Rasman. Bosh vazir oʻrinbosari Zoyir Mirzayev vazifasidan ozod etildi

17:53 29 Oktyabr 2018 Siyosat
2829 0

Mamlakatimizda qonun ustuvorligini taʼminlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan olib borilayotgan davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biridir.

Shu bois keyingi yillarda majburiy mehnatga barham berish boʻyicha qator hujjatlar qabul qilindi, zarur chora-tadbirlar koʻrildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti 2018 yil 29 oktyabr kuni barcha darajadagi davlat hokimiyati organlari rahbarlarining majburiy mehnatning har qanday shakl va koʻrinishlariga yoʻl qoʻymaslik borasidagi javobgarligini oshirish toʻgʻrisida farmon qabul qildi.

Ushbu farmonga muvofiq, gʻalla ekish va sugʻorish ishlarini tashkil etish jarayonida jiddiy kamchiliklarga yoʻl qoʻygani bois Mirzayev Zoyir Toirovich Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xoʻjaligi, qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat mahsulotlarini qayta ishlash masalalari kompleksining rahbari lavozimidan ozod etildi.

Hujjatda Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuroriga qishloq xoʻjaligi ishlari chogʻida yoʻl qoʻyilgan qonun buzilish holatlari yuzasidan tekshirish oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vaziriga, joylardagi davlat hokimiyati organlari va xoʻjalik birlashmalari rahbarlariga majburiy mehnatning barcha shakl va koʻrinishlariga barham berishga qaratilgan chora-tadbirlarni samarali amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?