Rashid Alimov: SHHTning Birinchi Yoshlar Assambleyasi tashkil etiladi

14:45 03 Noyabr 2018 Jamiyat
452 0
Foto: “Xalq soʻzi”

Toshkent davlat sharqshunoslik institutida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti Bosh kotibi Rashid Alimov bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Unda yuqori martabali mehmon institut talabalari va professor-oʻqituvchilariga “Zamonaviy dunyoda Shanxay Hamkorlik Tashkiloti” mavzusida maʼruza oʻqidi.

Siyosiy fanlar doktori, professor Rashid Alimov oʻz maʼruzasida, SHHTning faoliyati, tarixi, rivojlanish istiqbollari, tashkilotga aʼzo mamlakatlar oldida turgan ustuvor vazifalar haqida toʻxtalib oʻtdi.

Xususan, R. Alimov fikriga koʻra, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan tashkilot doirasida ilgari surilgan 43 ta amaliy tashabbuslar muhim ahamiyatga ega.

Bosh kotib kelgusi haftada Xitoyning Dunfan shahrida SHHTning Birinchi Yoshlar Assambleyasi tashkil etilayotganligini ham mamnuniyat bilan qayd etdi. R. Alimov yangi assambleya tashkilotga aʼzo davlatlar yoshlarining oʻzaro doʻstlik aloqalarini mustahkamlashiga umid bildirdi.

R. Alimov maʼruzasida talabalarga qarata “Men siz kabi yigit-qizlarni koʻrganimda kelajagimiz ishonchli qoʻllarda ekanligiga amin boʻlaman. Oʻylaymanki, sizlar oʻzaro hamkorligimizni yanada rivojlantirishda faol ishtirok etasizlar...” deya taʼkidladi. Uchrashuvda talabalar Bosh kotibdan oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi.

Maʼlumot uchun, SHHT 2001 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda unga Xitoy, Oʻzbekiston, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Rossiya, Hindiston va Pokiston mamlakatlari aʼzo hisoblanadi. Shuningdek, 4 mamlakat kuzatuvchi, 6 mamlakat esa muloqot boʻyicha hamkor maqomiga ega. Oʻzbekiston SHHTning taʼsischi davlatlaridan biri boʻlib, mamlakatimiz tashkilot doirasida mintaqaviy barqarorlikni saqlash, iqtisodiy hamkorlik, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni mustahkamlash masalalariga alohida eʼtibor qaratib kelmoqda. 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?