“Real“ klubi akademiyasi mutaxassislari Oʻzbekistondagi futbol akademiyalarida master-klasslar oʻtkazishadi

10:32 07 Noyabr 2018 Sport
588 0

Shu yilning iyun oyida Oʻzbekiston futbol assotsiatsiyasi va “Real Madrid“ klubi akademiyasi oʻrtasidagi kelishuvga asosan yurtimizga Real Madrid Foundation Clinic dasturi boʻyicha “Qirollik klubi”ning mutaxassislari tashrif buyurishgani haqida xabar berib oʻtgan edik.

Tashrif davomida ispaniyalik mutaxassislar ishtirokida bolalar futboli mutaxassislari uchun nazariy seminarlar tashkil qilinib, amaliy mashgʻulotlar ham oʻtkazildi. Shuningdek, “Real Madrid“ akademiyasi mutaxassislari yosh futbolchilar uchun master-klasslar ham oʻtkazishdi.

OʻFA va “Real Madrid“ klubi oʻrtasidagi hamkorlikning ikkinchi bosqichiga koʻra, shu yilning sentyabr-oktyabr oylarida yurtimizdagi bir qator iqtidorli bolajonlar Madridga safar uyushtirishdi. Ular Madridda “Real“ klubi akademiyasi, bosh jamoa mashgʻulot oʻtkazadigan maydon, Santyago Bernabeu“ stadioni bilan yaqindan tanishib, mutaxassislardan futbol sir-asrorlarini oʻrganishdi.

Endilikda “Qirollik klubi“ mutaxassislari oʻzaro hamkorlikning uchinchi bosqichi doirasida yana Oʻzbekistonga tashrif buyurishadi. Bu safar ular viloyatlardagi hududiy futbol akademiyalarida boʻlib, u yerda tarbiyalanayotgan yosh futbolchilar uchun mahorat darslarini oʻtab berishadi.

11 noyabrdan 23 noyabrga qadar Surxondaryo, Buxoro, Andijon viloyatlari hamda Qoraqalpogʻiston Respublikasida boʻlib oʻtadigan mahorat darslarida mahalliy futbolchilar va bolalar futboli mutaxassislari ishtirok etishadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?