“Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishdagi vazifalar muhokama qilindi

16:10 16 Oktyabr 2020 Jamiyat
171 0

OʼzLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qoʻmitasi tomonidan “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirishda ijro organlari bilan Parlament va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining hamkorligi” mavzuida ochiq muloqot tashkil etildi.

“OʼzLiDeP Press Klubi”ning navbatdagi ochiq muloqotida Prezidentimizning joriy yil 5-oktyabrdagi “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Farmonida belgilab berilgan ustuvor vazifalar ijrosini taʼminlash masalalariga eʼtibor qaratildi.

Taʼkidlash joizki, Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasining saylovoldi dasturida “Yangi Oʻzbekiston: “raqamli” va axborot jamiyatiga ega mamlakat”, degan gʻoya ilgari surilgan. Partiya hozirgi axborot jamiyati shakllanishi sharoitida axborot va bilimlar taraqqiyotning strategik omiliga aylangan bir davrda mamlakat rivojlanishi va uning raqobatbardoshligini taʼminlash zamonaviy axborot-kommunikatsiya va “raqamli” texnologiyalarni jamiyat va davlat hayotining barcha jabhalariga qanchalik joriy etilishi bilan bogʻliqligini eʼtirof etib, ushbu yoʻnalishda kompleks chora-tadbirlarni amalga oshirishni taklif etgan edi.

Xususan, partiya “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” dasturini joriy etish, “aqlli”, “xavfsiz” shahar, “Internet buyumlar” texnologiyalarini keng joriy qilish, telekommunikatsiya infratuzilmasini yana-da rivojlantirish, ushbu asosda mamlakat YAIMning 30 foizga oʻsishi hamda “raqamli iqtisodiyotga tayyorlik” va “AKT rivojlanishi” xalqaro indekslari boʻyicha ilgʻor davlatlar qatoriga kirishni taʼminlashni ustuvor vazifa deb biladi.

Davlatimiz rahbarining mazkur Farmonida belgilangan ustuvor vazifalar ham partiya gʻoyalariga hamohangligi bilan gʻoyat ahamiyatlidir.

“Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha va davlat boshqaruvi tizimining jadal raqamli rivojlanishini taʼminlash, shu jumladan elektron davlat xizmatlarini koʻrsatish mexanizmlarini yana-da takomillashtirish maqsadida ishlab chiqilgan. Mazkur Strategiya Oʻzbekiston Respublikasining raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni rivojlantirishning strategik maqsadlari, ustuvor yoʻnalishlari hamda oʻrta va uzoq muddatli istiqbolli vazifalarini belgilaydi, shuningdek, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va Elektron hukumatni rivojlantirish reytingida belgilangan ustuvor vazifalardan kelib chiqib, raqamli texnologiyalarni yana-da keng joriy etish uchun asos boʻlib xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq, “Raqamli Oʻzbekiston – 2030” strategiyasi tasdiqlanib, birgina 2020-2022-yillarda hudud va tarmoqlarni raqamli transformatsiya qilish doirasida aholi punktlarini internet tarmogʻiga ulash darajasi, jumladan, keng polosali ulanish portlarini 2,5 milliongacha koʻpaytirish, 20 ming kilometr optik tolali aloqa liniyalarini qurish va mobil aloqa tarmoqlarini rivojlantirish orqali 78 foizdan 95 foizga yetkazish koʻzda tutilmoqda.

Shu bilan birga, Iqtisodiyotning real sektorida raqamli texnologiyalarni rivojlantirish borasida qator vazifalar belgilab olingan. Xususan, sanoat korxonalarida zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy qilish dasturlarini ushbu korxonalarni texnologik qayta jihozlash dasturlari bilan uygʻunlashtirish, korxona taʼminotining barcha bosqichlarini avtomatlashtirish va boshqarishni taʼminlash, shuningdek, bu orqali logistika va xarid xarajatlarini qisqartirish; zamonaviy axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni joriy etish hisobiga mahsulotlar va xizmatlar sifatini yaxshilash, ularning tannarxini, ishlab chiqarishdagi toʻxtalishlarni kamaytirish, moliyaviy-iqtisodiy faoliyatning shaffofligini oshirish masalalari qamrab olindi.

Eng muhimi barcha sohalar qatori raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishda ham koʻplab yoʻnalishlarni oʻz ichiga qamrab olgan boʻlib, tadbirkorlik subyektlari, qishloq xoʻjaligi va tomorqa xoʻjaliklari, klasterlar faoliyatini rivojlantirishga qaratilgan aniq vazifalar belgilab olingan.

Ochiq muloqotda Farmon bilan tasdiqlangan strategiya, dastur, yoʻl xarita va vazifalarni soʻzsiz ijrosini taʼminlash masalalarini bir qator vazirlik va tashkilotlar, soha vakillari, jamoatchilik va ijro organlari bilan maslahatlashuv shaklida muhokama qilishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?