Rejalarimiz koʻlami har bir kundan unumli foydalanishni taqozo etadi. Namangan viloyati hokimi bilan suhbat

11:22 17 Yanvar 2020 Siyosat
206 0

Poyoniga yetgan yilda yurtimizning barcha hududida ulkan bunyodkorlik ishlari amalga oshirilib, iqtisodiyotimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligini taʼminlovchi koʻplab istiqbolli loyihalar roʻyobga chiqarildi. Xususan, Namangan viloyatida ham shunday yangilanishlar tufayli hudud qiyofasi tubdan oʻzgarib, iqtisodiy-ijtimoiy sohadagi oʻzgarishlar samarasi aholi hayot tarzida oʻz ifodasini topmoqda. Eng muhimi, odamlar olib borilayotgan islohotlardan mamnun, oʻtayotgan kunidan rozi, taraqqiyotimiz yoʻlidagi ezgu ishlarga kamarbasta.

Muxbirimiz oʻtgan bir yil davomida Namanganda amalga oshirilgan ishlar, joriy yilga rejalashtirilgan chora-tadbirlar xususida viloyat hokimi Xayrullo BOZOROV ­bilan suhbatlashdi.

— Fikrimni avvalo, ­davlatimiz rahbari oʻtgan yilning 28-fevral — 1-mart kunlari viloyatimizga tashrifi chogʻida “2019-yil Namangan yili boʻladi”, deya bizga katta ishonch bildirganidan, taqdim etgan loyihalarimizni har tomonlama qoʻllab-quvvatlaganidan boshlashni istardim. Chunki oʻsha tashrif yakunlariga koʻra, 1 424 ta yirik va oʻrta loyihani oʻz ichiga olgan uch yillik dastur ishlab chiqildi, — deya soʻz boshladi viloyat hokimi. — Unda belgilangan vazifalarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi natijasida 2019-yilning oʻzida mingga yaqin loyihalar roʻyobga chiqarilib, 5,5 trillion soʻmdan ortiq mablagʻ oʻz­lashtirildi. Misol uchun, Namangan shahridagi toʻqimachilik mahsulotlari ­ishlab chiqarishga ixtisoslashtirilgan “ART sof teks” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 293,5 milliard soʻm boʻlgan yirik loyiha ishga tushirildi. Bundan tashqari, 100 milliard soʻm mablagʻ hisobiga “Uz Tex Group” qoʻshma korxonasining Norin va Chortoq tumanlarida filiallari barpo etildi. Ayni payt­da ularda 1300 nafardan ziyod kishilar mehnat qilayotir. Namangan tumanida esa farmatsevtika sohasida faoliyat olib borayotgan “Merrymed farm” MCHJ tomonidan 54 milliard soʻmlik loyiha nihoyasiga yetkazildi. Umuman, dastur doirasida 110 ta ijtimoiy va infratuzilma obyektida rekonstruksiya va taʼmirlash ishlari amalga oshirildi.

Oʻtgan yil Namangan dunyo sarmoyadorlari uchun keng ochilgan viloyatlardan biriga aylangani koʻngilda faxr tuygʻularini uygʻotadi. Buni quyidagi raqamlar ham tasdiqlaydi. Yaʼni 2019-yilda 154 ta hududiy loyiha doirasida 300 million AQSH dollaridan koʻproq toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar oʻzlashtirildi. Vaholonki, 2018-yilda bu raqam 74 million AQSH dollaridan iborat edi. Bugungi kunga kelib oʻsish surʼati ­salkam 3,5 barobarni tashkil etmoqda.

Viloyatda qoʻshma korxonalar tashkil etish ishlari ham jadal olib borilyapti. Raqamlarga eʼtibor beradigan boʻlsak, 2017-yilda 20 ta, 2018-yilda 40 ta hamkorlik korxonasi ishga tushirilgan edi. Yakunlangan yilda esa 88 ta qoʻshma korxona davlat roʻyxatidan oʻtkazildi.

Aytish kerakki, xorijiy kompaniyalar va ishbilarmonlik tuzilmalarini jalb etishda viloyatimizda oʻtkazilayotgan iqtisodiy forum va ­boshqa anjumanlarning oʻrni beqiyos boʻldi. Jumladan, 2019-yilning iyun oyida oʻtkazilgan Xalqaro iqtisodiy forumda 350 dan ortiq xorijiy investorlar Namangan salohiyati bilan yaqindan tanishdi. Forum yakunida 340 million AQSH dollaridan koʻproq qiymatdagi 48 dan ziyod shartnomalar imzolandi. Shuningdek, oʻtgan yilning sentyabr oyida farmatsevtika va tibbiyot boʻyicha ­xalqaro forumga mezbonlik qildik. Uning yakunida dori-darmon va boshqa turdagi tibbiy vositalar yetkazib berish boʻyicha 90 million AQSH dollariga teng 10 ta muhim kelishuvga erishildi.

