Rasululloh maqtagan ikki soha yoxud jannatni olisdan izlamang!

23:43 20 May 2020 Jamiyat
3095 0

Baxtli, saodatli yashash, chinakam maʼmur hayot kechirish – har bir inson orzusi. Dunyoda baxtu saodatni, maʼmurchilik va farovonlikni oʻlchaydigan mezonlar koʻp, omillar bisyor. Lekin shunday neʼmatlar borki, ularsiz hayotimiz rangsiz, turmushimiz huzur-halovatsiz boʻlib qoladi.

Xoʻsh, bu neʼmatlar qaysilari?

Rasululloh sallallohu alayhi va sallam: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir”, – dedilar” (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Boshqa bir hadisi sharifda: “Kimki oʻz uyida tinchlikda, tani sogʻlom, bir kunga yetadigan taomi bor holda tong ottirsa, unga butun dunyo neʼmatlari toʻligʻicha berilgandek boʻlibdi”, – deyilgan (Imom Buxoriy rivoyatlari).

Nega hadisi sharifda har kuni, har doim muhtoj boʻladiganimiz uch neʼmat: sogʻliq, tinchlik va qut-barakaga urgʻu berildi?

Chunki bu neʼmatlar boʻlmasa, turmush izdan chiqadi, yashash qiyinlashadi. Uzoqqa bormaylik, bugungi dunyoning manzarasidan xulosa chiqarib olaylik. Birgina koʻzga koʻrinmas oʻlat barchaning halovatini oʻgʻirladi, hammaning tinchini buzdi. Shunday emasmi?

I

Bir kuni paygʻambarlarning otasi, bobomiz Ibrohim alayhissalom soʻradilar:

– Yo Parvardigori olam! Dard kimdan?

Alloh taolo:

 Mendan, – dedi.

Ibrohim alayhissalom yana soʻradilar:

– Davo kimdan?

Alloh taolo yana:

 Mendan, – dedi.

Shunda Ibrohim alayhissalom:

– Unda tabibga ne hojat? – dedilar.

Alloh taolo:

– Tabib – qoʻliga davo yuborilgan kishidir, – deb marhamat qildi.

Janobi Paygʻambarimizning aytgan muborak soʻzlaridan oladigan xulosamiz – qaysi bir dard-kasallikni Alloh taolo yuborgan boʻlsa, demak, uning shifosini ham yuborgan. Shifosi esa – tabib, shifokorlarning qoʻllarida.

Yaqin-yaqingacha ayrim nodonlar yurtimiz shifokorlariga qoʻl koʻtarishganini oynai jahon orqali koʻrib, ranjidik. Vaholonki, bugun koronavirusga chalingan yurtdoshlarimizdan (20-may holatiga koʻra) 2372 nafarining sogʻayishida shifokorlarimizning xizmati beqiyos katta ekaniga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Ikki hafta mobaynida oilasi bagʻridan ajralib, xalq xizmatiga kamarbasta boʻlgan shifokorlarimizni avvalgi maqolalarimizda zamonamiz qahramonlariga mengzagan edik.

Sharqu gʻarb olimlari tan olgan, XXI asrning nanotexnologiya zamonasida ham asarlarini butun dunyo xalqlari boshga koʻtarayotgan, jahonning oliy tibbiyot muassasalarida kitoblari hanuzgacha oʻqitib kelayotgan, Yer yuzining eng nufuzli tibbiyot akademiyalarida ilmiy ishlari oʻrganilib kelayotgan, yorugʻ olamdagi butun bir ulkan va jiddiy soha shu insonning ismlari bilan nomlangan Abu Ali ibn Sino aytadilar:

Tuzatib boʻlmaydigan dard yoʻq,

Irodasizlik bor.

Shifobaxsh boʻlmagan oʻsimlik yoʻq,

Ilmsizlik bor.

Xudoi taolo barcha maxluqotu mavjudotlarini juft-juft qilib yaratgan. Illo, Oʻzigina yakkayu yagona, yolgʻiz xolos! Hamma narsa juft-juft: quyosh-oy, yoz-qish, erkak-ayol, oq-qora, yer-osmon, jannat-doʻzax, oʻlim-hayot, savob-gunoh, kecha-kunduz va hokazo.

