Rasmiy xabar: Andijon shahrida shifokorning hayotiga tajovuz qilgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi

17:04 23 Avgust 2019 Jamiyat
190 0

2019-yil 21-avgust kuni soat 10.00larda Xonobod shahar Taraqqiyot 3-tor koʻchasida yashovchi 1982-yilda tugʻilgan F.A. birga yashovchi onasi, 2-guruh nogironi, 1955-yilda tugʻilgan I.A.ni sogʻligʻi yomonlashganligi sababli, uni Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazining jarohat oqibatlari va ortopediya boʻlimiga olib kelib, onasini shu boʻlim mudirining qabuliga olib kirmoqchi boʻlgan va boʻlim mudiri bilan oʻrtalarida kelishmovchilik kelib chiqqan.

Shundan soʻng, F.A.ning bundan jahli chiqib, boʻlim mudiri qoʻllarini bogʻlab, oʻzi bilan yelim idishda olib kelgan benzin yoqilgʻisini xonaga sepib, oʻldirish bilan qoʻrqitayotgan vaqtida shu boʻlimda ishlovchi xodimlar F.A.ni ushlab qolishgan.

Mazkur holat yuzasidan Oʻzbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 112-moddasi (Oʻldirish yoki zoʻrlik ishlatish bilan qoʻrqitish) 1-qismi va 25-moddasi (Jinoyatga tayyorgarlik koʻrish va jinoyat sodir etishga suiqasd qilish),173-moddasi (Mulkni qasddan nobud qilish yoki unga zarar yetkazish) 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi IIV Jamoatchilik va ommaviy axborot vositalari bilan aloqalar boshqarmasi xabar berdi.

Avval Andijon shahrida joylashgan Andijon viloyati koʻp tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilgani haqida xabar berilgandi.

Soʻng SSV ushbu voqeaga rasmiy munosabat bildirdi(http://xs.uz/uzkr/post/andizhonda-shifokorga-suiqasd-va-benzin-sepish-voqeasi-yuzasidan-ssv-akhborot-berdi).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?