Rembrandtning oʻta qimmatbaho asari Oʻzbekistondan olib chiqib ketilmoqchi boʻlganda ushlab qolindi

16:21 13 Mart 2019 Jamiyat
561 0

Bosh prokuratura tomonidan 27.05.2014 yilda Yakkasaroy tumani IIB TB tomonidan K.Y. ga nisbatan Jinoyat kodeksining 170-moddasi (aldash yoki ishonchni suiisteʼmol qilish yoʻli bilan mulkiy zarar yetkazish) boʻyicha qoʻzgʻatilgan jinoyat ishi yuzasidan surishtiruv oʻtkazildi.

Tergov tomonidan aniqlanishicha, 28.08.2008 yili fuqaro A.P. oʻz tanishi boʻlgan K.Y.ga rassom Rembrandt Van Reynning muallifligidagi asarni 50 ming AQSH dollariga sotganligi, va u oʻz navbatida tanishi boʻlgan R.F. orqali asarni respublika tashqarisiga noqonuniy olib chiqib ketganligi aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati ”Xalq soʻzi”ga maʼlum qildi.

2014-2018 yillar davrida jinoyat tarkibi boʻlmaganligi va javobgarlikka tortish muddati tugaganligi sababli jinoyat ishi bir necha marta toʻxtatilgan va tugatilgan.

Shundan keyin, fuqaro A.P. qabul qilingan qarorlardan noroziligi haqida Bosh prokuror nomiga ariza bilan murojaat qildi.

Bosh prokuror topshirigʻiga asosan ushbu jinoyat ishi Toshkent shahar IIB Tergov boʻlimidan talab qilib olindi va 04.06.2018 yili Bosh prokuraturaning oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasining ish yurituviga berildi.

Oʻta ogʻir jinoyatlarni tergov qilish boshqarmasi tomonidan 14.06.2018 yilda oʻtkazilgan tezkor-tergov tadbirlar natijasida ushbu jinoyat ishi fosh etilib, Rembrandtning mualliflik ishi topildi.

Tergov natijalariga koʻra, K.Y. va R.F. Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi (bojxona toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarini buzish) va 238-moddasining 2-qismi (yolgʻon guvohlik berish) bilan ayblanuvchi sifatida jalb qilindi va 14.09.2018 yildagi jinoyat ishi ayblov dalolatnomasi bilan sudga yuborildi.

21.11.2018 yildagi jinoyat ishlari boʻyicha Yakkasaroy tuman sudining hukmiga koʻra, K.Y. va R.F. aybdor deb topildi, asar esa davlat daromadiga oʻtkazildi.

Sud hukmining ijrosini taʼminlash maqsadida 08.02.2019 yili Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman boʻlimi tomonidan ijro ishi yuritishni qoʻzgʻatish toʻgʻrisida qaror qabul qilingan.

Majburiy ijro byurosi Yashnobod tuman boʻlimining 13.03.2019 yildagi xatiga asosan, rassom Rembrandt Van Reynning mualliflik ishi maxsus komissiya aʼzolari ishtirokida tegishli protsessual tartibda Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligining masʼul xodimlariga taqdim etildi.

Norasmiy maʼlumotlarga koʻra, mazkur asarning qiymati taxminan 15 mln dollarni tashkil etadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?