“Raqib himoyachisini telefon budkasida ham alday olishga qodir futbolchi” deya taʼrif berilgan oʻyinchi Oʻzbekistonda tugʻilgandi

09:49 23 Sentyabr 2020 Sport
429 0

Ikkinchi jahon urushidan keyin dunyo xaritasida katta oʻzgarishlar yuz berdi. Yevropada ikkita siyosiy tuzum oʻrtasida baʼzan oshkora, baʼzan xufyona kurash bordi. Bu kurash Gretsiyani ham chetlab oʻtmadi. Mamlakatda fuqarolik urushi roʻy berdi. Yakunda soslager tarafdorlari yengilishdi. Oʻsha paytda koʻplab oilalar Vengriya, Chexoslovakiya, Polsha, Bolgariya, SSSR kabi davlatlardan boshpana topishdi. Jumladan, 20 ming atrofida grek fuqarosini Oʻzbekiston oʻz bagʻriga oldi. Vasilis Xadzipanagis ana shu grek oilalaridan birida 1954-yilda Toshkentda tugʻildi.

— Bolaligim ajoyib kechgan, — deya eslaydi keyinchalik u jurnalistlarga bergan intervyusida.  — Ota-onam bilan panel uyda yashardim, mahalliy taomlar — palov, kabobni maza qilib yerdim. ”Paxtakor”ga qabul qilinganimda 17 yoshda edim. Bu yerda yaxshigina haq toʻlashardi. Klub menga «Jiguli» avtomashinasi, uy berdi.

Mamlakat yoshlar terma jamoasiga chaqirilgan Vasilisni Moskvaning SSKA klubi safiga qoʻshmoqchi boʻlishadi. Ammo oʻzining taʼkidlashicha, respublikaning oʻsha paytdagi rahbari Sharof Rashidov “Paxtakor”ning iqtidorli futbolchilarini, jumladan, Xadzipanagisni ham jamoada olib qolish uchun qaygʻurgan.

 —Sobiq Ittifoqda toʻrt mavsum davomida yuqori darajada toʻp surdim, — deya davom etadi qahramonimiz. — “Paxtakor”ga meni Vyacheslav Solovyev chaqirgan edi. U otamga “Agar oʻgʻling SSSR fuqaroligini qabul qilmasa, shunday katta iqtidor egasi izsiz yoʻqolib ketadi”, degan ekan. Koʻp oʻtmay menga fuqarolikni berishdi. Mamlakat olimpiya terma jamoasida Konstantin Beskov, “Paxtakor”da Gavriil Kachalin kabi tajribali murabbiylar ishlashardi. Ulardan koʻp narsani oʻrgandim.Kachalin mamlakat olimpiya terma jamoasi bilan 1956-yilgi Olimpiadada, 1960-yilgi Yevropa chempionatida gʻolib chiqqan edi. ”Paxtakor” bilan Kiyevning “Dinamo”sini 5:0 hisobida yengganimizdan keyin, u oldimga kelib “Sen jahon darajasidagi oʻyinchisan” degandi. Meni esa Gretsiyaga ketish oʻy- xayoli chulgʻab olgandi. Agar qolganimda yigitlar bilan Monreal olimpiadasiga borib bronza medalini qoʻlga kiritgan boʻlardim.

Oʻshanda qahramonimizga yoshligi pand bergan chogʻi Gretsiyaning peshqadam jamoalaridan biri emas, oʻrtamiyona «Iraklis» klubi bilan shartnoma tuzadi. Bu jamoa ishtirokidagi oʻyinlarda u paytda stadionga atigi 2-3 ming tomoshabin tushardi. Xadzipanagis kelgach, bu koʻrsatgich 15-16 ming nafarga yetadi. Boz ustiga jamoa finalda «Olimpiakos»ni magʻlub etib, Gretsiya kubogini qoʻlga kiritdi.

 —Shundan keyin ham Toshkentga tez-tez borib turardim, — deydi Xadzipanagis. — Meni u yerda juda yaxshi koʻrishardi. Borganimda 1979-yilgi aviafalokat oqibatida halok boʻlgan doʻstlarim mangu qoʻnim topgan qabristonni ziyorat qilardim. Volodya Fyodorov, Misha An... Eslasam, hali- hanuz allanechuk boʻlib ketaman.

