Rasman: Oʻzbekistonda saylov kampaniyasi boshlandi. 22-dekabr esa saylov kuni deb belgilandi.

16:26 20 Sentyabr 2019 Siyosat
730 0

Ziyoda Ashurova – “Xalq soʻzi”-onlayn/ Oʻzbekiston katta siyosiy jarayon - Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi arafasida turibdi. Saylovlar mamlakatda amalga oshirilayotgan demokratik islohotlar, yaqin va olis istiqbol uchun belgilab olinadigan strategik taraqqiyotning dasturiy vazifalarini amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining Xalqaro matbuot markazida tashkil etilgan navbatdagi majlisi ana shu yirik voqeaga bagʻishlandi.

Majlisni Markaziy saylov komissiyasi raisi Mirzo- Ulugʻbek Abdusalomov olib bormoqda.

Majlisda Markaziy saylov komissiyasi 2019-yil 22-dekabrni - Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovi kuni deb belgiladi. Saylov kampaniyasi 20-sentyabrdan boshlanishi eʼlon qilindi.

Majlisda, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari va mahalliy kengashlar deputatlari saylovini oʻtkazish boʻyicha asosiy tadbirlar dasturi tasdiqlandi.

Tadbirda taraqqiyotining yangi, demokratik bosqichiga qadam qoʻygan Oʻzbekistonda yangi parlament va yangi mahalliy kengashlarni saylash uchun yangicha ruhdagi saylovlar kampaniyasi boshlanayotgani alohida taʼkidlandi.

Boʻlajak saylovlar mamlakatimizni rivojlantirishning beshta muhim ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasida oʻz ifodasini topgan ilgʻor demokratik gʻoyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi boʻladi. Jamiyatimiz hayotidan koʻppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, fikrlar rang-barangligi, ochiqlik va oshkoralik, bagʻrikenglik tamoyillari tobora mustahkam va keng oʻrin olmoqda.

Avvalo, bu yil mamlakat parlamenti va xalq deputatlari mahalliy kengashlariga saylovlar ilk bor Oʻzbekiston Respublikasining yangi Saylov kodeksi asosida oʻtadi. Saylovlarda birinchi marta beshta siyosiy partiya oʻz nomzodlarini ilgari surish huquqiga ega. Bular – “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi, Xalq demokratik partiyasi, Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – Oʻzbekiston liberal-demokratik partiyasi, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi va Oʻzbekiston Ekologik partiyasi.

Saylovlarda 20 milliondan ortiq saylovchi, shulardan ikki millondan ziyod yoshlar ilk bor, ovoz beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?