Respublika yosh olimlar Kengashi bir yil davomida 21 ta loyiha ustida ish olib bordi

10:48 25 Iyun 2019 Jamiyat
270 0

“Yoshlar press-klubi”da Oʻzbekiston yoshlar ittifoqi muassisligidagi Respublika yosh olimlar Kengashi faoliyatining yillik sarhisobi boʻyicha “Yoshlarni ilm-fan sohasiga jalb etish va ilmiy-ijodiy faoliyatini qoʻllab-quvvatlash tizimini takomillashtirish” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Tadbir avvalida Respublika yosh olimlar Kengashi tashabbusi bilan 2018-yil “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari” grant tanlovi gʻoliblarining yakuniy hisobot yarmarkasi tashkil qilindi. Hisobot yarmarkasida grant tanlovi gʻoliblari oʻzlarining innovatsion loyihalarining ekspozitsiyalarini taqdim etishdi.

Anjumanda Respublika yosh olimlar Kengashining direktori Kamoliddin Mirzaahmedov bir yillik faoliyat mobaynida amalga oshirilgan ishlar xususida soʻz yuritdi.

Oʻtgan davr mobaynida Kengash tomonidan ilmiy-amaliy anjumanlar, Orol dengizi geolokalizatsiyasini tadqiq etish boʻyicha ilmiy ekspeditsiya, “INNODAYS-2017” koʻrik-tanlovi, “Yoshlar kelajak bunyodkori” shiori ostida I Respublika koʻrgazma savdosi, “Yosh vatandoshlar” festivali, “Oʻrta Osiyo Robototexnika tanlovi”, “Best IP-2018” tanlovi hamda “INNOWEEK-2018” Respublika yosh ixtirochilarning innovatsion haftaligi tadbirlari oʻtkazildi. “Respublika yosh olimlarining innovatsion loyihalari” grant tanlovi, Respublikaning tarixiy maskanlariga (Chiroqchi tumanidagi Munchoqtepa yodgorligi va Pastdargʻom tumani tepaliklariga) yosh olimlarning ilmiy tadqiqot ekspeditsiyalari, “Yosh ixtirochilarning innovatsion yarmarkalari kabi jami 21 ta yirik loyiha ham tashkil etilgan.

Shuningdek, “Robototexnika laboratoriyasi”, Respublika yosh olimlarining “Innovatsiyalar texnoparki” va “Ilmiy-texnik laboratoriya”si, Yoshlar ittifoqining 14 ta hududiy Kengashi qoshida “Yoshlar innovatsion gʻoyalar markazlari” faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Hozirda Respublika yosh olimlar Kengashining 351 nafar aʼzosi bor. Oʻzbekiston Respublikasi Intellektual mulk agentligining ixtirolar, foydali modellarga patent berish masalasida Respublika yosh olimlar Kengashi tomonidan jami 42 nafar yosh ixtirochiga tavsiyanomalar taqdim etilgan.

Bundan tashqari, Respublika yosh olimlar Kengashi bilan 4 ta mahalliy oliy taʼlim muassasasi hamda 1 ta xalqaro oliy taʼlim muassasasi (Sibir boshqaruv instituti) bilan hamkorlik memorandumi imzolangan. Qolaversa, BMT Taraqqiyot dasturi (UNDP), BMT Taʼlim, fan va madaniyat masalalari boʻyicha tashkiloti (UNESCO), BMT Bolalar jamgʻarmasi (UNICEF)ning Oʻzbekistondagi vakolatxonalari hamda boshqa tashkilotlar bilan yaqindan hamkorlik munosabatlari yoʻlga qoʻyilgan.

Anjuman doirasida Respublika yosh olimlar kengashining bir yillik faoliyatida amalga oshirilgan ishlar va amaliyotga joriy etilgan ilmiy loyihalar hamda istiqboldagi rejalar haqida yoshlar, tadqiqotchilar va yosh olimlar tomonidan berilgan savollarga spikerlar tomonidan javob berib oʻtildi.

Shahnoza Nurullayeva


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?