Ravshan Ermatov nega JCHda boshqa ishlamasligi sababi ma’lum bo‘ldi

10:19 05 Iyul 2018 Sport
2336 0

O‘zbekistonlik FIFA referisi Ravshan Ermatov Jahon chempionatining so‘nggi qismidagi hakamlar ro‘yxatiga kiritilmagani haqida xabar bergandik. O‘zbekistonlik hakamning nima sababdan 17 nafar saralanganlar ro‘yxatiga kiritilmagani sabab aniq bo‘ldi.

“Xalq so‘zi Online”ga ma’lum bo‘lishicha, Ravshan Ermatovning yordamchi hakamlaridan biri sanalgan Abduhamidullo Rasulovda jarohat bo‘lgan. U Ermatov boshqargan ikki o‘yinda ham jarohati bilan ishlagan. Ikkinchi uchrashuvdan so‘ng jarohat o‘z so‘zini aytgan. FIFA hakamlar qo‘mitasi so‘nggi kunga qadar Rasulovning jarohatidan forig‘ bo‘lishini kutgan, biroq qanot hakami so‘nggi kunlarda hattoki hakamlar mashg‘ulotlarida ham ishtirok eta olmagan. Natijada Ermatov brigadasi jahon chempionatining yakunlovchi qismida ishlamaydigan bo‘ldi.

Shu boisdan ham Ermatovning mundialda ishlamasligi, uning hakamlik saviyasidan kelib chiqib emas, balki yordamchi hakamning jarohati sabab yuz bergan.

FIFA hakamlarning yakuniy ro‘yxatini e’lon qilgan bo‘lishiga qaramay, Ermatov Moskvada qoladigan bo‘ldi. Bu ham FIFAning unga bo‘lgan ishonchi so‘nmaganidan dalolat beradi.

Izoh:

Ko‘pchilikda savol tug‘ilishi mumkin: Ermatovga boshqa yordamchi hakam berish mumkin emasmidi? Yo‘q. FIFA hakamlarning doimiy brigada bo‘lib ishlash prinsipiga sodiq qoladi. Uchala hakamning bir-birini tushunishi, qalin munosabat o‘rnatganligi tashkilot uchun eng muhim masala.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?