Reuters: Shavkat Mirziyoyev joylardagi asl vaziyatni chuqur biladi

16:05 24 Aprel 2018 Siyosat
740 0

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan ijtimoiy soha xodimlarining jamoat ishlariga majburiy jalb etilishi, bu borada ayrim mahalliy rahbarlar yo‘l qo‘ygan qonunbuzarlik holatlari hamda ko‘zbo‘yamachiliklarga nisbatan bildirgan jiddiy tanqidi xorijiy ommaviy axborot vositalarida o‘z aks-sadosini bermoqda. 

Xususan, “Regnum” axborot agentligi (Rossiya) qayd etganidek, joriy yilning 13 aprel kuni O‘zbekiston Prezidenti Sirdaryo viloyati Sayhunobod tumani hokimiyati va keng jamoatchiligi vakillari bilan uchrashdi. “Bo‘lib o‘tgan muloqot chog‘ida Shavkat Mirziyoyev Sirdaryo viloyati faollari bilan yig‘ilishda viloyatlarga safarlar oldidan davlat xizmatchilari tomonidan ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotganini keskin tanqid qildi”, deya xabar beradi agentlik.

Shavkat Mirziyoyevning uzoq yillar Bosh vazir lavozimida ishlagani hamda joylardagi asl vaziyatni chuqur bilishini e’tirof etar ekan, “Reuters” agentligi (Buyuk Britaniya) O‘zbekiston rahbarining mamlakatda keng ko‘lamli islohotlarni boshlab yuborganiga yuqori baho beradi.
Britaniyalik jurnalistlar O‘zbekiston rahbari hududlardagi “ko‘zbo‘yamachilik” holatlarini tag-tugi bilan yo‘q qilishga qaratilgan choralarni ishlab chiqishni topshirganini ma’lum qildi. “Fuqarolar majburiy ravishda obodonlashtirish ishlariga jalb qilishga yo‘l qo‘ygan amaldorlar, kerak bo‘lsa, jinoiy javobgarlikka tortiladi”, deb yozadi agentlik o‘z materialida.

O‘quvchilar soni bo‘yicha Qirg‘izistonda yetakchi o‘rinda turuvchi “24.kg” axborot agentligi tarqatgan materialda O‘zbekiston Prezidenti Sirdaryo viloyati faollari bilan bo‘lgan uchrashuvda Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 42-umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Diana Yenikeyeva jamoat ishlariga jalb etilgan vaqtda mashina urib ketishi oqibatida vafot etganini qanchalik kuyinib gapirgani xabar qilinadi. Shavkat Mirziyoyevning bu kabi holatlar respublikada yuritilayotgan siyosatga xiyonat ekani, mahalliy rahbarlarning bunday noto‘g‘ri xatti-harakatlari islohotlarning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi haqidagi so‘zlari maqolada alohida ajratib ko‘rsatiladi.

Tojikistonning nufuzli “ASIA-Plus” media-guruhi veb-saytida joylashtirilgan maqolada esa O‘zbekistonda yuqoridagi kabi holatlar yana qaytarilmasligi uchun huquqiy mexanizm yaratish bo‘yicha ishlar olib borilayotgani ma’lum qilindi. “Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori ishlab chiqilishi kutilmoqda”, deb yozadi tojikistonlik jurnalistlar.
Anvar MIRZAYeV (“Xalq so‘zi”) 
tayyorladi


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?