Raqamlashtirish — korrupsion holatlarning oldini oladi

12:14 12 Avgust 2020 Siyosat
362 0

Koronavirus pandemiyasi davri aholining ehtiyojmand qismini qisqa muddatlarda aniqlash va ularni davlat tomonidan manzilli qoʻllab-quvvatlashning shaffof va samarali mexanizmlari boʻlishini taqozo etmoqda. Bunda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimiga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish, aholining ijtimoiy jihatdan zaif qatlamlariga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishning yagona tizimini yaratish dolzarblik kasb etadi.

Davlatimiz rahbarining 2020-yil 4-avgustdagi “Aholiga davlat ijtimoiy xizmatlari va yordam taqdim etish tartib-taomillarini avtomatlashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori sohadagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Qarorga muvofiq, 2020-yilning 1-sentyabridan ijtimoiy nafaqalarni tayinlash toʻgʻrisidagi arizalarni koʻrib chiqish va ularni tayinlash tartib-taomillari bosqichma-bosqich “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi vositasida amalga oshiriladi. Xususan, sentyabr oyidan mazkur axborot tizimi Andijon, Fargʻona va Namangan viloyatlarida, oktyabr oyidan Buxoro, Navoiy, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, noyabr oyidan Xorazm, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida hamda dekabr oyidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent viloyati va Toshkent shahrida joriy etiladi. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi 2019-yil 1-oktyabridan buyon tajriba loyiha tariqasida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilmoqda.

“Ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimini respublika boʻylab joriy etish uchun kompyuter uskunalari va periferiya qurilmalarini sotib olish Jahon banki imtiyozli krediti hisobiga amalga oshiriladi va mazkur axborot tizimining egasi va foydalanuvchisi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hisoblanadi.

Davlat ijtimoiy xizmatlari yoki yordamini taqdim etish doirasida davlat organlari va tashkilotlarining idoralararo elektron hamkorligi “Elektron hukumat” tizimi idoralararo integratsion platformasi orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, 2021-yilning 1-yanvaridan boshlab davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etishda davlat organlari va tashkilotlari tomonidan quyidagi 11 turdagi hujjatlar va maʼlumotlar fuqarolardan talab etilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:

— doimiy yashash uchun roʻyxatdan oʻtganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma;

— oila tarkibi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, bolalar soni va ularning yoshi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma, tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, vafot etganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, turmush qurganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma, ajrashganlik toʻgʻrisidagi guvohnoma;

— avtotransport vositasi mavjudligi va uning texnik holati toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;

— oilaning (oila aʼzolarning) rasmiy daromadlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;

— koʻchmas mulkning mavjudligi, koʻchmas mulk hajmi, foydalanuvda boʻlgan yerning boniteti toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;

— ish qidiruvchi, ishsiz, jamoat ishlari bilan bandlik maqomi berilganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;

— pensiya va nafaqa koʻrinishidagi daromadlari, 1- va 2- guruh nogironligi boʻlgan shaxslar ekanligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnoma;

— mehnat faoliyati bilan vaqtincha shugʻullanish imkoniyatini bermaydigan kasallikning mavjudligi, nogironlik guruhining mavjudligi, doimiy parvarishga muhtoj oila aʼzosining mavjudligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;

— bank plastik kartasining mavjudligi, toʻlovlar va vedomostlarni yuborish, toʻlangan mablagʻlar toʻgʻrisidagi hisobotlar, oila aʼzolariga kelib tushgan pul oʻtkazmalari, bank plastik kartasi qoldiqlari toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;

— oila aʼzolarining qimmatli qogʻozlar bilan amalga oshirgan operatsiyalari, dividendlar olinganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar;

— talabalar safida mavjudligi, stipendiya miqdori, oʻqish shakli (kunduzgi, sirtqi), oʻqish turi (davlat granti, toʻlov kontrakt) toʻgʻrisidagi maʼlumotnomalar.

Shuni alohida taʼkidlash joizki, “ijtimoiy himoya yagona reyestri” axborot tizimi orqali kam taʼminlangan deb eʼtirof etilganlik toʻgʻrisida maʼlumotnoma yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali taqdim etiladi va 12 oy davomida amal qiladi.

Bunday shaxslar yoki oilalar qoʻshimcha hujjatlar va maʼlumotnomalarni taqdim etmasdan quyidagi xizmatlar va imtiyozlarni olishi mumkin boʻladi:

— davlat maktabgacha taʼlim muassasalarida ota-onalar toʻlovidan ozod etish;

— maktabgacha taʼlim muassasalarida oʻrnatilgan miqdorlarda ota-onalar toʻlovini toʻlash;

— umumiy oʻrta taʼlim maktablarida darsliklar ijara toʻlovlaridan ozod etish;

— umumiy oʻrta taʼlim maktablari oʻquvchilari uchun qishki kiyim-bosh berish;

— ayrim fanlarni oʻqitishga ixtisoslashtirilgan umumiy oʻrta maktablar oʻquvchilarini ovqatlanish xarajatlaridan ozod etish;

— sanʼat, musiqa maktablari, “Barkamol avlod” markazlari va boshqa maktabdan tashqari taʼlim muassasalarida oʻqish xarajatlaridan ozod etish;

— kam taʼminlangan oilalarning nogiron aʼzolarini protez-ortopediya buyumlari bilan taʼminlash;

— ixtisoslashtirilgan tibbiyot muassasalarida bepul maxsus (ambulator yoki kunduzgi) tibbiy yordam koʻrsatish boʻyicha yoʻllanma (order) olish.

Bir soʻz bilan aytganda , idoralararo elektron hamkorlikni qoʻllash vositasida oʻzaro hujjat almashish jarayonini avtomatlashtirish orqali davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish uchun zarur boʻlgan maʼlumotnoma va tasdiqlovchi hujjatlar soni tubdan qisqaradi. Belgilangan mezonlarga muvofiq, kam taʼminlangan oilalarning ehtiyojmandlik darajasini obyektiv baholash, davlat ijtimoiy xizmatlari va yordamini taqdim etish jarayonlarini avtomatlashtirish orqali qarorlarni qabul qilishda subyektiv yondashuv bartaraf etiladi, bu oʻz navbatida tizimda korrupsion holatlarning oldini oladi.

Zafar XUDAYBERDIYEV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot 

texnologiyalari masalalari qoʻmitasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?