Respublika boʻyicha 231 ta joylarda mustaqillik bayramining asosiy tantanalari oʻtkaziladi

17:21 23 Avgust 2019 Jamiyat
196 0

Arxiv foto

Bugun Ichki ishlar vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2019-yil 8-iyuldagi “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayramiga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi PQ-4386-sonli Qarori ijrosi hamda ushbu yoʻnalishda amalga oshirilgan vazifalarga bagʻishlangan matbuot anjumani oʻtkazildi. Bu haqda Milliy matbuot markazi xabar berdi.

Matbuot anjumanida Vazirlik bosh boshqarma, boshqarma rahbar va masʼul xodimlari hamda mamlakatimiz OAV vakillari ishtirok etdilar.

Prezidentimizning 2019-yil 8-iyuldagi qaroriga asosan, Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining yigirma sakkiz yillik bayrami “Jonajon Oʻzbekistonim, mangu boʻl omon!” degan shior ostida ezgu gʻoyani oʻzida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlar hamda targʻibot-tashviqot dasturi asosida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri, viloyatlar, shahar va tumanlarda keng miqyosda nishonlanishi belgilandi.

Bayram dasturida belgilangan barcha tadbirlar davomida xavfsizlikni taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va uning quyi tizimlari tomonidan bir qator chora-tadbirlar belgilanib, amalga oshirib kelinmoqda.

Xususan, hududiy hokimliklar, huquqni muhofaza etuvchi organlar va boshqa mutasaddi idoralar bilan birgalikda amalga oshirilishi lozim boʻlgan masalalarni tashkil etish, tezkor-profilaktik tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan Ichki ishlar vazirligining alohida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilib, ijroga qaratildi.

Hududiy hokimliklar tomonidan tasdiqlangan dasturlarga asosan joriy yilda respublika boʻyicha 231 ta joylarda mustaqillik bayramining asosiy tantanalari oʻtkaziladi.

Bulardan tashqari, mamlakatimizning deyarli barcha bogʻlari, xiyobonlari va saylgohlarida xalq sayllari boʻlib oʻtadi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, Toshkent shahar va viloyatlar hokimliklari huzuridagi maxsus komissiyalar bilan hamkorlikda, bayram tadbirlari bilan bogʻliq barcha obyektlarning texnik, yongʻin xavfsizligi hamda sanitariya holati oʻrganib chiqilib, aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish choralari koʻrildi.

Xavfsizlik talablariga javob bermaydigan obyektlarda ommaviy bayram tadbirlari oʻtkazilishiga yoʻl qoʻymaslik alohida nazoratga olingan.

Tadbir oʻtkaziladigan barcha obyektlar tadbirlar boshlanishidan oldin ichki ishlar vazirligining maxsus guruhlari tomonidan qaytadan oʻrganib, chiqilib, obyektlar qoʻriqlashga olinadi. Bayram kunlari tadbir bilan bogʻliq barcha joylarga ichki ishlar organlarining tegishli sohaviy xizmatlarining xodimlari xizmatga jalb etiladi.

Mahallalarda, mavzelarda jamoat tartibini saqlash, osoyishtalikni taʼminlash, fuqarolarning murojaatlariga oʻz vaqtida javob berilishini taʼminlash maqsadida mamlakatimizning barcha mintaqalarida mavjud markaziy ichki ishlar organlari tayanch punktlarining kechayu-kunduz faoliyat olib borishini taʼminlashga ham alohida eʼtibor qaratilgan.

Joriy yilda bayram arafasida respublikamizda 100 dan ortiq obyektlar foydalanishga topshirilmoqda. Bunday joylarda ham xavfsizlikni taʼminlash ishlari ichki ishlar organlari tomonidan alohida nazoratga olingan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?