Hozirgi kunda toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar yoʻnaltirilgan koʻplab loyihalar ijrosiga kirishilgan. Ulardan biri Toʻraqoʻrgʻon tumanida Janubiy Koreya bilan hamkorlikda barpo etilayotgan “Hyundai” avtomobil zavodidir. 200 million AQSH dollari qiymatida sarmoya yoʻnaltirilgan mazkur korxona bitgach, yiliga 3000 tagacha tijorat avtomobillari ishlab chiqariladi. Yana bir yirik loyiha Chust tumanida ­xitoylik investorlar bilan hamkorlikda “TAI Chang spesial stell” MCHJ tomonidan umumiy qiymati 50 million AQSH dollariga teng metallni qayta ishlash loyihasi amalga ­oshirilmoqda.

Bunday misollarni nafaqat ­ishlab chiqarish, balki ijtimoiy soha, ­xizmat va servis jabhasidan koʻplab keltirish mumkin. Umuman olganda, Namanganning investitsiyaviy jozibadorligini yuksaltirish uchun viloyatimizning barcha shahar va tumanlarida faol ish olib borilmoqda. Bu tabiiy jarayon. Negaki, xorijiy ­sarmoyador uchun aeroportdan boshlab ovqatlanish joylarigacha, yurish yoʻllaridan tortib bozorgacha — ­hammasi muhim. Zero, investor oʻzini uyidagidek his qilgan joygagina sarmoyasini ishonch bilan yoʻnaltiradi.

— Bugun tadbirkorlik harakati iqtisodiyotning lokomotiviga aylanmoqda. Viloyatda ushbu sohani rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar xususida toʻxtalib oʻtsangiz...

— Tadbirkorlik rivoji boʻyicha viloyatimizda katta ishlar qilinmoqda. Ayni paytda yalpi hududiy mahsulotda soha vakillarining ulushi ­salkam 80 foizga yetgani ana shu saʼy-harakatlar samarasidir.

Viloyatimizda yengil va oziq-ov­qat sanoati, binokorlik materiallari ishlab chiqarish kabi yoʻnalishlarda rivojlanish yuqori. Endi tadbirkorlarimiz boshqa sohalarni ham qamrab olishlari zarur. Buning uchun shart-sharoit yetarli. Misol uchun, “Namangan” va “Kosonsoy-farm” ­erkin iqtisodiy zonalari, 15 dan ortiq kichik sanoat hududlari imkoniyatidan keng foydalanish talab etiladi. Yana bir masala: endi mahsulotini faqat ichki bozorgagina sotaman, degan tadbirkor uzoqqa bora olmaydi. Kichik korxona va firmalarimiz tashqi bozordan ham oʻz oʻrinlarini topishlari zarur.

Biznes qilaman, degan odamga, eng avvalo, yer, bino kerak. Bilsangiz, joy soʻrab qabulga kelayotgan tadbirkorlar soni juda koʻp. Nima, faqatgina yangi bino qurish kerakmi? ­Vaholonki, joylarda foydalanilmay yotgan davlat mulki obyektlari mavjud. Biz ularni ishbilarmonlarga imtiyozli shartlar asosida yoki “nol” qiymatda taqdim etishga tayyormiz. Tadbirkorlar bilan uchrashuvlar chogʻida ularning manfaatlarini doimo qoʻllab-quvvatlash haqida gapiramiz. Oʻylaymanki, shu singari masalalarni izchil yechar ekanmiz, taraqqiyot surʼatlari yanada tezlashadi.

— Hayotga tatbiq etilayotgan dasturlar zamirida aholi turmush farovonligini yuk­saltirishdek ezgu maqsad ustuvor oʻrin tutadi. Aytingchi, ijtimoiy yoʻnalishda ham investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirish koʻzda tutilganmi?

— Eʼtibor bergan boʻlsangiz, yangi yilning birinchi haftasida ijtimoiy tarmoqlarda viloyat ahlini mahalliy byudjetning sohalar boʻyicha ijrosi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar bilan tanishtirdik. Unda, masalan, sogʻliqni saqlash sohasi uchun 57,9 milliard, taʼlim sohasiga 10,1 milliard, madaniyat sohasiga 1,1 milliard, obodonlashtirish tizimiga 4,7 milliard soʻm mablagʻ yoʻ­naltirilganligi koʻrsatilgan. Tabiiyki, bularning barchasi xalqimizning munosib hayot kechirishi uchun yetarli shart-­sharoitlarni yaratishga xizmat qilishi bilan katta ahamiyatga ega.

