Raqobat boʻlmasa, monopoliya ildiz otaveradi

11:19 20 Avgust 2020 Siyosat
196 0

Ayonki, har bir sohada sogʻlom raqobatga amal qilinishi natijadorlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Demak, oʻz-oʻzidan savol tugʻilishi tabiiy: mabodo, sogʻlom raqobat yoʻqolganda nima boʻladi? Nosogʻlom raqobat muhitida bir korxona imtiyozlarga ega boʻlib, ikkinchi turdosh mahsulot ishlab chiqaruvchi korxonada ushbu imtiyozlar boʻlmasligi (mayda va yangi ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilmayapti) ushbu korxonani tanazzulga yetaklaydi. Yoki davlatning qaysidir korxonani monopollashtirishi boshqa korxonalar uchun bozorda oʻrin qoldirmasligi bilan ifodalanadi.

Raqobat boʻlmasligi korxonalar monopoliyasini taʼminlaydi. Shu bilan birga, monopol korxonalarning oʻz ustida ishlamasligi, yangilik va innovatsiyalarni qoʻllamasligi, narxlarning oshirilishi, mahsulot sifatining esa tushirilishi, sunʼiy taqchillik yuzaga keltirilishi, xaridorlar uchun qulayliklar yaratilmasligi, eng asosiysi, korrupsiyaga moyillikni olib keladi.

Hozirgi globallashayotgan dunyoda raqobatga dosh berish juda ogʻir. Chunki bunda resurslar narxining turliligi hisobiga narx va sifat nomuvofiqligini keltirib chiqaradi. Ayrim davlatlar oʻzining yuqori malakali va iqtidorli kadrlari bilan raqobat sharoitida ustun boʻlsa, baʼzi davlatlarda bu omilning narxi pastligi hisobiga ustunlikka erishadi. Va yana mehnat resurslarining, soliqlar va yigʻimlar, energiya materiallari narxi pastligi hisobidan raqobat muhitida ustuvor imtiyozlarga ega boʻladi.

Nosogʻlom raqobatni yaratuvchi asosiy omillardan biri, bu — demping narxlardir. Bunda siyosatni koʻproq yirik korxonalar yoki rivojlangan davlatlar oʻz ishlab chiqaruvchilari uchun imtiyoz va subsidiyalar qoʻllash orqali amalga oshiradi va raqobatchilarini tiklanmas darajada sindiradi va oʻz monopoliyasini oʻrnatishga harakat qiladi.

Xoʻsh, bizda bu kuzatilmoqdami? Albatta, misol uchun, Toshkentda lift ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan zavodni olaylik. Oʻzimizda “YUMA LIFT” markasi ostida ishlab chiqarilayotgan liftlarning xorijdan keltirilgan liftlardan narx jihatidan qimmatligi (biroq sifat va servis jihatidan raqobatga kirisha oladi) faoliyatni boshlashi bilanoq zararga oʻtishiga olib kelmoqda.

Holbuki, korxona mahalliylashtirish darajasining 70 foizdan yuqoriligi ham raqobatga bardoshlilikni taʼminlamayapti. Korxona oʻz faoliyati davomida 1500 ta lift ishlab chiqarib, 31 million AQSH dollaridan ziyod (ekvivalent) miqdorda sotishga muvaffaq boʻldi. Butlovchi qismlar uchun 15 million AQSH dollaridan ortiq qiymatdagi import materiallari olib keltirildi. Shundan 2 million AQSH dollaridan ortiq mablagʻ soliq va boshqa badallar uchun sarflangan. Bu sotish qiymatining 7 foizini tashkil etadi. 2019-yilda soliq siyosatining oʻzgarishi va umum belgilangan soliqlarga oʻtilishi tufayli bu koʻrsatkich QQS bilan 29 foizni tashkil etdi.

Korxona marketologlari tahlil oʻtkazganda, asosiy raqobatchilar Xitoy korxonalari ekanligi, mamlakat hukumati tovarlar eksport qiluvchilarni qoʻllab-quvvatlash maqsadida mahsulot turiga qarab QQS qaytarishdan tashqari eksport summasining 5 dan 17 foiz miqdorida subsidiya berib, ularni ragʻbatlantiradi. Elevator uskunalari uchun subsidiya miqdori 13 foiz. Demak, Xitoyda arzon xom ashyo mavjudligi, rivojlangan infratuzilma va axborot texnologiyalari sanoati, kuchli hamkorlik, ishlab chiqarish katta hajmi (yirik ichki bozor-isteʼmolchilar), ularning mahsulotlari narxi har doim (13 foiz ustunlik bilan) arzon boʻladi.

Xitoyda aholini ish bilan taʼminlash, tegishli soliqlarni yigʻish va maʼlum texnologiyalarni (juda muhim) ishlab chiqarish katta hajmidan, hatto subsidiyalar bilan ham foyda koʻradi. Bundan tashqari, katta ishlab chiqarish hajmi xarajatlarni kamaytirishga yordam beradi. Bunday sharoitda mahalliy ishlab chiqaruvchilar Xitoy ishlab chiqaruvchilari bilan davlat darajasida qoʻllab-quvvatlanmasdan raqobatlashishi juda qiyin.

Oʻzbekiston Respublikasi bojxona qonunchiligi tahlil etilganda, bojxona toʻlovi stavkasi xorijdan keltirilgan tayyor lift uchun atigi

5 foizni tashkil etishi aniqlandi.

Davlat oʻz ishlab chiqaruvchilarini himoya qilish uchun bojxona tariflarini mahalliy mahsulotlarining muqobillari importi uchun oshiradi. Natijada mahalliy korxonalar oʻzining raqobatdoshligini oshirib oladi, ammo isteʼmolchi yuqori narxda mahsulot sotib olishga majbur boʻlib qoladi.

Shuning uchun bunday vaziyatda davlat subsidiyalar va imtiyozlar orqali mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qoʻllasagina narxlarni tushirish imkoniyatiga ega (isteʼmolchilar esa arzon narxlardan bahramand) boʻladi.

Milliy mahsulotni sotib olish koʻp jihatdan vatanparvarlikka ham bogʻliq. Mahalliy ishlab chiqaruvchilarda ham vatanparvarlik boʻlmogʻi lozim. Negaki, ular ham isteʼmolchilarga vatandosh va yurtdoshlik nuqtayi nazari bilan qarashi va oʻzlariga nimani loyiq koʻrsa, boshqalarga ham shuni ravo koʻrishi kerak. Bizda koʻpincha korxonalar tomonidan imtiyozlar faqatgina koʻproq foyda olish maqsadida foydalaniladi. Isteʼmolchi manfaatlari ikkinchi darajaga tushib qolaveradi.

Xullas, raqobatni qoʻllab-quvvatlash har tomonlama rivojlanishning asosiy omili boʻlib qolaveradi. Tashqi bozor bilan bellashishda sogʻlom raqobatga kirishish va davlat qoʻllab-quvvatlovi juda zarur. Bu faqatgina bojxona stavkalarini oshirish bilangina ifodalanmasligi kerak.

Bekmirza ESHMIRZAYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?