Rasmiy maʼlumot: Qashqadaryoda toʻyda 23 kishi emas, 74 kishi zaharlangan

18:29 30 Sentyabr 2018 Jamiyat
975 0
Foto: Hasan Paydoyev/“Xalq soʻzi”

Qashqadaryo viloyatining Qarshi shahrida joylashgan “Shirin niyat baraka” MCHJga qarashli “Baxtli oila” toʻyxonasida boʻlib oʻtgan toʻyda ishtirok etganlar orasida qayd etilgan “ovqatdan zaharlanishga gumon” holati yuzasidan yangi maʼlumotlar taqdim etildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati tomonidan maʼlum qilinishicha, viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasida maxsus shtab tashkil etildi, ayni paytda Respublika sanitariya-epidemiologiya nazorati markazining malakali mutaxassislari ushbu shtabga jalb etilib, amalga oshirilishi lozim boʻlgan tadbirlar belgilab olindi, bemorlarga sifatli tibbiy yordam koʻrsatish maqsadida barcha zurur dori-darmonlar zaxirasi yaratilgan.

27 sentyabr kuni boʻlib oʻtgan toʻyda ishtirok etganlar roʻyxati shakllantirilmoqda, patronaj hamshiralari yordamida uyma-uy koʻrik oʻtkazish tashkil etildi.

Yuqoridagi tashxis bilan yotqizilgan bemorlar jami soni 74 nafar (shundan 4 nafari 18 yoshgacha boʻlganlar, 10 nafar erkak va 60 nafar xotin-qizlar), shifoxonaga yotqizilganlar soni 72 nafar, uyiga javob berilganlar 2 nafarni tashkil etadi. Yotqizilgan 72 nafar bemorning ahvoli oʻrtacha yengil holatda.

Shifokor va patronaj hamshiralar tomonidan Qarshi shahridan 180 nafar toʻyda ishtirok etganlarning ahvoli oʻrganildi, 12 nafar kishining holati faol aniqlanib, kuzatuv uchun shifoxonaga olib kelindi. Tuman Tibbiyot birlashmalari yuqumli kasalliklar boʻlimlariga toʻyga aloqador holatida bemorlar murojaat etishmagan.

Tadbir boʻlib oʻtgan “Shirin Niyat Baraka” MCHJga qarashi “Baxtli oila” toʻyxonasida 30 sentyabr kuni oʻtkazilgan oʻrganishlarda quyidagilar aniqlandi:

Toʻyxona oshxonasida mahsulotlarga ishlov berish sexlari (xonalari) tashkil etilmagan. Oziq-ovqat mahsulotlarini, shu jumladan, tez buziladigangoʻsht va goʻsht, sut va sut, qandolat mahsulotlarini saqlash uchun sovutgichlar yetarli emas. Mavjud 1 ta sovutgich kamerada xom va tayyor mahsulotlar ularni saqlash qoidalariga rioya qilinmagan holda saqlanmoqda. Oshxona asbob uskunalari (stollar, taxtakachlar, pichoqlar, chelaklar, kastryulkalar va boshqalar) markirovka qilinmagan. Idish-tovoqlarni yuvish uchun sharoit yaratilmagan, ketma-ketlik qoidasiga rioya qilinmagan. Toʻyxona xodimlari tibbiy koʻrikdan oʻtmagan, sanitariya minimum oʻquv kurslarida oʻqimagan. Tekshirish vaqtida 21 nafar oshxona ishchi-xodimidan biologik namunalar hamda tashqi muhit obyektlaridan 158 ta namuna olinib, laboratoriyaga topshirildi.

Toʻy marosimiga 3 xil salat tayyorlagan Qarshi shahar, Bogʻobod mavzesi, 1/26 kottejda yashovchi fuqaro M.X.Shukurov xonadonida sanitariya nazorati oʻtkazilganda, salat tayyorlash uchun umuman sharoit yaratilmaganligi aniqlandi. Jumladan, salat tayyorlash 1 ta xonada amalga oshirilgan, xom mahsulotlarni yuvish uchun 1 ta vannadan foydalanilgan, fuqaro M.X.Shukurov tibbiy koʻrikdan oʻtmagan va ushbu faoliyat uchun tegishli ruxsatnoma olmagan. Sanitariya-epidemiyaga qarshi talablarni buzganligi uchun fuqaro M.X.Shukurovga nisbatan maʼmuriy ish qoʻzgʻatilib, eng kam ish xaqining 5 barobar miqdorida jarima solindi.

Toʻyda qatnashgan fuqarolarni uylariga borib, patronaj oʻtkazish uchun oilaviy poliklinikalardan 108 nafar va shahar DSENMdan 40 nafar mutaxassis jalb etildi. Natijada, toʻyda qatnashganlar orasida kasallik belgilari boʻlgan fuqarolardan 42 nafari faol aniqlanib, shifoxonaga yotqizildi.Uyma-uy yurib, kasallarni faol aniqlash, bemorlarni davolash va ovqatdan zaharlanish xolatlari profilaktikasi yuzasidan tadbirlar davom etmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?