻrtasida savdo-iqtisodiy hamda siyosiy-diplomatik munosabatlarni yoʻlga qoʻyishda muhim davlatga aylanyapti. Yosh va kuchga toʻla aholisi bilan jadal yuksalib borayotgan mamlakat yanada ravnaq topishi uchun juda yaxshi istiqbollarga ega. Amerika raqobatbardoshlik kengashi raisi sifatida yurtingiz bilan innovatsion texnologiyalar va XXI asrda barqaror iqtisodiy taraqqiyotni mustahkamlash sohasida hamkorlik aloqalar yoʻlga qoʻyilishidan umidvorman.

Saidjon MAXSUMOV

(“Xalq soʻzi”) tayyorladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?