Rasmiy axborot: Kogonda paxta yigʻim-terimida bolalar mehnatidan foydalanilmagan

18:56 04 Oktyabr 2019 Jamiyat
182 0

Illyustrativ foto

Bu haqda Buxoro viloyati hokimligi maʼlum qildi. 3-oktyabr kuni www.repost.uz sayti hamda boshqa ijtimoiy tarmoqlarda Kogon tumanidagi 15-umumiy oʻrta taʼlim maktab oʻquvchilarining paxta yigʻim-terimiga majburiy tarzda jalb etilganligi mazmunidagi maqola eʼlon qilindi.

Maqolada keltirilgan holatlarning qanchalik haqiqatga yaqinligiga oydinlik kiritish maqsadida maxsus ishchi guruhi tomonidan dastlabki oʻrganish ishlari olib borildi. Oʻrganish yakunlariga koʻra maqolada tilga olingan jihatlar uydirmadan boshqa narsa emasligi maʼlum boʻldi. Buni mutasaddilarning quyidagi fikrlari ham isbotlab turibdi.

Jamol Saidov
Jamol Saidov, Kogon tumanidagi 15-umumiy oʻrta taʼlim maktabi direktori 

Sir emas, ilgari oʻqituvchilar qishloq xoʻjaligi, ayniqsa, paxta yigʻim-terimiga keng jalb etib kelingan. Ammo soʻnggi yillarda davlat rahbariyati, viloyat hokimligining oʻqituvchilarning paxta yigʻim-terimiga jalb etilmasligi haqidagi topshiriqlari barcha ziyolilar singari bizni ham juda xursand qildi. Shundan kelib chiqib aytmoqchimanki, maktabimiz oʻquvchilarini paxta yigʻim-terimiga jalb etish boʻyicha hech qanday topshiriq olmaganmiz. Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xabar bu bizga qilingan tuhmat. Maqolada 15-maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari hatto, 1-oktyabr kuni ham paxta yigʻim terimida ishtirok etganligi aytib oʻtilgan. Vaholanki, 
1-oktyabr kuni “Oʻqituvchi va murabbiylar kuni” munosabati bilan tashkil etilgan bayram sayillarida ishtirok etdik. Biz jamoamiz bilan mutasaddi tashkilotlardan ushbu uydirmani tarqatganlarga nisbatan javobgarlik masalasini hal etishlarini soʻraymiz.

Amrillo Safarov
Amrillo Safarov, viloyat hokimligi xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi: 

Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon tumanidagi 15 - umumiy oʻrta taʼlim maktabi oʻquvchilarining paxta yigʻim-terimiga majburiy tarzda jalb etilganligi boʻyicha xabar tarqalgandan soʻng oʻzim boshchilik maxsus guruh holatni joyida oʻrgandik. Oʻrganishda maktab jamoasi va oʻquvchilarning paxta yigʻim-terimiga majburiy tarzda jalb etilganlik holati oʻz tasdigʻini topmadi. Bugun davlatimiz rahbari tomonidan xalq taʼlimi sohasida mehnat qilayotgan oʻqituvchi va murabbiylarga qaratilayotgan eʼtibordan ruhlanib, yosh avlod taʼlim tarbiyasi bilan doimiy tarzda shugʻullanyapmiz. Mana ikki yildirki butun mamlakatimizda boʻlgani kabi Buxoro viloyatida ham xalq taʼlimi tizimi xodimlari va oʻquvchi yoshlari paxta yigʻim terimi, turli hashar va obodonlashtirish ishlariga jalb etilmayapti. Xalq taʼlimi vazirligi va boshqarmamiz majburiy mehnatning har qanday koʻrinishiga mutlaqo qarshi hamda tizimda faoliyat koʻrsatayotgan pedagoglarning oʻz kasbiga aloqasi boʻlmagan turli ishlarga jalb qilinishiga yoʻl qoʻymaydi. Sohada xizmat qilayotgan fidoyi ustoz va murabbiylarning mehnatini qadrlash, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda ustoz obroʻsini oshirish yoʻlidagi ishlarini davom ettiramiz. Qonunchiligimizda belgilangan mehnat munosabatlariga oid huquqiy normalarga soʻzsiz amal qilamiz.

Bahron Qurbonov
Bahron Qurbonov, Kogon tumani xalq taʼlimi boʻlimi mudiri 

Kogon tumanida hozirda 22 ta maktabda 12 ming 63 nafar oʻgʻil-qiz tahsil olmoqda. Keyingi yillarda Prezidentimiz tomonlaridan xalq taʼlimi sohasini isloh qilish, oʻqituvchi va oʻquvchilarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash, xususan, ularni oʻqish, oʻqitishdan tashqari har qanday koʻrinishdagi yumushlarga jalb qilmaslik boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar taʼlim sifatini oshirishga xizmat qilayotganini hech bir soʻz bilan taʼriflab boʻlmaydi. Bugun ijtimoiy tarmoqlarda keng quloch yoygan tumanimizdagi 15-oʻrta umumtaʼlim maktabi oʻquvchilarining paxta yigʻim-terimiga olib chiqilganligi haqidagi yolgʻon xabar esa nafaqat Buxoro, balki butun mamlakatimiz xalq taʼlimi tizimi xodimlari shaʼniga otilgan toshdir.

Kogon tuman hokimligi: 

-Ijtimoiy tarmoqlarda Kogon tumanida maktab oʻquvchilarining dam olish va bayram kunlari paxta yigʻim-terimiga majburiy jalb etilayotganligi mazmunidagi xabarlar yuzasidan bu borada nafaqat taʼlim tizimi oʻquvchilari, balki umuman, byudjet tashkilotlari xodimlari va fuqarolarimizning bunday koʻrinishdagi mehnatga jalb qilish toʻgʻrisida biror bir koʻrinishda topshiriq berilmagan. Aksincha, barcha byudjet tashkiloti hamda mutasaddi idoralarga paxta yigʻim-terimiga majburiy jalb etilishini taqiqlash haqida yozma topshiriq berilgan.

Shu maʼlum qilinadiki, bu kabi asoslantirilmagan va haqiqiy holatga mos kelmaydigan xabar va maʼlumotlarni tarqatganlik holati yuzasidan tegishli chora koʻrish uchun prokuratura organlariga murojaat qilinadi. 

Izoh: Olib borilayotgan oʻrganish yakunlari haqida batafsil axborot beriladi. 

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?