Oliy taʼlim muassasalaridagi yashirin “oʻyin”lar nomli maqola yuzasidan

12:59 04 Avgust 2020 Jamiyat
1126 0

Kuni kecha xalq xizmati yoʻlidagi hamkasbimiz desam ham boʻladi, Muhammad Valiyevning ijtimoiy tarmoqlarda “Oliy taʼlim muassasalaridagi yashirin oʻyinlar” nomli maqolasi omma hamda yangidan tashkil etilgan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga havola etildi. Balki avvalroq boʻlganda eʼtibor qilmasdim yoki ijtimoiy tarmoqlarda koʻplab munozaralarga sabab boʻlishini oʻylab oʻzlarigagina munosabatlarimni bildirib qoʻyardim.

Ammo hozirgi pandemik sharoit tufayli koʻplab fuqarolarimiz qiynalib turgan bir sharoitda bu kabi asossiz fikrlar odamlarda norozilik kayfiyatini kuchaytirishi, endigina yuzi yorugʻ boʻlib, qaddini koʻtarayotgan oliy taʼlim tizimi haqida fikrlari salbiy tomonga oʻzgarishiga olib kelishini oʻylab eʼtirozlarimni bildirmoqchiman.

Test sinovlari muddatlari qariyb bir oy qilib belgilanganligi, ijodiy imtihonlar shaffof va boshqa viloyat komissiyalari tomonidan oʻtkazilayotganligi, magistraturaga qabul, oʻqishni koʻchirish va tiklash kabi jarayonlar onlayn respublika miqyosida boʻlayotgani, gʻaznachilik tizimining samarali nazorat faoliyati oʻzini bilgan rahbar va jamoasi uchun ayni muddao boʻldi. Aniqrogʻi korrupsiyaga yoʻl qoʻyish mumkin boʻlgan jarayonlar oliy taʼlim muassasalaridan begonalashtirilib borilmoqda.

Agar muallif taʼlim sifati va dolzarb muammolari haqida eʼtirozlar bildirganlarida va asosli takliflar berganlarida qabul qilardik va umumiy maqsad yoʻlida foydalanar edik.

Fikrlarimni taʼlim muassasasi rahbari sifatida qabul qilishingizni soʻrardim. Har holda xalqimiz sizu bizdan fikrlarimizdagi har bir soʻzimizni qonunchilik tarozisiga qoʻyishimizni talab qiladi.

Balki kimdir avvalroq boʻlgan muammolarni sanagani yodingizda qolib ketgandir yoki oz sonli muassasalarda bu kabi unsurlar qolib ketgandir, ammo 3-4 qovun pishiqlar oʻtdi, qonunchiligimiz va faoliyatimizda koʻplab oʻzgarishlar boʻldi, ish haqlarimiz yetarli darajada oshirildi.

Jumladan

1. Oliy taʼlim muassasalari hududida tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish toʻliq OTM rahbariyati tomonidan monopollashtirilgani, OTM hududida ovqatlanish maskanlari, kanselyariya va kompyuter xizmatlari, nashriyot, qoʻshimcha mablagʻ keltiruvchi faoliyat yuzasidan ijara pullarni shartnomada kichik miqdorda koʻrsatish, amalda esa qolgan summani naqd holatda oʻzlashtirish jarayoni:

Javob: Davlat tasarrufidagi OTM hududida joylashgan yuqoridagi obyektlarni ijaraga berish Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 8-apreldagi “Davlat mulkini ijaraga berish tartibini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda ushbu qaror bilan tasdiqlangan “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizom, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 19-fevraldagi “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni qoidalari asosida amalga oshiriladi.

Mazkur normativ hujjatlar qoidalariga koʻra, ushbu turdagi mulklarni ijaraga beruvchi – Oʻzbekiston Respublikasi davlat aktivlarini boshqarish agentligining viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy boshqarmalari huzuridagi Davlat mulkini ijaraga berish markazlari hisoblanadi (nizomning 2-bandi, 2-xatboshi). Demak ushbu qoidadan koʻrinib turibdiki, hech bir davlat tasarrufida boʻlgan OTM muassasasi ushbu obyektlarni oʻzi mustaqil ijaraga bera olmaydi.

Shuningdek, Prezident Farmoniga asosan, 2019-yil 1-iyuldan boshlab davlat koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish boʻyicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

Demak, OTM oʻziga tegishli hududdagi koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish yuzasidan hech qanday vakolat va huquqlarga ega emas.

Ijara toʻlovini aniqlash – “Davlat mulkini ijaraga berish tartibi toʻgʻrisida”gi Nizomning 2-bobida koʻrsatilgan qoidalar asosida amalga oshirilib, binolar va inshootlar boʻyicha ijara toʻlovi stavkasi Davlat aktivlarini boshqarish agentligi taqdim etgan hamda Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi bilan kelishilgan ijaraning eng kam stavkalari hisob-kitobi asosida tegishlicha Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan tasdiqlangan eng kam stavkalardan kam boʻlishi mumkin emas.