Demak, dardning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – davo! Har bir kasallikning ham jufti, ziddi bor ekan. Bu nima? Bu – shifo!

Modomiki, Alloh taolo har bir dardga – davo, har bir kasallikka – shifo yuboribdimi, endi sizu biz bandalarining ishi – shu davo va shifolarni izlab topish!

Imom Buxoriy va Imom Muslim asarlarida Abu Hurayra raziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisi sharifda Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Alloh qanday kasallik tushirgan boʻlsa, albatta, uning shifosini ham tushirgan“.

Ziyod ibn Alaqa raziyallohu anhu Usoma ibn Sherik raziyalloxu anhudan bunday rivoyatni keltiradi: “Men Rasulullohning huzurlarida edim. Bir aʼrobiy kelib:

– Yo, Rasululloh! Davolansak boʻladimi? – deb soʻradi.

Rasululloh alayhissalom:

– Ha, ey, Allohning bandalari! Davolaninglar! Chunki Alloh taolo qanday dardni yaratgan boʻlsa, albatta, uning shifosini ham yaratgan. Lekin bitta dardning davosi yoʻq, – dedilar.

Sahobiylar:

– U qaysi dard? – deb soʻrashdi.

Rasululloh alayhis salom:

– Qarilik, – deb javob berdilar.

Yana bir hadisi shariflarida Janobi Paygʻambarimiz Rasululloh alayhissalom aytdilar: “Har bir dardning davosi bor. Agar davo dardga yetib borsa, Alloh azza va jallaning izni bilan tuzaladi” (Imom Muslim rivoyatlari).

Paygʻambarimiz sallallohu alayhi va sallam ummatni sogʻlom jamiyat barpo etishga buyurganlar. Shu bilan birga, turli xastaliklardan saqlanishni soʻrab, Alloh taologa iltijo qilganlar. Moʻmin-musulmon kishi zamonaviy tibbiyotning imkoniyatlaridan foydalanib, Shofiy (shifo beruvchi) – Alloh taolodan turli kasalliklardan panoh soʻrashi zarur.

II

Tong sahar tinchlik-xotirjamlikda uygʻonishning oʻzi bir neʼmat emasmi?! Bobo-buvi, ota-ona, aka-uka, farzandlar – oila davrasida nonushta qilishning fayzini nima bilan taqqoslash mumkin?! Ishga, oʻqishga otlanayotganda, oila ulugʻlarining duosini olib koʻchaga chiqishning barakotini hammamiz yaxshi bilamiz.

Tinchlik-omonlikda yashash – bu jon, mol, uy-joy, or-nomus xavfsizligiga ega boʻlish demakdir. Ming-ming shukrlarki, yurtimizda bular barchasining xavfsizligi kafolatlangan.

Aslida, “Islom” soʻzi arab tilidan oʻzbek tiliga tarjima qilinganda “itoat va boʻysunish”, “ixlos va turli ofatlardan salomat boʻlish” hamda “sulh va omonlik”, “tinchlik” degan maʼnolarni bildiradi. Bu dinni Paygʻambarning oʻzlari tanlagan emaslar, balki uni Alloh taoloning Oʻzi (!) ixtiyor etgan! Islom – bu Alloh yagona deb eʼtiqod qilib, unga boʻysunmoqlik va butun qalb bilan unga ixlos qilmoqlik demakdir.

Musulmon” degan soʻzning asli, negizi, oʻzagi “islom” soʻzi. Demak, har bir inson millati, yoshi, jinsi, dini, irqi, ijtimoiy holati, turarjoyidan qatʼiy nazar, modomiki “men – alhamdulilloh, musulmonman!” deb, oʻzini musulmon hisoblasa, tinchlik uchun xizmat qilishi shart va zarur ekan! Aksincha, qiladigan ishi aytayotgan soʻziga toʻgʻri kelmas ekan! Xudoni Oʻzi hammamizni asrasin!

Qoʻshning tinch – sen tinch!”, “Yurting tinch – sen tinch!” deydi dono xalqimiz. Yurtimiz, qoʻshnimiz, oilamiz tinchligi-xotirjamligi uchun nechta odam xizmat qilmoqda? Ularning ikki-uch nafarini koʻra olsak, necha million nafarini hayolimizga ham keltira olmaymiz! Hatto tasavvur qilishga ham ojizmiz!

