RASMIY MUNOSABAT: yurtimiz chorvaning yuqumli kasalliklaridan xoli hudud 

22:11 28 Aprel 2020 Jamiyat
555 0

Arxiv surat

Ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatimizda “ovsil” virusli kasalligi tarqalayotganligiga oid mish-mishlar tarqatilgan edi. Oʻrganishlar natijasida ushbu xabarlar asossiz ekanligi aniqlandi. Yaʼni, epizootolog, virusolog va boshqa mutaxassislar chorvachilikda “ovsil” kasalligi yoʻqligini maʼlum qilishdi.

Quyida veterinariya fanlari doktori, professor Xayit Salimovning bu xususdagi fikr va mulohazalarini eʼtiboringizga havola etamiz.

“Chorvachilikda “ovsil” kasalligi uchramaydi, — deydi professor. — Lekin jahon veterinariyasida “oqsil” degan dard qayd qilingan. Eng qizigʻi, oxirgi besh yillikda Oʻzbekiston hududida buu kasallik uchrashi ilmiy isbotlanmagan. Oqsilga oʻxshash kasalliklar uchragani bilan laboratoriya tashxisida oʻzining tasdigʻini topmagan. Koʻpincha ushbu kasallik qoramollarning kamida 4-5 xil kasalligi bilan oʻxshash holatda oʻtadi. Ularning ichida bisfulyar stomatit, gerpesga oʻxshash kasalliklar, rinotraxit bor. Shu kungacha laboratoriya tashxisida aynan oqsil kasalligi simptomlari uchramagan.

Oqsil – oʻtkir kechuvchi, oʻta tez tarqaluvchi infeksion virus boʻlib, u bilan juft tuyoqli qishloq xoʻjaligi va yovvoyi hayvonlar kasallanadi. Xalq xoʻjaligiga katta iqtisodiy zarar yetkazadi.

Kasallikni qoʻzgʻatuvchi virusning 7 xil turi: A, O, S, Sat-1, Sat-2, Sat-3, Osiyo-1 va 80 dan ziyod serovariantlari mavjud. Kasallik qoʻzgʻatuvchi virusning bir turi yoki varianti bilan kasallangan hayvon boshqa tur yoki varianti bilan kasallanishi mumkin. Oqsil virusining har bir tur va varianti oʻzining immunobiologik xususiyatlari bilan bir-biridan farq qiladi. Yurtimizda virusning A, O, Osiyo-1 turlari va ularning serovariantlari kasallik qoʻzgʻatadi. 

Hayvonlarning kasallanishi asosan boshqa oylarga qaraganda bahor oyida koʻproq kuzatiladi. Sababi hammaga ham maʼlum: hayvonlar organizmi qish davomida ancha sustlashadi, yaʼni chidamlilik (immunitet) darajasi pasayadi. Natijada kasallikka moyillik kuchayadi.

Shuning uchun Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi va uning tizim tashkilotlari tomonidan yilning bahor va kuz oylarida muntazam ravishda ushbu kasallikka qarshi kurashish va oldini olish boʻyicha ilmiy asoslangan chora-tadbirlar ishlab chiqilib amalga oshirilayotir.

“Ovsil” kasalligi keng tarqalmoqda” degan mish-mishlar esa yolgʻon. Chorvaning yuqumli kasalligi tarqalmoqda, deyish uchun, avvalo, kasallikning epizootologik manzili boʻlishi kerak. Undan keyin kasallangan mollarning qon va boshqa tahlillari diagnostik tekshiruvlardan oʻtkazilib, aniq tashxis qoʻyilishi kerak.”

Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish davlat qoʻmitasi Axborot xizmati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?