Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori va bosh shifokori tayinlandi

19:17 15 Oktyabr 2020 Jamiyat
301 0

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirining tegishli buyruqlariga koʻra, vazirlik huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining direktori va bosh shifokori lavozimlariga tayinlovlar amalga oshirildi.

Unga koʻra, Nadirxanova Natalya Suratovna markaz direktori etib tayinlandi. U 1969-yilda Buxoro viloyatida tugʻilgan. Samarqand davlat tibbiyot institutini tamomlagan. Koʻp yillar Buxoro viloyatidagi bir qancha tibbiyot muassasalarida ginekologiya sohasida, jumladan, Buxoro viloyat perinatal markazi direktori lavozimida ham faoliyat yuritgan. II-darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni sohibasi.

2018-2019-yillarda Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining bosh shifokor muovini hamda 2019-yildan hozirgi vaqtga qadar markaz direktorining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari – bosh shifokor lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Respublika ixtisoslashtirilgan akusherlik va ginekologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazining davolash ishlari boʻyicha oʻrinbosari – bosh shifokor lavozimiga esa Saparov Aminjon Baxtiyorovich tayinlandi. U 1983-yilda Samarqand viloyatida tugʻilgan. Toshkent davlat tibbiyot institutini tamomlagan, akusher-ginekologiya sohasida ishlash barobarida ilmiy faoliyat ham olib borgan. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasining I.I.Mechnikov nomidagi Shimoliy-gʻarbiy davlat tibbiyot universitetining aspiranturasini tamomlagan. 2018-yildan buyon markazning bosh shifokori oʻrinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Eslatib oʻtamiz, ushbu muassasa ilmiy-tadqiqot va uslubiy markaz sifatida yurtimizning barcha turdagi tibbiyot muassasalarida profilaktika, tashhis qoʻyish, davolashning eng ilgʻor innovatsion texnologiyalarini va uslublarini ishlab chiqib, amaliyotga joriy etish bilan shugʻullanadi. Markaz akusherlik va ginekologiya sohasida ixtisoslashish turlari boʻyicha tibbiyot kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish boʻyicha klinik va oʻquv baza hisoblanadi. Shuningdek, respublika mintaqalarida akusherlik komplekslari va tugʻruqxona boʻlimlariga tashkiliy-metodik va ilmiy-amaliy yordam koʻrsatadi. Shuningdek, markazning yangi rahbarlariga sohaga innovatsion texnologiyalarni joriy qilish, xalqaro hamkorlikni kengaytirish, mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanib, akusherlik va genikologiya boʻyicha erishilgan natijalarni yana-da rivojlantirish vazifasi ham yuklatildi.

Markazning asosiy maqsadi — yuqori sifatli va xalqaro standartlar talablari darajasida ixtisoslashtirilgan, tibbiy yordam koʻrsatishga daʼvat etilgan yuqori texnologiyali moddiy va ilmiy bazani, shuningdek, akusherlik va ginekologiya maktabini shakllantirish va rivojlantirish; aholining akusherlik va ginekologiya sohasidagi diagnostika, davolash va profilaktika boʻyicha ixtisoslashtirilgan, yuqori texnologiyali tibbiy yordamga boʻlgan talabini qondirishdir.

Bundan tashqari, akusherlik va ginekologiya sohasidagi dori-darmonlar, tibbiyot vositalari, shuningdek diagnostika va davolash metodlarining klinik sinovlarini oʻtkazadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?