Rasul Kusherbayev: Harakatlar boshlangan, biroq Rossiyadan kech qolibmiz

11:03 30 Iyun 2020 Siyosat
451 0

d-russia.ru saytining yozishicha, Rossiya Davlat Dumasi tomonidan Duma deputatlarining deputatlik soʻrovlarini internetga ochiq holda joylashtirish boʻyicha qaror qabul qilinibdi.

Rossiya parlamenti aʼzolarining bildirishicha, amaliyotda deputatlik soʻrovini olgan masʼul davlat organlari deputatlik soʻrovidagi masalani oʻrganish jarayoni yakunida ayrim hollarda bunday soʻrovni olmaganliklarini bildirib, bahona qilisharkan.

Shu bois, bu tartibning joriy qilinishi ochiq manbada hamma uchun koʻrinib turgan soʻrovni oʻz vaqtida koʻrib chiqib, javob berishga majbur boʻlinadi, degan vaj keltirilmoqda.

Bunday qarorning qabul qilinishi davlat organlarining vakillik organlari oldidagi masʼuliyatini oshirish bilan birga deputatlik soʻrovi kiritmoqchi boʻlgan parlament vakillarini ham soʻrovda qoʻyayotgan masalalariga yana ham jiddiy yondashishga majbur qiladi. Aks holda sharmanda boʻlish hech gapmas.

Xuddi shunday tartibni Oʻzbekiston parlamenti amaliyotida joriy etish haqida ham bir necha yildan beri bot-bot aytib kelinmoqda. Va harakatlar boshlangan, biroq Rossiyadan kech qolibmiz.

Tan olish kerak: deputatlik soʻrovlariga eʼtibor masalasida Rossiya parlamenti vakillarini oʻylantirayotgan masalalar ayni vaqtda biz uchun ham ogʻriqli, desa boʻladi.

Afsuski amaliyotda ayrim idora va tashkilotlar tomonidan deputatlik soʻrovlariga umuman javob bermaslik yoki “soʻrov bizga kelmagan”, degan bahona bilan qutulish hollari uchrab turadi.

Umid qilamizki, tez orada parlamentda ochiqlikni yana-da taʼminlash doirasida Oliy Majlis deputatlarining deputatlik soʻrovlarini ham internet tarmogʻida majburiy tartibda joylashtirib borish amaliyotiga oʻtiladi. Shunda har qanday saylovchi oʻz vakilining qanday masalalar ustida ishlayotgani va nazorat vakolatlaridan qanchalik foydalanayotganini yaqinroq kuzatib borish imkoniyati oshadi.
Rasul Kusherbayev,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?