Eng zamonaviy taʼlim maskani hisoblangan Prezident maktabipoytaxtdan keyin Namanganda ochilganligi bizga iftixor bagʻishlaydi. Innovatsion taʼlim texnologiya­si, xorijlik va mahalliy pedagoglardan saralangan jamoa vakillari jalb etilgan mazkur taʼlim maskanida jiddiy sinovlar asosida qabul qilingan 144 nafar oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Ular yangi Oʻzbekiston taraqqiyotiga munosib hissa qoʻsha oladigan, malakali kadrlar boʻlib yetishishiga ishonchimiz komil.

Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan besh muhim tashabbus ijrosi doirasida “Nodirabegim” axborot-kutubxona markazining qiyofasi tubdan yangilandi. Bu yerda kitobxonlar uchun zamon talablariga mos shart-sharoitlar yaratildi.

— Oldinroq Namangan viloyati sogʻliqni saqlash sohasi asosiy koʻrsatkichlar boʻyicha respublikada yetakchi oʻringa chiqib olgani haqida maʼlumotlar paydo boʻldi...

 Buni sohaga koʻrsatilayotgan doimiy eʼtibor, xususan, tibbiy muassasalar moddiy-texnik imkoniyatlari mustahkamlanib, shifokorlarimizning tashxis qoʻyish va davolash ishlariga ilgʻor texnologiya, zamonaviy vositalarni dadillik bilan joriy etayotganliklari samarasi desa toʻgʻri boʻladi. Aytish kerakki, keyingi paytlarda soha mutaxassislari yaqin vaqtgacha, asosan, xorijda amalga oshirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlarini mahalliy sharoitda bajarayotganliklari koʻpchilikni ajablantirmay qoʻydi. Misol uchun, ayrim yurak xastaligi bilan ogʻrigan hamyurtlarimiz tibbiy yordam olish uchun katta mablagʻ sarflab, Hindiston, Germaniya, Rossiya davlatlariga murojaat qilib kelishgani sir emas. Mana, ikki yildirki, viloyatdagi kardiologiya markazida yurak bilan bogʻliq sunʼiy qon aylantirish sharoitidagi noyob amaliyotlar muvaffaqiyatli oʻtkazilmoqda. Joriy yilning yozida mazkur markazda buyrakni koʻchirib oʻtkazish amaliyoti viloyatlar oʻrtasida birinchi boʻlib oʻzlashtirildi. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan filiali, koʻp tarmoqli bolalar tibbiyot markazi shifokorlari tomonidan oʻzlashtirilgan murakkab jarrohlik amaliyotlari ham dardiga ­darmon istab yurgan hamyurtlarimiz ­muammosiga yechim topgani bilan eʼtiborga molik.

2019-yilda viloyat boʻyicha 59 ta tibbiyot muassasasida 105 milliard soʻmlikdan koʻproq hajmda qurilish-taʼmirlash ishlari bajarildi. Viloyat endokrinologiya dispanseri, Namangan shahridagi 15, Yangiqoʻr­gʻon tumanining Nanay qishlogʻidagi oilaviy poliklinika yangi binoga koʻchib oʻtdi. Norin tumanining Uchtepa qishlogʻidagi qishloq shifokorlik punkti ham zamonaviy binoda xizmat koʻrsatmoqda.

— “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari ijrosi aholi turarjoylarini koʻrkam qiyofaga kiritayotgani bilan eʼtiborni tortadi. Namanganda boshqa viloyatlardan farqli ravishda “Obod markaz” ­dasturi ham ishlab chiqilgan. Uning mazmun-mohiyati ­nimada?

— Prezidentimizning viloyatimizga tashrifi chogʻida “Namangan oʻzgarishi kerak. Viloyat turmush darajasi ancha yuqori boʻlishi lozim. Viloyat ahli, yoshlari bunga munosib!” degan fikrni oʻrtaga tashlagan edi. Bu butun Namangan ahlini viloyatimizning yangi qiyofasini belgilashga undadi. Shundan kelib chiqib, amalda qoʻllanilayotgan “Obod qishloq”, “Obod mahalla” dasturlari qatoriga namuna sifatida ishlab chiqilgan “Obod markaz” dasturi ham qoʻshildi.

Joylarda yangi ijtimoiy obyektlar qurilishi va rekonstruksiyasini, rivojlangan infratuzilmalar barpo etish hamda keng koʻlamli obodonlashtirish tadbirlarini qamrab olgan “Obod markaz” dasturi ijrosi natijasida tuman markazlari zamonaviy shaharlardan qolishmaydigan koʻrinishga kiryapti. Bundan xalqi­miz xursand. Aytish kerakki, dasturga asosan, 660 dan ziyod obyektlarda bir trillion 433 milliard soʻmlik ishlar bajarilishi koʻzda ­tutilgan. Ayni yoʻnalishdagi loyihalar ijrosi bilan Kosonsoy, Mingbuloq, Namangan, Norin, Toʻraqoʻrgʻon, Uchqoʻrgʻon, Pop va Yangiqoʻrgʻon tumanlari markazlari yangilangan qiyofada aholiga taqdim qilindi. Uychi va Chust tumanlarida ham bu boradagi ishlar nihoyasiga yetkazildi.

“Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasidagi ishlar ham izchil davom ettirildi. Quruvchilar katta hajmda qurilish-obodonlashtirish ishlarini roʻyobga chiqardi. Shu jumladan, 8 662 ta yakka tartibdagi, 9 ta koʻp qavatli turarjoy, 446,5 kilometr ichki yoʻllar taʼmirlandi. 379,3 kilometr uzunlikda ichimlik suvi tarmoqlari mukammal taʼmirlandi. Mahalla guzarlari ishga tushirildi. Yangilangan hududlardagi bunday oʻzgarishlardan odamlarning koʻngli koʻtarilmoqda, hayotga muhabbati ortyapti.

— 2020-yil rejalarida koʻproq qaysi yoʻnalishlarga eʼtibor qaratiladi? Viloyat oldida turgan ustuvor vazifalar nimalardan iborat?

— Eng avvalo, barcha yutuqlar, ijobiy oʻzgarishlarga xalqimizning faol ishtiroki bilan erishayotganimizni taʼkidlab oʻtmoqchiman. Yangi yil rejalariga kelsak, ular oʻtgan yildagidan ancha salmoqli. Shundan kelib chiqib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan vazifalarni beshta muhim yoʻnalishga boʻldik.

Birinchi navbatda, sanoat ishlab chiqarishni jadallashtirishimiz ­talab etiladi. Hozirgi kunda ushbu sohada respublikadagi ulushimiz 3,3 foizni tashkil etmoqda. Bu koʻrsatkichni 5 foizga yetkazish tadbirlarini ishlab chiqdik. Shu bois oʻz oldimizga jalb etiladigan xorijiy investitsiyalarni 500 million AQSH dollariga yetkazish vazifasini qoʻydik.

Keyingi yoʻnalish qishloq xoʻjaligi sohasiga qaratilgan boʻlib, paxtachilik, gʻallachilik va boshqa ekinlar parvarishiga dunyoning ilgʻor mamlakatlari tajribasi, masalan, Xitoyning tomchilatib sugʻorish usulini keng joriy etish orqali hosildorlikni oshirish, eksportbop mahsulotlar yetishtirishga alohida eʼtibor qaratiladi.

Viloyat iqtisodiyotida xizmat koʻrsatish va turizmning oʻrni mustahkamlanib boryapti. Joriy yilda Namanganga tashrif buyurayotgan sayyohlar sonini 200 ming nafarga yetkazish imkoniyatini yaratish uchun har bir tumanda bittadan, viloyat markazida esa 10 ta zamonaviy mehmonxona quriladi. “Afsonalar vodiysi” bogʻini toʻla ishga tushirish, Yangi­qoʻrgʻon tumanida Nanay turistik zonasini tashkil etish, Kosonsoy, Chust, Pop va Chortoq tumanlarida ham sayyohlik markazlari barpo etish rejalashtirilgan.

Bugungi kunda qurilish industriyasining ishlari ancha tigʻizlashgan. Arzon uy-joylar barpo etishni yanada koʻpaytiramiz. Respublikada ikkinchi golf klubiga ega boʻladigan “Namangan Square” majmuasining qurilishi davom ettiriladi. “Namangan city” loyihasi, viloyat markazidagi “Yuksalish” shaharchasi yonida yoʻldosh shaharcha barpo etish singari ishlar ham navbatdagi vazifalarimiz sirasiga kiradi.

Biz yilning beshinchi ustuvor vazifasi sifatida Namanganni xalqaro va respublika miqyosidagi tibbiyot markaziga aylantirish harakatiga kirishdik. Shu maqsadda Avstriyaning “AME international GmbH” kompaniyasi bilan 10 million AQSH dollari qiymatidagi kardiologiya markazi barpo etiladi. Germaniyaning “Textima Export GmbH” kompaniyasi esa 30 million AQSH dollari yoʻnaltiriladigan koʻp tarmoqli tibbiy markaz qurilishi va uni jihozlashda ishtirok etmoqda.

Zamon shiddat bilan oʻzgarib, ­vaqtning qadri ortib boryapti. 2020-yilgi rejalarimizning koʻlami oʻtayotgan har bir kun, soat va daqiqalardan unumli foydalanishni taqozo etmoqda. Ayni talabni hisobga olib bugun dolzarb vazifalar ijrosiga jadal kirishganmiz. Asosiy maqsad — barcha saʼy-harakatimiz aholi turmush farovonligiga xizmat qilsin.

Qudratilla NAJMIDDINOV

(“Xalq soʻzi”) suhbatlashdi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?