RFning koʻp tarmoqli markazini Oʻzbekistonda tashkil etish vazifasi bajarilmagan

14:38 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
419 0

2019-yil 30-oktyabr kuni Oliy Majlis Senatida Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining majlisi boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi hamda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining 2019-yilning toʻqqiz oyida amalga oshirilgan ishlar toʻgʻrisidagi hisobotlari eshitildi. Bu haqda yuqori palata axborot xizmati xabar berdi.

Majlisda oliy va oʻrta maxsus taʼlim hamda bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari rahbar xodimlari, tegishli tuzilmalar vakillari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Dastlab Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligining joriy yil oʻtgan davridagi faoliyati tahlil qilindi. Taʼkidlanganidek, 2019-yilda ushbu vazirlik zimmasiga 30 ta maqsadli vazifa yuklatilgan boʻlib, ularning 15 tasi joriy yilning toʻqqiz oyi mobaynida bajarilishi belgilangan. Vazirlik maʼlumotlari tahlili aksariyat vazifalar ijro etilganligini, biroq 2 ta vazifa bajarilishi yakuniga yetmaganligini koʻrsatdi.

Xususan, II-III choraklarda fan boʻyicha 1500 ta elektron oʻquv-uslubiy majmua ishlab chiqish topshirilgan boʻlsa-da, bu vazifa atigi 13 foizga bajarilgan. Qolaversa, joriy yilning II choragida oliy oʻquv yurtlarida ilmiy natijalarni tijoratlashtirish boʻlimlari faoliyati samaradorligini oshirish belgilangan edi. Uni bajarish uchun respublikadagi barcha moddiy-texnik, ilmiy-intellektual va moliyaviy resurslarni safarbar etgan holda mavjud ilmiy-innovatsion salohiyatdan toʻliq foydalanish, ilmiy-tadqiqot ishlari samaradorligini oshirish, ilmiy hajmdor mahsulotlar yaratish koʻlamini kengaytirish, yuqori innovatsion faollikni taʼminlaydigan aniq mexanizm va moliyalashtirish tizimini takomillashtirish maqsadida Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan “Ilm-fan va ilmiy-tadqiqot ishlarini moliyalashtirish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori loyihasi ishlab chiqilgan. Biroq ushbu hujjat shu kunga qadar qabul qilinmaganligi tufayli oliy oʻquv yurtlarida ilmiy natijalarni tijoratlashtirish boʻlimlarining faoliyati samaradorligini oshirish vazifasi bajarilishi yakuniga yetmagan.

Majlisda Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi faoliyatida aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.

Tadbir davomida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining joriy yil oʻtgan davridagi faoliyati natijalari ham koʻrib chiqildi. Taʼkidlanganidek, 2019-yilda ushbu vazirlik zimmasiga jami 25 ta maqsadli vazifa yuklatilgan boʻlib, ularning 11 tasi 2019-yilning toʻqqiz oyi mobaynida bajarilishi lozim edi. Biroq vazirlik tomonidan taqdim etilgan maʼlumotlar tahlili koʻrsatganidek, ularning 4 tasi bajarilmagan.

Xususan, joriy yilning uchinchi choragida Oʻzbekiston Respublikasida Xalqaro migratsiya tashkilotining vakolatxonasini ochish vazifasi nazarda tutilgan. Shu maqsadda Oʻzbekiston hukumati va Xalqaro migratsiya tashkiloti oʻrtasida bitim loyihasi ishlab chiqilgan. Tegishli tashkilotlar bilan kelishilgan holda vazirlik xati Tashqi ishlar vazirligiga kiritilgan. Lekin hozirgi kunga qadar respublikada Xalqaro migratsiya tashkilotining vakolatxonasi ochilmagan va bu vazifa ijrosi taʼminlanmagan.

Shuningdek, vazirlik zimmasiga uchinchi chorak davomida Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat (patent) beruvchi Rossiya Federatsiyasining koʻp tarmoqli markazini Oʻzbekistonda tashkil etish vazifasi yuklatilgan. Biroq buning ham ijrosi taʼminlanmagan.

Bundan tashqari, uchinchi chorak davomida boʻsh ish oʻrinlarining mustahkam va dolzarb bazasini shakllantirish, ish bilan taʼminlangan aholi sonini aniqlash, shuningdek bandlikka koʻmaklashish markazlari faoliyati samaradorligining asosiy koʻrsatkichlarini aks ettiruvchi tizim ishlab chiqish va joriy etish vazifasi belgilangan. Vazirlik tomonidan aholi bandligiga koʻmaklashish markazlarida ushbu tizimni tajriba sifatida joriy etish boʻyicha buyruq chiqarilgan, lekin hududlarda ushbu tizim hali amalda joriy etilmagan.

Majlisda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi faoliyatidagi shu va boshqa kamchiliklar atroflicha tahlil qilinib, ularni bartaraf etish boʻyicha amaliy taklif va tavsiyalar bildirildi.

Koʻrib chiqilgan masalalar yuzasidan Fan, taʼlim va sogʻliqni saqlash masalalari qoʻmitasining tegishli qarorlari qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?