Raqobat bor joyda rivojlanish boʻladi

17:59 01 Iyun 2020 Siyosat
146 0

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda davlatimiz rahbari tomonidan olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar natijasida makroiqtisodiy koʻrsatkichlarimiz barqaror oʻsib bormoqda. Jumladan, 2019-yil yakuni boʻyicha yalpi ichki mahsulot hajmi oʻtgan yilga nisbatan 5,6 foizga oʻsib, 511,8 trln.soʻmni, aholining real daromadlari 6,5 foizga oʻsib, 344,7 trln. soʻmni, tashqi savdo aylanmasi 26,2 foizga oʻsib, 42,2 mlrd. AQSH dollarini tashkil etdi.

Hozirgi sharoitda mamlakatning barqaror rivojlanishini taʼminlash, fuqarolarning turmush farovonligini oshirish, jahonda oʻzaro foydali hamkorlikni kengaytirish uchun jahon iqtisodiyotida munosib oʻrinni egallash zarur va buning uchun albatta iqtisodiyotning raqobatbardoshligini taʼminlash masalasi ustuvor ahamiyat kasb etadi.

Demak, raqobatbardoshlik muhitini himoyalash bu mamlakatda iqtisodiy jarayonlarni himoyalashning eng ahamiyatli elementlaridan biridir. Umuman olganda, raqobatbardoshlikni qoʻllab-quvvatlash yoki uning cheklanishi bilan kurashish, oʻz navbatida monopoliyaga qarshi murosasiz kurashishni aks ettiradi.

Raqobat asosiy iqtisodiy jarayonlarni tartibga solish, moddiy neʼmatlarni taqsimlash, isteʼmolchilarning manfaatlarini qanoatlantirishning oqilona vositasidir. Raqobat zarur darajada oʻzini-oʻzi tartibga solishga qodir emas. Shu sababli bozor oqilona faoliyat koʻrsatishi uchun raqobat sharoitlarida mavjud munosabatlarni maxsus qonun bilan tartibga solishni talab etadi. Raqobat hamma uchun, hamma joyda kerakdir.

Bizga maʼlumki, raqobat boʻlmasa, intilish, rivojlanish boʻlmaydi. Raqobat iqtisodiy faoliyat ishtirokchilarining oʻz manfaatlarini toʻlaroq yuzaga chiqarish, yaʼni yaxshi daromad topish, oʻz mavqeini mustahkamlash, oʻz qobiliyatini namoyon etish uchun boshqalar bilan kurashishdir.

Odatda rivojlangan davlatlarda tovarlarni muayyan tartibda va shaklda realizatsiya qilishning hech qanday talabi mavjud emas. Nimani, qayerda, kimdan va qanday bahoda sotib olishni faqat isteʼmolchi oʻzining xohishi va toʻlovga qobiliyatliligiga qarab oʻzi belgilaydi. Raqobat rivojlangan sari odamlarning turmush darajasi yaxshilanib boradi, raqobatning yoʻq qilinishi esa iqtisodiyotni inqirozga hamda odamlarning turmush darajasining tushib ketishiga olib keladi. Faqatgina raqobat vositasida narxi arzon va sifati yuqori boʻlgan tovarlar ishlab chiqiladi hamda realizatsiya qilinadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev raisligida joriy yilning 28-may kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishda iqtisodiyotda raqobat muhitini taʼminlash va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalarga eʼtibor qaratildi.

Endi asosiy eʼtiborni narxlarni belgilashga emas, balki korxonalar oʻrtasida sogʻlom raqobatni taʼminlash orqali, narxlarni pasaytirishga va sifatni oshirishga qaratishimiz kerak. Xalqaro tajribani oʻrganib, raqobatni olib kirish mumkin boʻlgan monopoliya sohalariga xususiy sektor uchun yoʻl ochish va shu orqali raqobat muhitini shakllantirish lozim. Bu borada tabiiy monopoliya va raqobat toʻgʻrisidagi qonunlarni yangilash hamda Iqtisodiyotda raqobat muhitini shakllantirish strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Endilikda, davlat ishtirokidagi korxonalarda monopoliyaga qarshi komplayens tizimini joriy etish, Jahon banki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan barcha rahbarlarni raqobat asoslari va komplayens boʻyicha oʻqitish tizimi yaratiladi.

Hozirgi kunda Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasi huzuridagi Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish agentligining vakolatlarini kengaytirish davr talabidir.

Taʼkidlash joiz, Prezidentimiz raisligida oʻtgan yigʻilishda Oʻzbekiston Respublikasi Monopoliyaga qarshi kurashish qoʻmitasining faoliyati tanqid qilindi. Qoʻmitaning asosiy vazifasi boʻlgan tovar va moliya bozorlarida raqobat muhiti holatini tizimli tahlil qilish, xoʻjalik yurituvchi subyektlarning ustun mavqeini suiisteʼmol qilishi, “kartel” kelishuvlari va til biriktirish, insofsiz raqobatni aniqlash va ularga chek qoʻyish, qonun hujjatlarining raqobatga taʼsirini baholash, davlat organlarining raqobatni cheklovchi qarorlar qabul qilishiga va shunday harakatlarni amalga oshirishiga yoʻl qoʻymaslik borasida amalda faollik koʻrsatmay, faqatgina qogʻozlarda bajarilayotganligini hisobga olib, qoʻmita faoliyatini tubdan takomillashtirishga doir qaror loyihasi tayyorlash vazifasi qoʻyildi.

Bir soʻz bilan aytganda ichki bozorda raqobat muhitini taʼminlash, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning raqobatdoshligini oshirish mamlakatning barqaror rivojlanishida, fuqarolarning turmush farovonligini oshirishda muhim omil boʻladi.

Farhod ZAYNIYEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?