Binolar va inshootlar boʻyicha ijara toʻlovining eng kam stavkalari hisob-kitoblari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan har yili 1-noyabrgacha tayyorlanadi hamda kelishish uchun Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligiga taqdim etiladi, ular oʻn ish kuni mobaynida ularni kelishadilar yoki qayta ishlash va keyinchalik Moliya vazirligi va Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligining mulohazalari va takliflari olingan sanadan boshlab oʻn ish kunidan ortiq boʻlmagan muddatda kelishishga kiritish uchun Davlat aktivlarini boshqarish agentligiga qaytariladi.

Joriy yilning 15-dekabridan kechikmay binolar va inshootlar boʻyicha ijara toʻlovi eng kam stavkalarining kelishilgan hisob-kitoblari Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan tegishli ravishda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklariga tasdiqlash uchun yuboriladi.

Demak, OTM hududidagi koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berishda ijara haqini belgilash boʻyicha OTM hech qanday vakolatga ega emas.

Ijaraga oluvchi – ushbu Nizomda belgilangan shartlarda va tartibda hamda “E-IJRO AUKSION” elektron savdo natijalariga koʻra davlat mulki boʻyicha ijara shartnomasini tuzgan yuridik yoki jismoniy shaxs hisoblanadi. 

2. OTMlarni taʼmirlash va yangi binolar qurilishi uchun ajratilgan mablagʻlarni oʻzlashtirish, taʼmirlash uchun zarur boʻlgan mahsulotlarni tender hujjatlarini soxtalashtirish, oʻziga “qarashli” firmalar tomonidan tender yutib olinishini taʼminlash, qurilish materiallari uchun ajratilgan mablagʻlarni “tanish” korxonalarga pul koʻchirish yoʻli bilan (narxlari oshirilgan holda) sotib olish va oʻrtadagi farqni haq sifatida olish jarayoni:

Javob: OTMlarini taʼmirlash, yangi binolarni qurilishi bilan bogʻliq ishlar Oʻzbekiston Respublikasining “Davlat xaridlari toʻgʻrisida” qonun hamda Vazirlar Mahkamasining 2000-yil 21-noyabrdagi “Tender savdolarini tashkil etishni takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tartibga solinadi.

Ushbu normativ hujjatlar talablariga koʻra, ushbu yoʻnalishdagi barcha davlat xaridlari jarayonlari avtomatlashtirilgan boʻlib, bu jarayonlar quyidagi elektron platformalar: dxarid.uzex.uz; eshop.uzex.uz; ecatalog.uzex.uz orqali amalga oshirilishi majburiy hisoblanadi.

Ushbu platformalarda OTM xarajatlar smetasida belgilangan mablagʻlar doirasida tovar (ish, xizmatlar)ni xarid qilish haqida eʼlon soʻrovnomani joylashtiradi.

Avtomatlashtirilgan tizim ushbu talab yuzasidan eng arzon va maqbul taklif bergan yetkazib beruvchi yoki xizmat koʻrsatuvchi bilan shartnoma tuzishni amalga oshiradi.

Shuningdek, OTMlarni rekonstruksiya qilish hamda ularga yangi binolarni qurish vakolati toʻligʻicha – yagona buyurtmachi injiniring kompaniyalariga yuklatilgan.

Tender hujjatlarini soxtalashtirish, oʻziga “qarashli” firmalar tomonidan tender yutib olinishini taʼminlash imkoni yoʻq. Sababi tovar yoki xizmatlarni xarid qilish haqidagi eʼlonlar Oʻzbekiston Respublikasi tovar xom ashyo birjasining elektron platformasi (dxarid.uzex.uz)ga joylashtiriladi.

Ushbu eʼlonda talab qilinayotgan tovar yoki xizmatlar toʻgʻrisidagi texnik topshiriq va boshqa shartlar toʻliq aks ettiriladi.

Tender savdolarida qatnashish istagini bildirgan shaxslar tomonidan yuborilgan takliflar OTM xarid komissiyasi tomonidan oʻrganib chiqiladi hamda Vazirlar Mahkamasining yuqoridagi qarori bilan tasdiqlangan “Xom ashyo, materiallar, butlovchi buyumlar va asbob-uskunalar xarid qilish boʻyicha tender savdolari oʻtkazish toʻgʻrisida”gi Nizom talabalariga asosan tender savdolari gʻolibi aniqlanadi. 

3. OTMlarni moddiy texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni, OTM rahbariyatining yaqinlari va qarindosh tomonidan asos solingan korxonalardan bir necha barobar qimmat narxlarda xarid qilish, texnik xizmat koʻrsatish belgilanganidan koʻproq miqdorda mablagʻ ajratish:

Javob: OTMlarni moddiy texnik bazasini yangilash maqsadida sotib olinayotgan mahsulotlarni sotib olish ham yuqoridagi tartib qoidalar asosida amalga oshiriladi.

