Respublikada pillachilik tarmogʻini jadal rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlashga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida

09:31 05 Dekabr 2018 Hujjatlar
110 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining qarori

Respublikada pillachilik tarmogʻini rivojlantirish, pilla yetishtirish va uni qayta ishlash jarayoniga zamonaviy va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, ipak mahsulotlari ishlab chiqarish va ularni eksport qilish hajmlarini oshirish hamda tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish boʻyicha izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, amalga oshirilayotgan keng koʻlamli ishlarga qaramasdan, hanuzgacha pilla xom ashyosini chuqur qayta ishlash va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan raqobatbardosh tayyor ipak mahsulotlari ishlab chiqarishni jadallashtirishga toʻsqinlik qilayotgan bir qator muammolar saqlanib qolmoqda.

Yangi intensiv tutzorlar va tut qatorlari barpo etishni ragʻbatlantirish, tarmoqqa toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar jalb qilish, ilgʻor texnologiyalar, innovatsion gʻoyalar, ilmiy ishlanmalar va ilm-fan yutuqlarini keng joriy etish, pilla xom ashyosini chuqur qayta ishlash, yuqori qoʻshilgan qiymatga ega boʻlgan raqobatbardosh tayyor ipak mahsulotlari ishlab chiqarishni va ularning turlarini koʻpaytirishni yanada qoʻllab-quvvatlash maqsadida:

1. Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar hokimliklari, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining mavjud tutzorlarni “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining hududiy “Agropilla” MCHJlariga oʻtkazib berish va yangi tutzorlar barpo etish borasidagi faoliyati lozim darajada tashkil etilmaganligi koʻrsatib oʻtilsin.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 20 avgustdagi “Respublikada pillachilik tarmogʻidagi mavjud imkoniyatlardan yanada samarali foydalanish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3910-sonli qaroriga muvofiq “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, Oʻzbekiston Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining respublika hududlarida aholini ish bilan taʼminlash va ularning daromadlarini oshirish maqsadida pillachilik tarmogʻi tashkilotlari tomonidan tomorqa yer egalariga (aholi xonadonlariga) 50 boshdan 90 kunlik parranda va tut koʻchatlarini shartnoma asosida bepul yetkazib berish toʻgʻrisidagi takliflari maʼqullanganligi maʼlumot uchun qabul qilinsin.

3. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Iqtisodiyot vazirligi, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari bilan birgalikda ishlab chiqilgan:

2019 — 2021 yillarda pillachilik tarmogʻi tashkilotlari tomonidan tomorqa yerlarida (aholi xonadonlarida) tut koʻchatlari ekishni va parranda boqishni tashkil etishning maqsadli prognoz parametrlari 1-ilovaga muvofiq;

2019 — 2021 yillarda pillachilik tarmogʻi tashkilotlari tomonidan ipak qurtini parvarishlash inshootlarini qurishning maqsadli prognoz parametrlari 2-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, “Parrandasanoat” uyushmasi, Fermer, dehqon xoʻjaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda bir oy muddatda mazkur qaror bilan tasdiqlangan maqsadli prognoz parametrlari bajarilishini taʼminlash yuzasidan tumanlar, pillachilik tarmogʻi tashkilotlari, tomorqa yerlari (aholi xonadonlari) kesimida manzilli chora-tadbirlar dasturlarini tasdiqlasin hamda ularning oʻz vaqtida, toʻliq va samarali ijro etilishini taʼminlasin.

“Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi mazkur qaror bilan tasdiqlangan prognoz parametrlari ijrosi yuzasidan tizimli monitoring oʻrnatsin hamda amalga oshirilgan ishlar natijasini tahlil qilgan holda har chorakda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga mavjud kamchiliklarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritib borsin.

4. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi va Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligining 2019 yildan boshlab uyushma tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning pilla hosili uchun kontraktatsiya shartnomalarida belgilangan miqdorlardan ortiqcha pilla topshirilganida, 5 kilogrammgacha ortiqcha pilla hosili xarid narxiga nisbatan 15 foiz, 5 kilogrammdan yuqori boʻlgan qismiga — 25 foiz miqdorida ustama toʻlash tizimini joriy etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

5. Pillachilik tarmogʻidagi loyihalarning qiymati va ularni amalga oshirish uchun zarur boʻlgan valyuta turidan qatʼi nazar, “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning ipak qurti urugʻini sotib olish, tutzorlar barpo qilish, pilla yetishtirish va uni qayta ishlash inshootlarini qurish hamda rekonstruksiya qilish, shuningdek, ishlab chiqarish quvvatlarini modernizatsiya qilish boʻyicha loyihalarini moliyalashtirish maqsadida 2019 — 2021 yillarda ajratiladigan bank kreditlari foiz xarajatlarini qoplash uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasi hisobidan tijorat banklari tomonidan belgilangan kredit stavkasining 50 foizi, biroq 10 foizdan ortiq boʻlmagan miqdorda kompensatsiya taqdim etish tartibi oʻrnatilsin.

Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi 2019 — 2021 yillar davomida har yili 100 milliard soʻm miqdoridagi mablagʻlarni tegishli yilning 1 fevraliga qadar mazkur bandda nazarda tutilgan kompensatsiyalarni taqdim etish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni qoʻllab-quvvatlash davlat jamgʻarmasiga oʻtkazib bersin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi Investitsiyalar boʻyicha davlat qoʻmitasi, Agrosanoat majmui va oziq-ovqat taʼminoti sohasidagi loyihalarni amalga oshirish agentligi hamda tijorat banklari bilan birgalikda ikki oy muddatda xalqaro moliya tashkilotlari va institutlari bilan muzokaralar olib borsin va pillachilik tarmogʻidagi loyihalarni moliyalashtirish uchun imtiyozli kredit liniyalarini ochish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

7. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi tarkibiga kiruvchi tashkilotlar 2023 yil 1 yanvarga qadar muddatga mol-mulk va yer soliqlarini toʻlashdan ozod etilsin, buning natijasida boʻshaydigan mablagʻlar ishlab chiqarishni modernizatsiya qilish, shu jumladan, texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yoʻnaltirilsin.

8. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 12 yanvardagi “Respublikada ipakchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-3472-sonli qarorining 10-bandi “a” kichik bandida nazarda tutilgan bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlarni, istisno tariqasida, toʻgʻridan-toʻgʻri xususiy xorijiy investitsiyalar hisobiga olib kirilayotgan bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ishlab chiqarilgan yili 3 yildan 7 yilgacha boʻlgan texnologik uskunalarga ham qoʻllashga ruxsat berilsin.

Belgilab qoʻyilsinki, mazkur bandda nazarda tutilgan imtiyoz quyidagi shartlar bilan qoʻllaniladi:

imtiyoz qoʻllanilganidan keyingi yildan boshlab 3 yil davomida har yili ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning kamida 50 foizini eksport qilish;

imtiyozni qoʻllash natijasida boʻshaydigan mablagʻlarni texnologik uskuna olib kirilgan kundan boshlab dastlabki 2 yil ichida ishlab chiqarishni kengaytirish maqsadida texnologik uskunalar sotib olish uchun maqsadli tarzda yoʻnaltirish.

9. 2019/2020 oʻquv yilidan boshlab tarmoq tashkilotlari xodimlarini ixtisoslashgan oliy taʼlim muassasalaridagi “Ipakchilik va tutchilik” taʼlim yoʻnalishi boʻyicha sirtqi boʻlimlarga belgilanadigan qabul kvotalaridan tashqari toʻlov-kontrakt asosida test sinovlarisiz qabul qilish tartibi joriy etilsin. Bunda oliy taʼlim muassasalariga qabul:

xodimning umumiy oʻrta yoki oʻrta maxsus, kasb-hunar maʼlumotiga va tarmoq tashkilotlarida kamida 3 yil amaliy ish stajiga ega boʻlishi;

kontrakt toʻlovi tarmoq tashkiloti tomonidan kafolatlangan holda amalga oshirilishi va xodim — bitiruvchining oʻqishni tamomlaganidan soʻng 5 yil davomida tarmoq tashkilotida ishlab berishi sharti bilan amalga oshiriladi.

10. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasining:

xorijiy davlatlarning Oʻzbekiston Respublikasida akkreditatsiyadan oʻtgan diplomatik vakolatxonalari, chet el davlatlarining pillachilik tarmogʻi vakillari, ekspert va mutaxassislar hamda xorijiy sayyohlarni keng jalb qilgan holda 2019 yildan boshlab har yili Xalqaro ipakchilik forumi va “Ipak va Moda” (“Silk & Fashion”) xalqaro ipakchilik koʻrgazmasini;

joylarda, birinchi navbatda, turistlar tashrif buyuradigan madaniy meros obyektlari hududlarida “Uz-Silk” milliy brendi ostida ipak matolar va tayyor ipak mahsulotlari koʻrgazma-savdo rastalarini (doʻkonlarini), shuningdek, ipakdan tikilgan liboslar va ipak buyumlarning moda koʻrgazmalarini tashkil qilish toʻgʻrisidagi takliflari qoʻllab-quvvatlansin.

11. Oʻzbekiston Respublikasi Tashqi savdo vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi va Davlat bojxona qoʻmitasi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi bilan birgalikda ikki oy muddatda mahalliy ipak mahsulotlarining tashqi bozorlarga yetkazib berilishidagi mavjud muammolarni tanqidiy tahlil qilib, ularni bartaraf etish boʻyicha asoslantirilgan taklif kiritsin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi, Innovatsion rivojlanish vazirligi va Iqtisodiyot vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda Ipakchilik ilmiy-tadqiqot institutining moddiy-texnika taʼminotini yaxshilash va uning zamonaviy ilmiy laboratoriyasini tashkil etish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar rejasini tadbirlarni moliyalashtirishning aniq miqdor va manbalarini belgilagan holda ishlab chiqib, tasdiqlash uchun Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.

13. “Oʻzbekipaksanoat” uyushmasi Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi va Xorazm viloyati hokimligi bilan birgalikda ikki hafta muddatda viloyatda innovatsion texnologiyalardan keng foydalangan holda hosildorligi yuqori boʻlgan intensiv tutzorlar barpo qilish, sifatli ipak qurti urugʻi yetishtirish, zamonaviy ipak qurtini boqish inshootlarini qurish asosida pilla yetishtirish va uni qayta ishlashning namunaviy tizimini joriy etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Bosh prokuratura va boshqa manfaatdor idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda joylarda tut daraxtlarini gʻayriqonuniy ravishda kesish, shikastlantirish yoki yoʻq qilish natijasida zarar yetkazganlik uchun javobgarlikni kuchaytirish boʻyicha Vazirlar Mahkamasiga taklif kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim qarorlariga 3-ilovaga muvofiq oʻzgartirishlar kiritilsin.

16. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A. N. Aripov, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Z. Sh. Nizomiddinov, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokurori O. B. Murodov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi oʻrinbosari B. M. Mavlonov zimmasiga yuklansin.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev

Toshkent shahri, 2018 yil 4 dekabr


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?