Rasmiy xabar: Ijtimoiy tarmoqlarda “Navoiy viloyati Xatirchi tumanida qiz bolaga pichoq tiraganlar” nomi bilan tarqalgan videodagi holat aslida Samarqand viloyatida sodir boʻlgan

20:14 22 Avgust 2019 Jamiyat
143 0

Joriy yilning 14-avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda yuqoridagi nom bilan tarqalgan video Oʻzbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti tomonidan oʻrganildi. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Aniqlandiki, ushbu holat Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida emas, balki, Samarqand viloyatining Narpay tumanida 2019-yilning 10-iyun kuni sodir boʻlgan. Shu kuni soat 23.00larda T.S., A.Q. va Q.A.lar oʻzaro oldindan jinoiy til biriktirib, bir guruh boʻlib, Narpay tumanining Oqtosh shahri hududida U.K.ga tegishli boʻlgan “Tiko” rusumli avtomashinada G.R. bilan oʻzaro suhbatlashib oʻtirgan O.Q., U.K. va D.S.larning tanasini turli joylariga urib-tepib, ularning hayoti va sogʻligʻi uchun xavfli boʻlgan zoʻrlik ishlatib, U.K.ga tegishli boʻlgan “Samsung” rusumli uyali telefon va avtomashinaning bir juft “Sony” rusumli radiokarnayi, D.S.ga tegishli “Samsung” rusumli uyali telefon va 750 ming soʻm pul, O.Q.ga tegishli “Samsung” rusumli uyali telefoni va erkaklar kumush zanjirini qoʻlga kiritib, ushbu holatlarni O.Q.ga tegishli boʻlgan “Samsung” rusumli uyali telefonga tasvirga olib, keyinchalik ushbu tasvirlarni internet tarmogʻiga joylashtirgan.

Mazkur holat yuzasidan Narpay tumani IIB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 164-moddasi (Bosqinchilik) 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, A.Q. va uning ukasi Q.A.lar jinoyat ishida ayblanuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan. Bundan tashqari, G.R. taʼkidlab oʻtgan, uning boʻyniga O.Q., U.K. va D.S.lar pichoq tirab qoʻrqitganligi holati dastlabki tergov davrida oʻrganiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?