1977-yilda Xadzipanagis oyogʻidan jarohat oladi. Uni”Arsenal” va Angliya terma jamoasi fizioterapevti Stritning oldiga Londonga joʻnatishadi. Qahramonimiz bilan bir oy davomida muolaja ishlarini olib borgan Strit “Arsenal” murabbiyiga uni jamoaga olish kerakligini aytadi. Ammo «Iraklis» klubi rahbariyati “U bizga tegishli” deb rozilik bermaydi.”Shtutgart”, “Portu”, “Latsio” klublaridan tushgan takliflarga ham shunday javob beriladi.”Iraklis” klubi u bilan shunday shartnoma tuzgandiki, hujjatga koʻra, klub kelishuv muddatini oʻz xohishicha choʻzishi mumkin edi. Grek klubi anoyi emasdi, albatta. Agar Xadzipanagis «Iraklis»dan ketsa, klub moʻmay daromaddan mahrum boʻlardi. Negaki, aksariyat muxlislar shu futbolchining maydondagi boshqalarga oʻxshamaydigan hayratomuz harakatlaridan, fintlaridan, chiroyli gollaridan bahra olish uchun kelishardi. Yevropadagi futbol nashrlardan biri «Xadzipanagis hatto telefon budkasida ham raqib himoyachisini alday olishga qodir», deya yozgani bejiz emasdi. Buni oʻsha kezlarda yoppasiga “Paxtakor”ga muxlislik qilgan, hozirda yoshlari anchaga borib qolgan oʻzbekistonlik futbol muxlislari ham yaxshi bilishadi. U burchak zarbasini yoʻllab raqib darvozasini ishgʻol eta bilgan dunyodagi sanoqli futbolchilardan sanaladi. Rasmiy uchrashuvlarida uning hisobida xuddi shunday 6 ta gol bor. Darvozaning shundoq roʻparasida turib toʻpni osmonu falakka yoʻllaydigan hozirgi ayrim futbolchilar buni bilib qoʻyishsa ziyon qilmasdi. Xadzipanagisning aldamchi harakatlari kishiga bir dunyo zavqu shavq ulashardi. Uni hatto ayrim mutaxassislar dunyo tan olgan Maradonayu Messiga qiyoslashadi. Faqat farqi shundaki, Xadzipanagis oʻz iqtidorini toʻliq yuzaga chiqarish imkoniga ega boʻlmadi. Yuqorida taʼkidlaganimizdek, «Iraklis» uni boshqa nomdor jamoalarga qoʻyib yubormadi. Gretsiya terma jamoasida esa bir uchrashuvda maydonga tushgan zahoti UYEFA taqiqiga uchradi. Negaki, u “Paxtakor” safida oʻynab yurgan kezlarida sobiq ittifoq terma jamoasiga jalb etilgandi. Shu boisdan endi ikkinchi bir mamlakat milliy terma jamoasida oʻynash huquqiga ega emasdi.

Xadzipanagis katta futbol bilan xayrlashgach, bolalar futbol maktabi ochdi. Biroq bu boradagi ishlari yurishmadi. Futbol agenti boʻlmoqchi edi. Ammo bu niyatdan ham voz kechishiga toʻgʻri keldi. Hozir Gretsiya futbol klublari uchun yosh iqtidor egalarini topib berish bilan mashgʻul. Oʻzi eʼtirof etganidek, eng muhimi, sogʻ-salomat. Darvoqe, u bir paytlar toʻp surgan «Iraklis» klubi hozir qarzga botib, hech kimga keraksiz boʻlib qolgan.Jamoa mamlakat toʻrtinchi ligasida oʻynaydi.

Soʻzimiz yakunida esa Xadzipanagisning buyuk futbolchi ekaniga oid yana ikki dalilga eʼtiborni qaratmoqchimiz. 2003-yilda Gretsiya futbol federatsiyasi uni mamlakatning soʻnggi 50 yil ichidagi eng kuchli futbolchisi deya tan oldi. Toshkentda tugʻilib oʻsgan bu futbolchi 20 yoshdaligida sobiq SSSR olimpiya terma jamoasida toʻp surgan va dastlabki oʻyinidayoq yugoslavlar darvozasini ishgʻol etgandi. Oradan toʻqqiz yil oʻtib Vasilis Xadzipanagis tarkibida Kigan, Bekkenbauer va Mario Kempesdek afsonaviy futbolchilar boʻlgan jahon terma jamoasi safida maydonga tushdi. Ayrim manbalarda aytilishicha, u AQSHda tashkillashtirilgan ushbu xayriya uchrashuvida Toshkentning “Paxtakor” jamoasi vakili sifatida toʻp surgan. Tushgan mablagʻ Afrikadagi och-yalangʻoch bolalar uchun sarflangan. Darvoqe, oʻshanda Amerikada istiqomat qiluvchi grek muhojirlarining 15 ming nafari Xadzipanagisning oʻyinini koʻrgani atayin stadionga kelishgan va butun uchrashuv davomida shu futbolchining nomini joʻrovoz boʻlib aytib turishgan.

Istam IBROHIMOV tayyorladi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?