«Remdesivir» va «Gidroksixloroxin»: oʻz oʻrni va vaqtida qoʻllanilsa foydali! — Shtab aʼzosi

13:04 20 Oktyabr 2020 Jamiyat
267 0

Ijtimoiy tarmoqlarda koronavirus infeksiyasini davolashda «Gidroksixloroxin», «Remdesivir» preparatlari haqida turlicha xabarlar tarqalmoqda. Ularning virusni davolashda foydasi bormi? Qanday bemorlarga, kasallikning qay darajasida qoʻllash tavsiya etiladi? Bu savollarga SSV Matbuot xizmati vazirlik huzuridagi Koronavirusga qarshi kurashish shtabi aʼzosi Eʼzozbek Rizayevdan javob oldi.

— Dunyoda koronavirusdan zararlanganlar soni tobora ortib bormoqda. Hanuz virusni toʻliq bartaraf etuvchi dori vositasi yaratilgani yoʻq. Ammo shifokorlar, dunyo olimlari oʻz ilmiy izlanish va tadqiqotlarida virusni davolashda qoʻllanadigan yondosh dori vositalari kompleksi bilan insonlarning salomatligini tiklashga harakat qilishmoqda.

Maʼlumki, hududlarning iqlim sharoiti, aholisining yashash tarzi, qon guruhlari va boshqa omillar turlicha boʻlgani sabab infeksiya har bir hududda oʻzgacha mutatsiyaga uchrab, turli koʻrinishlarda namoyon boʻlmoqda. Shu bois ham bir mamlakatda foydali deb topilgan dori vositasi boshqasida samara bermasligi mumkin. Bu esa virusdan davolanish boʻyicha turlicha koʻrsatma va tavsiyalar paydo boʻlishiga sabab boʻlib, odamlar orasida turli tushunmovchiliklarni keltirib chiqarmoqda.

Masalan, ayrim mamlakatlarda «Gidroksixloroxin» dorisi virusni davolashda samara bermayotgani aytilmoqda. Ammo bu dori vositasi Oʻzbekiston hududidagi virus shtampini davolashda oʻzining ijobiy natijasini koʻrsatmoqda. Bizga maʼlumki, virus inson organizmiga kirgan paytda nafas yoʻlining yuqori qismida oʻrtacha 4 kun davomida saqlanib turadi. «Gidroksixloroxin» kasallikning ayni mana shu davrida oʻzining yuqori samaradorligini namoyish etadi. Ammo virus oʻpkaga yetib borganidan soʻng «Gidroksixloroxin» dorisi foyda bermaydi. Shu sababdan ham kasallikning boshlangʻich davrida ushbu preparatni qoʻllash foyda bermoqda.

Dunyo olimlari, xususan, Marsel universiteti izlanuvchilari koronavirusni ushbu preparat yordamida va uni ishlatmasdan bemorlarni davolab koʻrdi. Kasallikning ilk kunlarida «Gidroksixloroxin» dorisini qabul qilgan bemorlarning 6 nafardan besh nafari 6-7 kunda sogʻaydi. Aksincha, «Gidroksixloroxin» berilmagan bemorlarning esa, 14-20 kungacha ahvoli yaxshilanmadi. Tajribadan ham koʻrinib turibdiki, ushbu dori vositasi kasallikning ilk kunlarida qoʻllanilganda, 83 foiz holatda samaradorligi koʻrinmoqda.

Shuni ham yoddan chiqarmaslik kerakki, har qanday dori vositasining inson organizmiga taʼsiri uning yoshi, jinsi, irqi, qon guruhi qanday ekaniga ham bogʻliq. Shuningdek, preparatlarning davolovchi xususiyati boʻlgani kabi salbiy taʼsiri ham yoʻq emas.

Shuning uchun ham “COVID-19” bilan kasallangan bemorlarni davolash boʻyicha vaqtinchalik koʻrsatmalarning 7-nashrida bu dori vositasi kasallikning ilk bosqichida 5 kun berilishi, 65 yoshdan katta va yurak qon tomir kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar, bolalar hamda homilador ayollarga «Gidroksixloroxin» tavsiya qilinmasligi qayd etilgan.

«Remdesivir» preparatiga keladigan boʻlsak, u kasallikning ilk bosqichida qoʻllanilmaydi. Uy sharoitida bu doridan foydalanish faqatgina zarar keltiradi. Ushbu preparat shifokorning toʻliq nazorati ostida kasallikning oʻrta ogʻir va ogʻir darajasida berilsagina oʻzining ijobiy samarasini koʻrsatadi. «Remdesivir» virusga qarshi dori vositasi davolash muolajalari davrida ijobiy natija berib, davolash kunlari qisqarmoqda, bemorlar ahvoli sezilarli darajada yaxshilanmoqda.

Ushbu dori vositalarini samara bermaydi, deganlar uni oʻz oʻrni va vaqtida, toʻgʻri qoʻllamayotgan bemorlar hisoblanadi. Chunki boshqa mamlakatlar mutaxassislari qatorida oʻzbek olimlari tomonidan ham bu dorilarni samarali ekani isbotlangan va undan foydalanish boʻyicha asosiy koʻrsatmalar berib oʻtilgan. Shu bois ham koronavirus infeksiyasidan davolanayotganda doimiy ravishda shifokor nazoratida boʻlib turish kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?