Respublika ishchi guruhi Namangan maktablari faoliyati bilan tanishmoqda

11:56 09 Sentyabr 2019 Jamiyat
228 0

Davlatimiz rahbari raisligida shu yilning 23-avgust kuni oʻtkazilgan taʼlim istiqboli va ravnaqi, yosh avlodni mamlakatimiz kelajagiga munosib, har jihatdan yetuk, intellektual salohiyatli, maʼnaviy barkamol insonlar qilib kamol toptirish, buning uchun sohadagi islohotlarni jadal rivojlantirish,oʻqituvchilarning jamiyatdagi oʻrni va nufuzini oshirishga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilangan vazifalar xalq taʼlimi sohasidagi islohotlar va yangilanishlarni yangi bosqichga olib chiqdi. Mamlakatimizning barcha hududlarida boʻlganidek, Namangan viloyatida ham bu borada belgilab berilgan ustuvor vazifalar asosida Respublika Ishchi guruhi izchil ish olib bormoqda.

Prezident administratsiyasi vakillari, turli vazirlik va idoralar rahbarlari, mamlakatimizdagi nufuzli oliy oʻquv yurtlari rektorlari, prorektorlari hamda professor-oʻqituvchilari, viloyat hududidagi davlat va jamoat tashkilotlari masʼul-mutasaddilaridan iborat mazkur guruh eʼtibori sohani tubdan yangilash va yangi tashabbuslar, zamonaviy, ilgʻor usul va uslublarni tatbiq etishga qaratilgan.

Oʻtgan haftada Prezident maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov va Xalq taʼlimi vaziri oʻrinbosari Alisher Umarov viloyat hokimining oʻrinbosarlari, bir qator davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari bilan birgalikda Namangan shahrida bunyod etilayotgan Prezident maktabidagi qurilish-montaj ishlari bilan yaqindan tanishdilar.Davlat maslahatchisi ushbu ilm maskani istiqbol egalarini ozod yurt ertasiga munosib ilmu isteʼdod egalari qilib kamol toptiruvchi dargoh boʻlib xizmat qilishi,buning uchun, eng avvalo, qurilish-bunyodkorlik ishlari zamonaviy talablar asosida mukammal amalga oshirilishi zarurligini taʼkidladi.

Navbatdagi manzil Investitsiya dasturi asosida 6 milliard 926 ming soʻmdan ziyod mablagʻ evaziga Namangan shahrining “Orzu” dahasida barpo etilib, yangi oʻquv yiliga oʻquvchilarga tuhfa etilgan 84-umumiy oʻrta taʼlim maktabi boʻldi. Har jihatdan shinam va koʻrkam zamonaviy maktabdagi kutubxona faoliyati, kimyo, texnologiya laboratoriyalari, oshxona va sport zalida yaratilgan qulaylik hamda shart-sharoitlarga kishining havasi keladi. Ishchi guruhi tomonidan kutubxonaga badiiy adabiyotlar sovgʻa qilindi. Ilm maskani ustoz-muallimlari, xususan, jismoniy tarbiya oʻqituvchilari bilan muloqot chogʻida, Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus asosida oʻquvchilarni jismonan barkamol, maʼnan yetuk ulgʻaytirish borasidagi amaliy saʼy-harakatlarni yanada jadallashtirishga eʼtibor qaratildi.

11-sinf oʻquvchilari bilan suhbat, ayniqsa, qiziqarli kechdi. Mustaqil hayotga shahdam qadamlar bilan borayotgan oʻquvchilar orzu intilishlari, oʻz oldilariga qanday sohalarni egallashni maqsad qilib qoʻyishgani haqida hayajon bilan gapirishdi.Yoshlarning qiziqishlaridan kelib chiqib, ularga bir qator oliy oʻquv yurtlari faoliyati, fakultet va yoʻnalishlar hususida maʼlumot berildi.

-Oʻquvchilarimizning ilm-fan, yangiliklarga ishtiyoqi baland,-deydi makatb direktori Shavkat Mavlonov. - Bir qator iqtidorli oʻquvchilarimiz tomonidan ishchi guruhi aʼzolariga namoyish etilgan texnik ixtirolar, maktab maketi hamda qoʻl mehnati namunalari buning isbotidir.

Respublika Ishchi guruhi vakillari, shuningdek, 620 nafar oʻquvchi taʼlim olayotgan 54-umumiy oʻrta taʼlim maktabida ham boʻlib, matematika, rus tili hamda chizmachilik darslarini kuzatdilar. 1-umumiy oʻrta taʼlim maktabida esa 9-sinfda kimyo darsi bilan tanishildi.

Aytish lozimki, videoselektorda Prezidentimizning taʼlim istiqboli borasida Namangan tajribasini yoʻlga qoʻyish kerak,deya alohida bildirgan fikrlari viloyat ahli va jamoatchiligi,taʼlim sohasi vakillari uchun katta ishonch boʻlib, uni oqlash barchaga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Shundan kelib chiqib, viloyatda taʼlim-tarbiya tizimiga yangicha, zamonaviy, ilgʻor va innovatsion usullarni keng tatbiq etish orqali butun mamlakatga oʻrnak boʻladigan tajribani yaratish va hayotga muvaffaqiyatli joriy etishga qaror qilingan. Ishchi guruhi tomonidan koʻrsatilayotgan amaliy koʻmak, bildirilayotgan taklif va mulohazalar ayni yoʻnalishdagi saʼy-harakatlarni jadallashtirishi bilan ahamiyatga ega.

Qudratilla NAJMIDDINOV
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?