Xarid qilish tartib-taomillarini amalga oshirish turlari quyidagilardan iborat:

elektron doʻkon, boshlangʻich narxni pasaytirish uchun oʻtkaziladigan auksion, tanlov, tender, yagona yetkazib beruvchi bilan amalga oshiriladigan davlat xaridlari.

Davlat xaridlari elektron shaklda amalga oshirilishi mumkin.

Xarid qilish tartib-taomillarini tashkil etish va oʻtkazish tartibi vakolatli organ tomonidan belgilanadi. 

4. OTM rahbarlari oʻzlariga “yaqin” professor-oʻqituvchilar va xodimlar nomiga pulli mukofot yozib, maʼlum qismini oʻzlashtirish holatlari;

Javob: “Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarini moddiy ragʻbatlantirish maxsus fondi toʻgʻrisida” Nizom talablariga koʻra, OTM yillik xarajatlar smetasida shtatidagi barcha professor-oʻqituvchilar va xodimlar umumiy ish haqi fondiga nisbatan 15 foiz miqdorida ragʻbatlantiruvchi toʻlovlar uchungina mablagʻ rejalashtiriladi.

Ushbu mablagʻlar hisobidan xodimlarning har oylik ish haqiga 15 foiz ustama qoʻshilsa mukofot puli uchun deyarli mablagʻ qolmaydi.

Bugungi kunda aksariyat oliy taʼlim muassasalari oylik ustama toʻlovni qisqartish hisobiga bayram munosabatlari bilan barcha shtatdagi xodimlarga mukofot pullarini berish amaliyoti shakllangan. Ushbu mukofot pullari har bir xodimga iqtisod qilinishiga qarab 100,0 ming soʻmdan 500,0 ming soʻmgacha boʻlishi mumkin. Oliy taʼlim muassasasi rektorlari oʻzlariga “yaqin” professor-oʻqituvchilar va xodimlari nomiga pulli mukofot yozib, maʼlum qismini oʻzlashtirish holatlari mantiqsiz va ishonarli emas deb hisoblaymiz. Chunki arzimagan mukofot puli olgan professor oʻqituvchi va xodimlar ushbu mablagʻni rahbariyat bilan boʻlishishi mumkin emas. Boz ustiga mablagʻlar toʻliq plastik kartalarga oʻtkazib beriladi.

5. Talabalar turar joylariga talabalarni joylashtirish hamda u yerdagi tashkiliy masalalarga talabalardan qoʻshimcha tarzda mablagʻ yigʻish jarayoni:

Javob: TTJlariga talabalarni joylashtirish yuzasidan bugungi kunda aksariyat OTMlarida alohida tartiblar joriy etilgan. Sababi, oxirgi yillarda talabalar sonining koʻpayganligi hamda TTJ boʻlgan ehtiyojning keskin oshishi bilan ifodalanadi.

OTMda har oʻquv yilining boshida talabalarni TTJ joylashtirish yuzasidan rektor yoki prorektor boshchiligida alohida komissiyalar tuziladi hamda TTJga joylashish boʻyicha murojaat qilgan talabalar belgilangan kriteriyalar asosida ajratib olinadi.

Birinchi navbatda, chin yetimlar, yetimlar, talaba-qizlar pastki kurs talabalari hamda ijtimoiy ahvoli ogʻir boʻlgan talabalar joylashtirilishi nazarda tutiladi.

Shu nuqtayi nazardan kelib chiqilsa yuqorida bildirilgan OTMning TTJ talabalardan qoʻshimcha tarzda mablagʻ yigʻish toʻgʻrisidagi fikrlar oʻrinsiz.

Umuman olganda bugungi kunda yirik oliy taʼlim muassasalarining professor-oʻqituvchilari va ishchi xodimlari soni ming nafardan oshadi. Bu degani, mingdan ortiq ziyoli jamoatchi nazoratchi degani. Hozirgi ochiq jamiyatda rahbariyatning berilgan ijara obyektlari evaziga pul olishi, mukofot pullardan manfaatdor boʻlishi, tovar qiymatliklarni barobarlarga qimmat sotib olishi, eng achinarlisi talabalar turar joyiga talabani joylashtirish uchun manfaatdorlik...

Xullas, bu yoʻnalishlardagi qonunchiligimiz bilan qayta tanishib, turli soʻrovlar oʻtkazib, holatga xolis baho berilsa, maqsadga muvofiq boʻlar edi. Muammolarga kelsak, kunlik duch kelayotganim bois keling oʻzim sizga ularni birma-bir bayon etaman, birgalikda takliflar ishlab chiqamiz. Chunki maqsadlarimiz mushtarak, yaʼni taʼlim sifati va qamrovini oshirish, davlat va jamiyatga raqobatbardosh kadrlar yetkazib berish, ustoz va muallimlar kasbiy bilim darajasini oshirish boʻlib qolishi kerak.

Abduqodir TOSHQULOV,
Termiz davlat universiteti rektori

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?