Renault Oʻzbekistonda mashhur markadagi avtomobillarni ishlab chiqarmoqchi

11:26 01 Iyul 2019 Iqtisodiyot
460 0

Renault kompaniyasi vakillari Oʻzbekistonda avtomobillar ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyishga qiziqish bildirishmoqda.

Mazkur masala korporatsiyasi rahbariyati bilan Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasida boʻlib oʻtgan uchrashuvda muhokama qilindi.

Renault, xususan, mashhur KWID modelini ishlab chiqarish, oʻz navbatida Markaziy Osiyo mamlakatlari va Afgʻonistonga mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyishga tayyor.

Avtokonsern mutasaddilari birinchi bosqichda “A” klass avtomobillarini yigʻish, kelgusida esa boshqa segmentlarga oʻtish hamda ishlab chiqarishni mahalliylashtirib borishga tayyorligini tasdiqlashdi.

Taʼkidlanganidek, kompaniya mamlakatimizga Markaziy Osiyodagi uzoq muddatli sherik sifatida qaramoqda va shuning uchun ham qoʻshma loyihalarga alohida ahamiyat berilyapti.

Binobarin, fransuz delegatsiyasi ushbu imkoniyatni oʻrganish maqsadida yaqin vaqt ichida Oʻzbekistonga tashrif buyuradi.

Renault vakillari, shuningdek, 2018-yilda Oʻzbekistonda oʻzlariga tegishli boʻlgan Lada rusumidagi 6000 ta avtomobil sotilganiga urgʻu berishdi. Bu esa mahalliy bozor imkoniyatlari keng va oʻzbekistonlik isteʼmolchilarning qiziqishi katta ekanligidan darak beradi.

Maʼlumot uchun, Renault Group (Renault, Dacia, Alpine, Renault Samsung Motors, Lada brendlari) — Fransiyaning yirik avtomobilsozlik korporatsiyasi boʻlib, unga 1898-yilda asos solingan. Kompaniyaning 134 davlatda vakolatxonasi, 39 ta zavodi bor. Oʻtgan yilda mazkur brend 3,9 mln. ta avtoulov sotgan hamda 57 mlrd. yevrodan ortiq daromad koʻrgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?