Rasmiy bayonot: Gulnora Karimovaga yangi ayblov qoʻyildi

17:43 06 Dekabr 2019 Siyosat
1304 0

Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi va Adliya vazirligi AQSH, Shveysariya, Fransiya, Rossiya Federatsiyasi va Latviya kabi xorijiy davlatlar bilan G.Karimovaning jinoiy yoʻllar orqali topgan va ushbu davlatlarning ayrimlarida jinoyat ishlari doirasida 1,3 mlrd. AQSH dollardan ortiq daromadlarini qaytarish boʻyicha hamkorlik olib borilmoqda. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati xabar berdi.

Muqaddam xabar berilganidek, mazkur hamkorlik davomida xalqaro tuzilmalar va fuqarolardan G.Karimovaning ilgari eʼlon qilingan hukmlarda nazarda tutilmagan yangi jinoyatlari toʻgʻrisida xabarlar kelib tushdi. Ushbular yangi ochilgan holatlar boʻyicha yangi jinoyat ishini qoʻzgʻatish uchun asos boʻldi.

Tergov jarayonida aniqlanishicha, G.Karimova oʻziga yaqin shaxslardan iborat boʻlgan bir necha uyushgan jinoiy guruhlarni tashkil etgan holda jinoiy uyushmani boshqarib kelgan.

G.Karimova va uning jinoiy sheriklari uyushgan jinoiy guruhlar tarkibida sodir etgan jinoyatlar uchun sud tomonidan tayinlangan jazoni oʻtab kelishmoqda.

Hozirgi kunda, tergov tomonidan G.Karimova unga respublika sanoat korxonalarida faoliyat yuritgan va juda koʻp miqdordagi jinoiy daromadlardan ulush berib kelgan yana bir uyushgan jinoiy guruhga ega boʻlganligi aniqlandi.

Bundan tashqari, G.Karimova fuqarolar va turli kompaniyalar egalariga bosim oʻtkazish va qoʻrqitish yoʻllari orqali ularning mulklarini oʻziga tegishli boʻlgan kompaniyalarga rasmiylashtirib berishga majbur qilgan.

Mazkur tergov qilinayotgan jinoyat ishi doirasida yetkazilgan zararning miqdori 165 mln. AQSH dollari va 85 mlrd. soʻmdan koʻproqni tashkil qildi.

G.Karimovaga Jinoyat kodeksining tegishli moddalarida nazarda tutilgan tovlamachilik, talon-toroj qilish, Oʻzbekiston Respublikasining manfaatlariga xilof ravishda bitimlar tuzish va jinoiy uyushmani tashkil etish bilan bogʻliq jinoyatlarini sodir etganligi boʻyicha yangi ayblov eʼlon qilindi.

Jinoyat ishlari boʻyicha Toshkent shahar Yashnobod tuman sudining ajrimi bilan G.Karimovaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Jinoyat ishi tergovi jarayonida G.Karimovaning huquqlari va qonuniy manfaatlarini oʻzi va yaqin qarindoshlari tomonidan jalb qilingan 7 nafar advokatlar himoya qilmoqda. Shuningdek, advokatlarning barcha tergov harakatlarida ishtiroki va u bilan hech qanday cheklovlarsiz holi uchrashish imkoniyati taʼminlangan.

Hozirda jinoyat ishi boʻyicha tergov harakatlari yakunlangan boʻlib, G.Karimova jinoyat ishi hujjatlari bilan advokatlar ishtirokida tanishib chiqmoqda.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?