Dono xalqimiz “Birni koʻrib – fikr qil, birni koʻrib – shukr qil!” deb bejiz aytmagan. Televizorimiz pultining xohlagan tugmasini bosib, xohlagan telekanalga qoʻysak, dunyoning necha minglab joylarida necha yuz minglab insonlar tinchlik (!) izlab, sarson-sargardon boʻlayotganiga guvohmiz...

Har qanday aqlli odam Vatanimiz tinchligi, sarhadlarimiz daxlsizligi, fuqarolarimiz farovonligi uchun son minglab oʻzimizning aka-ukalarimiz, opa-singillarimiz, oʻgʻil-qizlarimiz xizmat qilayotganini alohida eʼtirof etadi va yuksak qadrlaydi.

Xulosa

Jannatmakon yurtimiz tinchligi, muqaddas Vatanimiz ravnaqi, dono xalqimiz salomatligi va farovonligi uchun har bir insonning qilayotgan xizmatlariga minnatdor boʻlishimiz – ham burchimiz, ham farzimiz, ham qarzimizdir!

Kunlarning birida mashhur rassom dunyodagi eng goʻzal suratni chizishga qaror qiladi va sayohatga otlanadi. Bir qishloqdan oʻtayotib nuroniy otaxonga duch keladi va yoniga borib u kishidan: “Dunyodagi eng goʻzal narsa nima?” – deb soʻraydi. Otaxon hech ikkilanmay: “IMON!” – deb javob beradi.

Soʻngra bir guzar oldidan oʻtayotib, karnay-sunay sadolarini eshitadi va toʻplanib turgan olomon oldiga borib kelindan: “Sizningcha, dunyodagi eng goʻzal narsa nima?” – deb soʻraydi.

Kelin kuyovning koʻzlariga boqib: “Dunyodagi eng goʻzal narsa – SEVGI!” – deydi.

Rassom yoʻlida davom etadi. Bepoyon dashtlar, tizma togʻlar, yastanib yotgan qir-adirlardan oʻtib, sahroda bir toʻda askarni uchratadi va ulardan birini yoniga chorlab, yuqoridagi savolni beradi.

Askar: “Dunyodagi eng goʻzal narsa bu – TINCHLIK!” – deya javob beradi.

Rassom dunyodagi eng goʻzal narsalar – imon, sevgi va tinchlik boʻlsa, bularning barchasini bir rasmda qanday ifodalayman, deya oʻylay-oʻylay uyiga qaytib keladi.

Uyiga kirishi bilan dunyoning eng goʻzal manzarasi qarshisida ekanini anglab yetadi: bolalarining maʼsum nigohlarida imon, ayolining koʻzlarida sevgi, uyida esa tinchlik hukm surar, hammalarining tanlari sogʻ-salomat edi. 

Bulardan ilhom olgan rassom dunyodagi eng goʻzal narsani chizishga kirishadi va uni “Mening uyim”, deb nomlaydi.

Biz buni yana-da kengroq tasavvur qilib, tabiiy lozim boʻlgan IMON va SEVGIdan tashqari, dunyodagi eng goʻzal narsa bu – TINCHLIK va SOGʻLIQ ekanini eʼtirof etamiz. Imon, tinchlik, salomatlik neʼmatlari jannatmakon yurtimizda, shukrki, barqaror! Demak, dunyodagi eng goʻzal diyor bu – imon, tinchlik, salomatlik barqaror boʻlgan VATAN – OʻZBEKISTONIMIZDIR!

Ustozlarimiz aytadilar: “Hayotdan kishi olmasa taʼlim, oʻrgata olmas unga hech bir muallim”. Kundalik hayotimizda nihoyatda ehtiyot boʻlishimiz lozim ekan. Yana bilib-bilmasdan Janobi Paygʻambarimiz alayhis salomning: “Ikki neʼmat borki, koʻpchilik insonlar uning qadriga yetmaydilar. Ular – sihat-salomatlik va xotirjamlikdir” degan muborak soʻzlariga qarshi boʻlib qolmaylik!

Ibrohimjon INOMOV,

Oʻzbekiston musulmonlari idorasi raisi oʻrinbosari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?